“Mabodo koʻrmay qolgan boʻlsangiz”: Oʻzbekcha YouTube hafta ichida
Oxirgi paytlarda YouTube’ning o‘zbek segmenti ham ancha faollashdi, kontentlar ko‘paydi. Hozir videolar shu darajaga yetdiki, ko‘rib tugatib bo‘lmaydi, hatto sifatli va mazmunlilarini ham. Hafta davomida e’lon qilingan materiallarni foydalanuvchilar keyinroq ko‘rish uchun o‘tkazib yuboradi, lekin u videoni keyinchalik eslamasligi ham mumkin. Shu munosabat bilan Afisha.uz har hafta oxirida YouTube‘da e’lon qilingan o‘zbekcha kontentlarni bir joyga to‘plab, “Mabodo ko‘rmay qolgan bo‘lsangiz” rukni ostida e’lon qilib boradi.
Koʻngilochar kontentlar
“Kulgilektual shou #24 Nodir Hayitov, Feruz Muhammad, Ozod, Mirshakar va Nozim Safari”
Kulgilektual shou — kulgili va intellektual shou. Unda ishtirokchilar boshlovchi Nozim Safarining qiziqarli va mantiqiy savollariga to‘g‘ri yoki kulgili javob berishi kerak. Toʻgʻri javob uchun 2 ball kulgili javob uchun 1 ball beriladi. O‘yin davomida faol bo‘lib eng ko‘p ball to‘plagan ishtrokchi esa pul mukofotiga ega bo‘ladi.
Ko‘rsatuvning bu safargi mehmonlari: qiziqchi Nodir Hayitov, jurnalist Feruz Muhammad hamda stendap komiklar Ozod Shukurulloyev va Mirshkar Fayzulloyev.
“Kinodagi mashxur memlar tarixi | Ular qanday paydo boʻlgan?”
iTv ijodkorlari internetdagi mashhur memlar va ularning kelib chiqish tarixi haqida video tayyorlagan.
Oʻzimizning mahsulot: “Botir Qodirov 2024-yilgi konsertiga qanday tayyorlanyapti?”
Taniqli xonanda Botir Qodirov 25−30-aprel kunlari “Xalqlar doʻstligi” san’at saroyida yakkaxon konsertini taqdim etmoqda. Ayni paytda jonli ijrodagi dasturiga jiddiy hozirlik koʻrayotgan xonanda tayyorgarlik jarayoniga OAV vakillarini taklif etdi. Afisha.uz muxbirlari jarayondan reportaj tayyorladi.
Oʻzimizning mahsulot: “Million"ning 2024-yilgi konserti qanday oʻtmoqda?”
Oʻzbekistondagi taniqli kulgu jamoalaridan biri hisoblangan “Million” 11−21-aprel kunlari navbatdagi konsertini taqdim etmoqda. Afisha.uz muxbirlari “Xalqlar doʻstligi” san’at saroyida boʻlayotgan konsertdan reportaj tayyorladi.
Podkastlar
“Gar saloming boʻlmasa yoxud qasamlar, ismlar va muloqot” | “Qurultoy”
Qurultoyning yangi mavsumi salom bilan boshlangan. Salomlashuv — muloqot madaniyatining muhim qismi. Muloqot esa hayotimizda muhim oʻrin tutadi. Har kuni salomlashamiz, suhbatlashamiz, oilamiz, yaqinlarimiz, hamkasblarimiz bilan gaplashamiz. Muloqotda qanday urf-odatlar bor, ular qanday shakllangan va nimani anglatadi — bu kabi savollarga javob topish uchun etnograf olim, falsafa doktori Nabijon Narziyev javob beradi.
“#17 Lolazor qaytdi. Latifalar mavsumi boshlandi” | “Lolazor”
“Lolazor” ham biroz tanaffusdan keyin ikkinchi mavsumni boshladi. Ushbu sonda odamlarning ijtimoiy kayfiyati tushayotgani, elektromobillar uchun ayrim cheklovlar kiritilayotgani, bankirlar haqidagi trend, energetika sohasidagi yangiliklar, maktablar hududining sotilishi, o‘qituvchilar oyligidan pul ushlab qolishlar, keraksiz tungi navbatchiliklar, “Tashabbusli byudjet” yakunlari, 37 mln aholi va shu kabi yana boshqa mavzularda gaplashilgan.
“[SUHBAT] „Ozish oson, faqat qunt kerak!“ Ilhom Otajonov” | “NmaGap”
“NmaGap"chilarda esa dietolog mehmon. Mavzu mehmonning kasbidan ma’lum boʻlsa kerak.
“Oʻlayotgan teatr, Amir Temur haqida kino, oʻzbekcha anime | Nodir Nishonov” | “Sigma Podkast”
Bu podkastda boshqa bir podkast (“Qurultoy”) muallifi Nodir Nishonov mehmon boʻlib, oʻzbekcha fentezi va tarixiy filmlar, konsert va boshqa ommaviy tadbirlarni tashkillashtirish, Samarqanddagi “Boqiy Shahar”, Dyuna filmining ikkinchi qismi, teatr va kino rejissyorligi haqida suhbatkashishgan.
Boshqa koʻrsatuvlar
“Qoraqum boʻrisi | Junaydxon | U kim edi?” | “Alimoff”
Bloger Nurbek Alimov Xorazmda sovetlarga qarshi harakatning taniqli sarkardasi va yirik lashkarboshisi boʻlgan Junaydxon haqida gapirib beradi.
“Dunyodagi eng noodatiy smartfonlar — Pakapak Ed” | “Pakapak”
“Pakapak” jamoasi yaqin yarim asrda kashf etilgan eng noodatiy va antiqa smartfonlar haqida gapirib beradi. “Ishonavering, bu smartfonlar sizni ham ancha hayratga soladi”, deydi ular.