"Siz ekipirovkaga ming dollar sarflab chiqqan choʻqqiga bir choʻpon oddiy tayoq va kalishda chiqishi mumkin" — Davronbek Tojialiyev bilan suhbat

E’lon qilingan sana· 11 978
"Siz ekipirovkaga ming dollar sarflab chiqqan choʻqqiga bir choʻpon oddiy tayoq va kalishda chiqishi mumkin" — Davronbek Tojialiyev bilan suhbat

Bahor kelib, togʻlarga chiqish mavsumi boshlandi. Togʻlarga chiqqan odam oʻzi bosib oʻtgan manzilga, uzoq-uzoqlardagi boshqa tog' tizmalariga nazar tashlar ekan juda koʻplab narsalar haqida fikr yuritadi. Kengliklarga nazar solish biqiq shaharda inson miyasida paydo boʻlib qolgan chegaralarni yoʻq qilishga yordam beradi.

Afisha.uz mana shunday tog' choʻqqilarini zabt etuvchi Davronbek Tojialiyev bilan suhbatlashdi. Unda togʻlarga chiqish uchun qanday tayyorgarlik koʻrish kerakligi, sayohatchining ekipirovkasi, choʻqqini zabt etish va undan keyingi hislar kabi jarayonlarga toʻxtalib oʻtilgan.

— Togʻlarga sayohat qilishga boʻlgan ilk qiziqish qachon va qanday boshlangan?

— Togʻlarga qiziqish yoshlikdan boʻlgan.Yoshligim, asosan, Shohimardon togʻlarida oʻtgan. Ota-onam har yili oʻsha yerda joylashgan lagerlarga yuborishardi. Ilk tog' safarlari lagerlarda boshlangan. Bundan tashqari Shohimardonda qarindoshlarimiz bor edi va ular bilan birgalikda togʻlarga chiqib, turli xil giyohlar, zira terardik. Oʻsha paytlardanoq togʻlarga nisbatan ishonch, qiziqish paydo boʻlgan.

Undan keyin ham Toshkent, Jizzah va Qashqadaryo viloyatlaridagi togʻlarga chiqqanman, lekin togʻlarga chiqishga boʻlgan jiddiy qiziqish, munosabat butkul oʻzgarishi 2000-yilda sodir boʻlgan. Oʻsha vaqtdagi Ekologiya qoʻmitasi meni va bir qancha olimlar, jurnalistlar, biologlar, zoologlarni Hisor tog' tizmasidagi ekspeditsiyaga taklif etgan.

Oʻsha yerda Oʻzbekistondagi eng baland boʻlgan nomsiz choʻqqini, Oʻzbekistonda choʻqqilar koʻp, shular orasidagi eng baland nomsiz choʻqqini, zabt etish ekspeditsiyasida 4 kun yurganmiz, 3 tunni togʻlarda oʻtkazganmiz. Avval ham togʻlarga chiqardim, lekin hech texnik yoki kiyim borasidagi tayyorgarlikni koʻrmasdim. Bu safar ham shunday boʻlgandi, ammo oʻshanda men togʻlar dunyosiga boʻlgan fikrimni oʻzgartirdim. Togʻlarga tayyorgarliksiz, maqsadsiz chiqib boʻlmas ekan, degan fikr paydo boʻlgan.

— Sayohatni boshlashdan avvalgi jismoniy va ruhiy tayyorgarlik haqida gapirsangiz.

— Har bir sayohatni tayyorgarliksiz boshlash mumkin emas. Agar tayyorgarlik koʻrilmasa, safarda maqsadga erishib boʻlmaydi. Tayyorgarlik avvalo ekipirovka tarafdan boʻladi. Jiddiyroq safar boʻlsa unga mos jihozlar, anjomlar bilan tayyorgarlik koʻriladi. Bundan tashqari jismoniy tayyorgarlik ham yaxshi, kasallik alomatlari boʻlmasligi kerak.

Jiddiyroq safarga chiqishdan oldin sheriklardan “avval ham shunday safarga chiqqanmisiz?”, deb soʻraymiz. Agar chiqqan boʻlsa, ularda tajriba boʻladi. Ma’lum bir tajribasiz kattaroq choʻqqiga chiqish insonni azoblanishiga olib keladi. Organizm ushbu safarga tayyor boʻlmaydi. Avvalroq kichik choʻqqilarga chiqib, ma’lum bir jarayondan oʻtgan boʻlsa uni kattaroq choʻqqilarga ham olib chiqish mumkin boʻladi. Shu sababli jismoniy tayyorgarlik juda muhim.

Togʻda iqlimlashish jarayoni roʻy beradi ya’ni organizm pastda, kislorod moʻl boʻlgan hududda bemalol nafas olib, standart holatlarda yurgan boʻlsa, balandroqqa chiqqanda kislorodning kamayishi inson organizmidagi ba’zi oʻzgarishlarni yuzaga keltirishi mumkin. Organizm oʻsha oʻzgarishlarga tayyor boʻlsagina maqsadga erisha oladi.
Inson ruhan choʻqqiga chiqishni yoki safarni oxirigacha borishni maqsad qilishi va bu yoʻldagi barcha ham jismoniy, ham ruhiy qiyinchiliklarga tayyor boʻlishi uchun tayyorgarlik kerak boʻladi. Bundan tashqari boriladigan joyning geografiyasi, muhiti, yoʻlni, trekni oʻrganib chiqish kerak boʻladi.

Qanday chiqiladi, qayerdan chiqsa osonroq boʻladi, qayerda toʻxtash mumkin, qayerdan suv olish mumkin, qayerda tushlik qilish mumkin, kattaroq sayohatga chiqsangiz qayerda tunab qolish mumkin kabi narsalar oʻrganiladi. Shundan keyingina oʻsha safarga mos boʻlgan kiyimlar tanlanadi va safarga chiqish mumkin boʻladi.

Bunday sayohatga chiqishdan oldin avval togʻlarga chiqqan odamlar bilan maslahatlashish koni foyda. Ijtimoiy tarmoqlarda turistlarning kanallari, guruhlari bor. Oʻsha yerdan bemalol maslahat olish mumkin.

— Jarayon qanday kechadi, qachon, qanday yoʻlga chiqiladi, odatda sayohat necha kunni tashkil qiladi?

— Sayohatning davomiyligi necha kunni tashkil etishi siz koʻzlayotgan manzilga bogʻliq. Yengilroq sayohatlarni reja qilganda bir kunni belgilaymiz ya’ni bir kunda chiqib-tushish eng qulayi hisoblanadi. Bir kunda 3000 metrgacha boʻlgan choʻqqilarga chiqib-tushsa boʻladi.

Ba’zi safarlarga bir hafta, ba’zi safarlarga bir kun yoki 3−4 kun ketishi mumkin. Bu siz borayotgan manzilning shart-sharoitlari, uzoq-yaqinligi va shunga oʻxshash holatlarga bogʻliq boʻladi. Bunda, albatta, tayyorgarlik shunga yarasha qilinadi. Necha kunga ketiladigan boʻlsa, shunga yarasha oziq-ovqatlar gʻamlanadi. Transportlar ham muhim hisoblanadi. Ular togʻning yoki siz borayotgan manzilning ma’lum bir joyigacha bora oladi xolos. Uyogʻiga piyoda yurishingizga toʻgʻri keladi. Bularning hammasi hisob-kitob qilingandan keyin safarni necha kun boʻlishini belgilashingiz mumkin.

— Sayohat uchun asosan qanday instrumentlar kerak boʻladi va ularning oʻrtacha narxi qanday?

— Tog' sayohatlarida asosiy narsalardan biri treking tayoqchalari hisoblanadi. Ular yuqoriga chiqishingizda va pastga tushishingizda ancha yordam beradi hamda yuklamalarni 30 foizgacha kamaytiradi. Bundan tashqari togʻga, sayohatga mos kiyinish ham sizning komfortingizni ta’minlaydi. Bunda asosiy narsa poyabzal hisoblanadi. Poyabzalning yaxshisini va toqqa chidamliligini kiymasangiz, muammolar paydo boʻlishi mumkin. Togʻ, treking uchun maxsus oyoq kiyimlar bor. Odatda tagcharmi mustaxkam va tishli boʻlgan poyabzallarni tanlash kerak boʻladi. Ryukzak ham alohida ahamiyatga ega. Ssiz qoʻshimcha narsalaringizni olib yurishingiz mumkin boʻlgan ryukzak harakatlanishingiz uchun qulay boʻlishi lozim.

Mavsumga xos kiyinish yoki siz ketayotgan manzilga mos kiyinish kerak boʻladi. Masalan, yoz boʻlsa, quyoshdan saqlovchi va nafas olishga qulay kiyimlarni kiyish tavsiya qilinadi. Qishda esa qatlamli, toqqa chiqish vaqtida isib ketsangiz almashtirishga qulay kiyimlar tavsiya qilinadi.

Hammasi qanchalik komfort xohlashingizga bogʻliq. Qancha koʻp komfortda toqqa chiqishni xohlasangiz, shuncha koʻp harajat qilishga toʻgʻri keladi. Siz ekipirovkaga 1000 dollar sarflab chiqqan choʻqqiga choʻponlar oddiy tayoq va kalishda chiqishi mumkin. Bularning bari individual xohish istaklaringizga bogʻliq. Narxlar ham shunga qarab, yuqorilashib boradi.

Treking tayoqlarining bir jufti 200 ming soʻmdan boshlanadi. Etiklar oʻrtacha 400 ming soʻmdan boshlanadi. Ryukzaklar litraj bilan hisoblanadi, 40 litrlik ryukzak bir kunlik safarga moʻljallangan boʻlsa, ikki kunlik safarga chiqadigan boʻlsangiz 60 litrlik, bir haftalik sayohatlar uchun 90 litrlik ryukzaklarni olish tavsiya etiladi.

Bundan tashqari togʻda yotib qoladigan boʻlsangiz, sizga palatka kerak boʻladi. Uning ham xohishingizga qarab turlari mavjud. Palatka yomgʻir, shamol oʻtkazmasligi kerak. Kechqurun oʻranish uchun otoq qop va toʻshagingiz uchun mat zarur boʻladi.

Jiddiy niyat qilsangiz olish kerak boʻlgan narsalar koʻp. Lekin minimal imkoniyat bilan ham, oʻzingizda bor instrumentlar bilan ham bir kunlik sayohatlarga chiqish mumkin. Juda baland togʻlarga chiqa olmaysiz-ku, lekin ma’lum joylargacha borib, togʻning haroratini, goʻzalligini his qilish mumkin boʻladi.

— Togʻda ovqatlanish qanday boʻladi?

— Agar bir kunlik sayohatlarga chiqadigan boʻlsangiz, oʻzingiz bilan sendvich yoki aynimaydigan ovqatlar olishingiz mumkin. Bundan tashqari toqqa chiqqan vaqtda inson koʻp glyukoza yoʻqotadi. Shuning uchun glyukozaga boy mahsulotlarni iste’mol qilish va olib yurish tavsiya etiladi. Bularga quruq mevalar, qoqilar, xurmolar va shunga oʻxshash narsalar, shirinliklar, batonchiklar boʻlsa choʻqqiga chiqish vaqtida boy berilgan glyukozaning oʻrnini bosadi.

Albatta, suv idish va suv olish maqsadga muvofiq. Chunki hamma yerda ham suv boʻlavermaydi. Agar siz yotib qoladigan boʻlsangiz, ovqat pishirish uchun minimal moslamalarni ham olishingiz kerak boʻladi. Bularni barchasi oʻzingizga va individual yondoshishingizga bogʻliq. Uyingizda bor narsalarda ham foydalanib, safar qilishingiz mumkin, ammo jiddiy safarlarga chiqqanda jiddiy tayyorgarlik koʻrgan ma’qul.

— Choʻqqi zabt etilgandan keyin va ortga qaytish vaqtida qanday hislar oʻtadi?

— Choʻqqi zabt etilgandan keyingi hislarimni ifoda etish juda qiyin. Buni choʻqqini zabt etibgina his qilishingiz mumkin. Choʻqqigacha qiynalib chiqqan mashaqqatlaringiz, choʻqqiga chiqib siz yurgan yoʻllarni tomosha qilish insonga juda ham katta estetik zavq va motivatsiya beradi. Koʻp doʻstlarimiz chiqqunga qadar rosa qiynaladi. “Nega bu yerga chiqdim, menga zarurmidi?”, degan gaplarni ham aytishadi.

Lekin biz motivatsiya berib, oldinga undaymiz va u yerga chiqib koʻrganlaridan keyin fikrlari oʻzgaradi. Choʻqqiga chiqishni oʻziga xos zavq-i shavqi bor. Odam avvalo tafakkur qilishni boshlaydi, mana shu dunyoni, togʻlarni qanday qilib yaratilganiga, pastdagi daralarni va daryolarni bir-biriga hamohangligi, osmon va yer orasidagi holatlarni moʻjiza ekanini anglaydi. Oʻzini tabiatga yaqin his qiladi. Shu jihatlari bilan togʻlarga chiqish oʻziga tortaveradi.

— Togʻlarga sayohat qilishni endi boshlamoqchi boʻlgan odamlarga qanday maslahatlar berasiz?

— Endi boshlamoqchi boʻlganlarga oʻzlari emas gid bilan chiqishni maslahat beraman. Ularni Telegram, Instagram kabi ijtimoiy tarmoqlardagi sayohat guruhlaridan topish mumkin. Ular odatda yengilroq, bir kunda borib keladigan va boshlovchilar uchun qiyin boʻlmagan marshrutlarni tanlashadi. Ular bilan borib, oʻz kuchingiz va imkoniyatlaringizni sinab olganingizdan keyin oʻzingiz ham mustaqil ravishda, ma’lum bir treklar orqali chiqsangiz boʻladi.

Togʻlarga chiqishni osonroq choʻqqilardan boshlashni maslahat beraman. Masalan, Kichik Chimyon choʻqqisidan boshlash mumkin. Boshlanishiga balandligi 2000 metr va undan sal oshiqroq boʻlgan choʻqqilarga chiqishni maslahat beraman. Oʻsha yerga chiqib, oʻz imkoniyatingizni baholab olganingizdan keyin 3000−4000 metrlik choʻqqilarga chiqishingiz uchun imkoniyat paydo boʻladi.

Suratlar Davronbek Tojialiyevning Facebook sahifasidan olindi.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov