“Mabodo koʻrmay qolgan boʻlsangiz”: Oʻzbekcha YouTube hafta ichida
Oxirgi paytlarda YouTube’ning o‘zbek segmenti ham ancha faollashdi, kontentlar ko‘paydi. Hozir videolar shu darajaga yetdiki, ko‘rib tugatib bo‘lmaydi, hatto sifatli va mazmunlilarini ham. Hafta davomida e’lon qilingan materiallarni foydalanuvchilar keyinroq ko‘rish uchun o‘tkazib yuboradi, lekin u videoni keyinchalik eslamasligi ham mumkin. Shu munosabat bilan Afisha.uz har hafta oxirida YouTube‘da e’lon qilingan o‘zbekcha kontentlarni bir joyga to‘plab, “Mabodo ko‘rmay qolgan bo‘lsangiz” rukni ostida e’lon qilib boradi.
O‘zimizning mahsulot
“Kelinlar qo‘zg‘oloni"dan “Tangalik bolalar"gacha: Muhammadjon Rahimov bilan intervyu
Ko‘ngilochar kontentlar
“Kulgilektual shou”
Kulgilektual shou — O‘zbekistondagi ilk kulgili va intellektual shou. Unda ishtirokchilar boshlovchi Nozim Safarining qiziqarli va mantiqiy savollariga to‘g‘ri yoki kulgili javob berishi kerak. Toʻgʻri javob uchun 2 ball kulgili javob uchun 1 ball beriladi. O‘yin davomida faol bo‘lib eng ko‘p ball to‘plagan ishtrokchi esa pul mukofotiga ega bo‘ladi.
Ko‘rsatuvning bu safargi mehmonlari: “Subyektiv” loyihasi mualliflaridan biri Bekmirza Rashidov, vayner Aziza Abdullayeva, komiklar Rasul24 va Islom Karimov.
“NmaGap” — Freestyle
“NmaGap” mualliflari o‘zining doimiy musiqiy chiqishlarini davom ettiradi. Bu safar ular “Sahna” stendap klubida muhlislar qarshisida va ishtirokida fristayl qilgan.
Podkastlar
“Davron Fayziyev — JCH-2026, YCHL favoritlari va sharhlovchilik haqida”
“Markaziy Sektor” loyihasining 5-son podkastida sport sharhlovchisi, jurnalist va UFA media bo‘limi rahbari Davron Fayziyev mehmon bo‘ldi.
Mualliflar Davron Fayziyev bilan milliy terma jamoaning JCh-2026 yo‘llanmasi uchun imkoniyati, Yevropa chempionlar ligasining favoritlari va finalda qaysi jamoalar to‘qnash kelishi mumkinligi, Vasiliy Utkinning sharhlovchilikka qo‘shgan hissasi, o‘zbek futboli mediasi va qator boshqa qiziqarli mavzular haqida gaplashgan.
“Mifonomika: Kino davlat pulisiz yasholmaydimi?”
“Gazeta.uz” turli soha vakillari bilan odamlar orasida iqtisodiyot haqida tarqalgan miflar va yanglish tasavvurlarni muhokama qilishga qaratilgan Mifonomika loyihasini davom ettiradi. Muallif loyihaning sakkizinchi sonida kinorejissyor Sarvar Karimov bilan “Kino davlat pulisiz yasholmaydi” degan mif haqida gaplashgan.
“Chingizxon — o‘zbek, shumerlar — turk. Tarix va hissiyot” | “Qurultoy”
“Qurultoy"da tarix nega bunday his-tuyg‘u keltirib chiqarishi va akademik fanning bunga munosabati bilan haqida G‘aybulla Boboyorov bilan suhbatlashilgan.
Boshqa tavsiyalar
“O‘zbek milliarderi Jahongir Ortiqxo‘jayev” | Jahongir Latipov
Bloger Jahongir Latipov “Artel” va “Akfa Holding” asoschisi hamda sobiq Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan bir kun o‘tkazdi. Video davomida Ortiqxo‘jayevning kun tartibi, ko‘plab zavodlarining qanday ishlashi, sobiq hokimning mashinalari va boshqa narsalar bilan tanishishingiz mumkin bo‘ladi.
“Nega sizning pullaringiz aslida pul emas?” | “MAGNIT”
“Subyektiv” mualliflaridan biri Abdullajon Yusupov o‘zining loyihasini boshladi va uning bu sonida pul haqida batafsil gapirib beradi.
“Vazir bilan avtobusda suhbat: Jamoat transportini rivojlantirish, tariflar va tramvayning qaytishi”
29-mart, juma kuni O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Maxkamov ishga avtobusda bordi. Unga “Gazeta.uz” muxbiri hamrohlik qildi. Sayohat taxminan 1 soatga choʻzildi. Shu vaqt ichida vazir jamoat transporti sohasidagi muammolarga oid savollarga javob berdi, yangilik va rejalar haqida gapirdi.