“300 dan ortiq bola ichidan tanlab olinganman”. “Kelinlar qo‘zg‘oloni”dagi Abbos bilan katta intervyu

E’lon qilingan sana· 12 810
“300 dan ortiq bola ichidan tanlab olinganman”. “Kelinlar qo‘zg‘oloni”dagi Abbos bilan katta intervyu

1984-yilda O‘zbekiston san’at arbobi Melis Abzalov tomonidan suratga olingan “Kelinlar qo‘zg‘oloni” filmi nafaqat g‘oyasi, balki aktyorlar jamoasi bilan ham odamlar yodida qolgan. Undagi har bir aktyor o‘z rolini maromiga yetkazib ijro etgan. Ayniqsa, kichkintoy Abbos ijrosi haligacha tomoshabinlar ko‘nglida yashab kelmoqda.

Afisha.uz`ning navbatdagi mehmoni aynan Abbos roli orqali mashhurlikka erishgan Muhammadjon Rahimov bo‘ldi. U intervyu davomida kino olamiga kirib kelishi, “Kelinlar qo‘zg‘oloni"ning suratga olish jarayonlari, nima sababdan kino sohasini asosiy kasb sifatida tanlamagani, bugungi o‘zbek kinosi va boshqa qator savollarga javob berdi.

— Muhammadjon aka, fevral oyida 50 yoshni qarshi oldingiz. Yubiley yoshingizda ko‘nglizdan qanday tuyg‘ular kechdi?

— Shu yoshga omonlikda yetib kelganimga shukr qildim. Tug‘ilgan kunimni do‘stlarim va yaqinlarim davrasida nishonladim, baxtli kunimda juda ko‘pchilik yonimda bo‘ldi. Ammo darrov 50 yoshga kirganim meni ajablantirdi. Chunki vaqt juda tez o‘tib ketyapti. Yoshingiz ulg‘aygan sari sokin insonga aylanar ekansiz, hamma narsaga o‘ylab, mulohaza bilan yondosharkansiz. Bunday yubiley yoshlarni qarshi olish hammaga nasib qilsin.

— Kinodagi ilk rolingizni olti yoshingizda “Dahoning yoshligi” filmida ijro etgansiz. Karyerangizni erta boshlashingizga nima sabab bo‘lgan?

— Onam ukamni dunyoga keltirganida tug‘ruqxonada ular bilan rejissyor yordamchisining rafiqasi bitta xonada yashagan. Onam o‘g‘il, u ayol esa qiz farzand ko‘rgan. Dadam bilan tug‘ruqxonaga borganlarimizni ko‘rgan rejissyor yordamchisining turmush o‘rtog‘i meni yoqtirib qolgan ekan. Shu tariqa oilaviy do‘stlashib ketdik. Oradan ikki yil o‘tib ular sabab rejissyor Elyor Ishmuhamedovning “Dahoning yoshligi” filmida ilk rolimni o‘ynaganman. Buning uchun albatta, kino sinovlarda qatnashib, keyin tanlab olinganman. “Dahoning yoshligi” kino olamiga kirib kelishimga sababchi bo‘lgan.

— O‘smirlik davringizgacha ko‘plab filmlarda turli darajadagi rollarni ijro etgansiz. Ammo tomoshabinlar “Kelinlar qo‘zg‘oloni"dagi Abbos rolingiz orqali yaxshi taniydi. Mazkur filmga sizni Melis Abzalovning o‘zi chaqirtirganmi yoki kastingda qatnashganmisiz?

— Abbos roli uchun ham sinov e’lon qilingan va saralash jarayoni “O‘zbekfilm"da bo‘lib o‘tgan. Bir necha yuzlab bolalar qatnashgan, men 325-nomerda ishtirok etganman. Uch nafar bolani tanlab olishgan va oxirida Abbos rolini o‘ynash menga nasib qilgan. O‘shanda 10 yoshda edim. Farmonbibining xonadoni uchun maxsus katta pavilyon qurilgan.

“Kelinlar qo‘zg‘oloni” mening faxrim va baxtim. U mehr haqidagi film. Farmonbibining oilasi, farzandlari va nabirasi Abbosga nisbatan mehri juda chiroyli ochib berilgan. Voqealar, musiqa va aktyorlar jamoasi, ularning ijrosi ham juda go‘zal chiqqan. Tursunoy Jafarova, Obid Yunusov, Nabi Rahimov, Dias Rahmatov, Dilbar Ikromova singari o‘zbek san’ati darg‘alari bilan suratga olish jarayonlarida birga yashab, o‘lmas kinoda rol o‘ynaganim men uchun ulkan baxt.

Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, filmda Abbos boqib olingan bo‘ladi. Farmonbibining “Bolani o‘zimiz boqib oldikmi, velosipedini ham o‘zimiz olib beramiz”, degan gaplari bor. Men bolalar uyidan kelganmanmi, oyim bilan kelganmanmi, bu ham bir jumboq. Filmda bunday sirli epizodlar ko‘p. Shu sababli ham tomoshabinlar qalbidan joy olib, uzoq yildan beri yashab kelyapti, nazarimda.

— Filmda kenja kelin Nigora tayyorlagan ovqatga tuz solgan sahnangiz bor. O‘shanda haqiqatan tuz solinganmi qozonga?

— O‘sha ajoyib sahna kechki payt suratga olingan. Syomka maydonchasi atrofida o‘ynab yursam, ijodiy jamoadagilar “tezroq chopib kel”, deb chaqirishdi. Borsam, suv qaynayotgan qozonni ko‘rsatishdi va uning ichiga tuz solishimni aytishdi. Menga rejissyorlar ishtirokimdagi sahnani batafsil tushuntirishmas edi. Ikki, uchta gap bilan yo‘nalish berishardi. Balki rolimni tabiiy, bolalikka xos chiqishini xohlashgan bo‘lsa kerak. Rahmatli Melis aka bilan ishlash juda qiyin edi. U jahldor va talabchan bo‘lgan.

— Abbos rolingiz uchun qancha gonorar olgansiz?

— Yaxshi savol bo‘ldi (kuladi). Qancha gonorar olganimni aniq bilmayman, lekin juda yaxshi mablag‘ to‘lashgan. Chunki u paytda xalq artisti unvoni bor aktyorlar 56 rubl gonorar olishardi. O‘sha davrda bu juda ham katta pul bo‘lgan. Menga ham shu miqdor atrofida gonorar berilgan. Sababi yosh bola qonun bo‘yicha kuniga to‘rt soat ishlashi kerak bo‘lgan. Men esa bir kunda sakkiz soat ham ishlardim, shu bois ko‘p gonorar berishgan.

Shu o‘rinda bir voqeani aytib bermoqchiman. Moskvadan o‘qishni bitirib Toshkentga qaytgach, uylanishimga bir necha kun qolganida onajonim uy kaliti va kadastr hujjatlarini qo‘limga tutqazdi. Dadam rahmatli o‘n yil mobaynida kinolarda rollar o‘ynab topgan gonorarlarimni yig‘ib, qo‘shnimizning sakkiz sotihdan iborat to‘rt xonali uyini sotib olib, meni nomimga rasmiylashtirgan ekan. To‘yimgacha bundan bexabar edim. O‘sha voqea hech esimdan chiqmaydi va dadamning zukkoligiga qoyil qolganman.

Suhbat uchun rahmat!

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov