“Mabodo koʻrmay qolgan boʻlsangiz”: Oʻzbekcha YouTube hafta ichida

E’lon qilingan sana· 162
“Mabodo koʻrmay qolgan boʻlsangiz”: Oʻzbekcha YouTube hafta ichida

Oxirgi paytlarda YouTube’ning o‘zbek segmenti ham ancha faollashdi, kontentlar ko‘paydi. Hozir videolar shu darajaga yetdiki, ko‘rib tugatib bo‘lmaydi, hatto sifatli va mazmunlilarini ham. Hafta davomida e’lon qilingan materiallarni foydalanuvchilar keyinroq ko‘rish uchun o‘tkazib yuboradi, lekin u videoni keyinchalik eslamasligi ham mumkin. Shu munosabat bilan Afisha.uz har hafta oxirida YouTube‘da e’lon qilingan o‘zbekcha kontentlarni bir joyga to‘plab, “Mabodo ko‘rmay qolgan bo‘lsangiz” rukni ostida e’lon qilib boradi.

Ko‘ngilochar kontentlar

Konsta va Mirshakar Fayzulloyev “Tungi qahramon” | “Xay mayli”

Komik Mirshakar Fayzulloyevning bu shousida mehmon emas, uning telefonida saqlangan kontaktlar ishtirok etadi. Ya’ni boshlovchi savol beradi, javobni esa mehmonning tanishlaridan biri topishi kerak. Agar javob topilmasa, mehmon shart bajarishi kerak. Navbatdagi tungi qahramon — Konsta.

Jamshidbek Normatov — “Yashab bersak boʻldi” nomli konsert dasturi | 2023

O‘zining shevalar haqidagi xalqchil hazillari bilan tanilgan qiziqchi Jamshid Normatov o‘zining yangi konsert dasturini e’lon qildi.

2018 — Eng zoʻr yil | Kunduziy

Kunduziy 2018-yilning muhim voqeliklarini eslatadi.

Bir guruh ijodkorlar birlashib, yangi qo‘shiq va unga ishlangan ajoyib klipni e’lon qilishdi. Unda kelin va qaynona o‘zaro “rep battl” qilishadi.

Podkastlar

“Hammasi shaxsiy fikr, fatvo berib qo‘ymoqchimasman!” — Xayrulla Hamidov | “NmaGap”

“NmaGap"chilarning navbatdagi mehmoni — jurnalist va futbol sharhlovchisi Xayrulla Hamidov. Mualliflar sharhlovchi bilan ushbu kasb, futbol, O‘zbekiston terma jamoasi, she’riyat va boshqa mavzularda suhbatlashishgan.

#16 “Lolazor” tanaffusga chiqdi. 1-mavsum tugadi | “Lolazor”

Tavsiyalarimizning doimiy “ishtirokchisi” “Lolazor” podkasti tanaffusga chiqdi. Mualliflar Ramazon oyidan keyin qaytishni va’da qilishmoqda. Oxirgi e’lon qilingan videoda Xushnudbek Xudoyberdiyev va Muhrim A’zamxo‘jayev birinchi mavsum taasurotlari, “Dyuna 2” filmi, Nodirbek Abdusattorov va podkastning navbatdagi ehtimoliy mehmonlari haqida gaplashishgan.

Oʻzbeklar “oʻziga beklar"mi yoki “subeglar"mi? Maxsus son | “Qurultoy”

Qurultoy loyihasining navbatdagi — maxsus soni “oʼzbek” atamasi (etnonimi)ning kelib chiqishi bilan bogʻliq yangi faraz, toʻgʻrirogʻi, yangi tadqiqotga bagʻishlangan. Bu galgi sonda professor Gaʼybulla Boboyorov va tarix fanlari doktori Farhod Maqsudov “oʻzbek” atamasining kelib chiqishi doir yangi tadqiqot natijalari va farazlari bilan oʻrtoqlashadilar.

Mahalliy brendlar katta raqobatga tayyormi? | “Uchadi Uxladi”

Marketolog Shohrux Nizomiddinov o‘zining “Uchadi Uxladi” podkastida “Feed Up” fast fud tarmog‘i asoschisi bilan suhbatlashgan. Podkast davomida Jahongir Ortiqxoʻjayev qanday qilib “Feed up” egalaridan biriga aylangani, xalqoro brendlarni kirib kelishi O‘zbekiston bozoriga qanday ta’sir qilishi, “Taksi” filmi yulduzi bilan suratga olingan reklama roligi tarixi va boshqa mavzularda gaplashishgan.

Boshqa tavsiyalar

Rosomaxa — eng mashhur X-odam hikoyasi va u ishtirokidagi filmlar tahlili | “Susambil”

“Susambil” muallifi Nodir Nishonov mazkur videoda X-odamlar olamidagi eng mashhur mutant Rosomaxaning qahramon sifatida bosib oʻtgan yoʻli hamda u ishtirokidagi filmlari batafsil tahlil qiladi.

Amerikani mag‘lub qilgan yagona kommunistik davlat — Afsonaviy Vietnam | “Subyektiv”

“Subyektiv"chilar Vietnamga sayohat qilib, ushbu davlat haqida batafsil video tayyorladi.