Hafta artisti: Yulduz Usmonova

E’lon qilingan sana· 259
Hafta artisti: Yulduz Usmonova

Bu — Afisha.uz'ning har hafta e’lon qilib boriladigan yangi formatdagi “Hafta artisti” rukni. Unda biz bir ijodkorni tanlab, u haqida qisqacha ma’lumot va e’tiborga molik treklarini ulashib boramiz. Bu, o‘ylaymizki, uzoq davom etadi va siz yangi artistlarni kashf qilasiz, avvaldan tanish bo‘lganlarini esa yaqinroq bilib olishingiz va qo‘shiqlarini qayta tinglashingiz mumkin bo‘ladi. “Hafta artisti"ning navbatdagi qahramoni — Yulduz Usmonova!

Yulduz Usmonova haqida

Yulduz Usmonova 1963-yil 12-dekabrda Margʻilon shahrida tugʻilgan. Oʻzbekiston (1995), Qoraqalpogʻiston (2000) xalq artisti, Tojikiston, Turkmaniston va Qozogʻistonda xizmat koʻrsatgan artist boʻlgan. Qoʻshiqchi Toshkent konservatoriyasini tugatgan. Shuningdek, Yulduz Usmonova 1989-yildan beri oʻzi tashkil etgan ansamblning yakkaxon xonandasi hisoblanadi.

Oxirgi yillarda esa “Oʻzbek Primadonnasi"ning ijtimoiy chiqishlari koʻplab muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Ammo bu maqolada Yulduz Usmonovaning taqiqlarga uchragani, barchaga yod boʻlib ketgan YPX xodimlari haqidagi fikrlari yoki memga aylangan “biz u inson davrida ezildik” degan soʻzlari haqida toʻxtalib oʻtilmaydi. Bunda ijodkorning ijodi haqida ma’lumot berishga harakat qilamiz.

Vatanparvarlik ruhidagi qoʻshiqlari

Yulduz Usmonova deyarli barcha mavzularda qoʻshiqlar aytgan. Shu jumladan, vatan haqida ham vatanparvarlik ruhidagi joʻshqin monologlari, Muhammad Yusuf va boshqalarning sheʼrlari asosida yaratilgan oʻziga xos daʼvat qoʻshiqlarni yaratgan. Masalan, davlat miqyosida boʻlgan mustaqillik bayramlari oldin ham (taqiqda boʻlmagan vaqti), hozir ham uning “Hech kimga bermaymiz seni, Oʻzbekiston” qoʻshigʻisiz oʻtmaydi.

“Hech kimga bermaymiz seni, Oʻzbekiston” qoʻshigʻi shu darajaga yetgan-ki, vatanparvar odamlar uchun norasmiy madhiyaga ham aylangan.

Bundan tashqari Yulduz Usmonova shoir Muhammad Yusuf qalamiga mansub “Oʻzingdan qoʻymasin, xalqim” she’rini kuyga solgan. Umuman olganda qoʻshiqchi Muhammad Yusuf ijodidan samarali foydalangan. Shuningdek, Yulduz Usmonovaning portfelida “Vatan”, “Elim”, “Oʻzbegim”, “Xalq yashar” va boshqalar kabi vatanni sevishga undovchi koʻplab qoʻshiqlar bor.

Lirik qoʻshiqlari

Yulduz Usmonova haqida gap ketganda u hayotimizda har doim bor boʻlgandek tassurot uygʻotadi. Uning ijodi ham bunga isbot boʻla oladi. Qoʻshiqchi 1990-yillardan boshlab to hozirgi kungacha yangi qoʻshiqlar yaratishdan toʻxtamagan. Masalan, Yulduz Usmonova “Nastarin”, “Sanamgina”, “Qizil olma” kabi XX asr oʻzbek qoʻshiqchilik an’analariga xos boʻlgan qoʻshiqlar chiqaradi.

Ushbu qoʻshiqlar hali hamon oʻz mashhurligini yoʻqotmagan. Har safar bogʻimizda nastarin guli ochilganda yoki qizil olma pishgan vaqtda bu qoʻshiqlarga murojaat qilinadi. Bundan tashqari “Nastarin”, “Sanamgina”, “Qizil olma” va ijodkorning shunga oʻxshash boshqa qoʻshiqlari bir emas bir necha avlodni birlashtirib turadi.

Dramatik qoʻshiqlari

Yulduz Usmonova nafaqat vatan yoki muhabbat haqida, balki “Onaizor”, “Gʻiybat, boʻhton oʻldiradi”, “Shoh va gado”, “Otajon”, “Allohim” kabi qoʻshiqlari bilan dramatik mavzularga ham koʻp bora qoʻl urgan.

Qoʻshiqchi shoir Muhammad Yusufning vafotidan keyin unga atab “Muhammad Yusufga” nomli qoʻshiq yozadi. Yulduz Usmonova mana shu kuy orqali oʻzi musiqa yaratishda she’rlaridan koʻp bora foydalangan shoirga hurmat bajo keltiradi. Ma’lumot uchun, qoʻshiqchi ushbu qoʻshiqni 2024-yildagi konsertida ham ijro etdi.

Boshqa tilda aytilgan qoʻshiqlari

Yulduz Usmonova nafaqat Oʻzbekistonda, balki qoʻshni davlatlarda, Turkiyada va oʻzbek diasporasi katta boʻlgan bir qator boshqa mamlakatlar juda mashhur hisoblanadi. U bir qator xorij va qardosh xalqlar estrada qoʻshiqlarini, jumladan, “Ya, habib” (arabcha), “Dunyo” (turkcha), “Parvardigori"ni (forscha) mahorat bilan ijro etgan.

Qoʻshiqchi soʻnggi vaqtlarda tojik tilida qoʻshiqlar chiqarishni boshladi. Malik bilan duetda aytilgan “Yor-biyo” qoʻshigʻi toʻliq tojikchada boʻlsa, “Oʻzbekcha gapir”, “Da kujo shumo” qoʻshiqlari ham oʻzbek, ham tojik tilada aytilgan. Bundan tashqari Yulduz Usmonova rossiyalik qoʻshiqchi Maksim Fadeyev bilan birga “Скажи мне имя” qoʻshigʻini ham kuyladi.

Yangi Yulduz Usmonova

Yulduz Usmonovaning soʻnggi yillarda chiqarayotgan deyarli barcha qoʻshigʻi xitga aylanmoqda. Bu tendensiya 2021-yilda chiqarilgan “Muhabbat” qoʻshigʻidan keyin qayta boshlandi. Qoʻshiqchi zamon va musiqa oʻzgarishi ortidan unga moslasha olgani bilan ham yodda qoladi. Hozir bemalol yangi Yulduz Usmonovani koʻryapmiz, deyish mumkin. Hozirgi kunda barcha davralarda qoʻshiqchining yangi qoʻshiqlarini uchratish mumkin.

Qoʻshiqlar

“Qizgʻaldogʻim”

“Devonalarmiz”

“Soladi”

“Tut qoʻlimdan”

“Koʻngil”

“Eh, oʻchalar”

“Bevafo”

“Taralli dalli”

“Qirolichaman”

“Seni osmonimga olib ketaman”

“Hafta artisti"ning oldingi sonlari:

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov