Hafta artisti: "Irina Kayratovna"
Bu — Afisha.uz'ning har hafta e’lon qilib boriladigan yangi formatdagi “Hafta artisti” rukni. Unda biz bir ijodkorni tanlab, u haqida qisqacha ma’lumot va e’tiborga molik treklarini ulashib boramiz. Bu, o‘ylaymizki, uzoq davom etadi va siz yangi artistlarni kashf qilasiz, avvaldan tanish bo‘lganlarini esa yaqinroq bilib olishingiz va qo‘shiqlarini qayta tinglashingiz mumkin bo‘ladi. “Hafta artisti"ning navbatdagi qahramoni — Qozog‘istonning “Irina Kayratovna” guruhi.
“Irina Kayratovna” haqida
“Irina Kayratovna” ayol yoki bir kishi emas, u 5 kishidan iborat guruh. “Irina Kayratovna” quyidagilardan iborat: Aldiyar Japarxonov (hazillar muallifi), Azamat Marklenov (prodyuser), Jasulan Ongarov (improvayzer), Ilya Gumenniy (bastakor) va Ulan Kayralasov (layner prodyuseri). Ijodini KVNlardagi (“QVZ”) chiqishlaridan boshlagan yigitlar to‘planib, sketch-shoular qilishga qaror qiladi. Keyinchalik guruh qo‘shiq aytib, unga noodatiy (ko‘pincha musiqa matniga aloqasi bo‘lmagan) kliplar olishadi. Guruhning mashhur kliplariga Kuanish Beysek rejissyorlik qilgan, ammo u keyinchalik guruhni tark etgan.
“Шоу Ирина Кайратовны”
Guruh juda yosh, 2017-yilda shakllanishni boshlagan. O‘shanda ular yig‘ilib, havaskor tarzda shoular suratga olishgan. Keyinchalik bunga professional yondashib, “Шоу Ирина Кайратовны” nomi ostida sketch-shoular e’lon qilishadi. Shou 13 ta sondan keyin to‘xtagan. “Irina Kayratovna” bu shoudan keyin jiddiy tarzda musiqa bilan shug‘ullanishni boshlagan.
Sketchlar asosan qora yumor, hazil orqali tanqidga asoslangan. Ssenariy mualliflari guruhdagi yigitlarning o‘zi. Shou ilk sonlaridanoq mashhurlikka erishib, ko‘rishlar soni oshib boradi. “Irina Kayratovna shousi"ning barcha sonlarini quyidagi pleylist orqali tomosha qilish mumkin. Diqqat: videoni 21 yoshdan kichik foydalanuvchilari ko‘rishi tavsiya etilmaydi.
Filmlar
Mualliflar keyinchalik “ГОСТ ENTERTAINMENT” prodakshn kompaniyasi bilan ishlay boshlagan. Shouning oxirgi soni ham aynan ushbu prodakshn YouTube kanalida e’lon qilingan. “Irina Kayratovna” hozirgacha 3 ta turli metrajli film ishlagan. Ularga Kuka — Kuanish Beysek rejissyorlik qilgan.
“Закладка”
Guruhning ilk filmi. 40 daqiqalik film intrigalarga boy o‘tadi. To‘ydan keyin narkotik moddalar iste’mol qilmoqchi bo‘lgan do‘stlar boshidan ko‘p sarguzashtlar o‘tkazadi. Filmda ijodkorlar narkotik moddalar iste’mol qilish yomon oqibatlarga olib kelishini aytmoqchi bo‘lishadi.
Ushbu filmda guruhdagi yigitlardan tashqari rossiyalik va qozog‘istonlik komiklar — Denis Doroxov va Azamat Musagaliyev ham rol ijro etishgan.
“Отыздан асып барамын”
“Irina Kayratovna"ning eng katta ishlaridan biri. 2021-yilning 19-dekabrida, ya‘ni mustaqillik bayramidan 3 kun o‘tib, guruh mustaqillikning 30 yilligiga bag‘ishlangan to‘liq metrajli film e‘lon qilgan.
“Операция Госзаказ”
Kuka taxallusi bilan ijod qilgan rejissyor Kuanish Beysek guruh bilan oxirgi filmini 2021-yilning 31-dekabrida e‘lon qilgan. “Госзаказ” deb nomlangan 30 daqiqali film “Adlet Produktion” videoprodakshn kompaniyasi ochib, prezidentning Yangi yil tabrigini suratga olgan do‘stlar haqida. Ular murojaatni yozib olgandan so‘ng kichik bir muammoga duch kelishadi.
Film yarim soatli bo‘lishiga qaramasdan intrigalar va hazil-mutoyibaga to‘la. Video formati ham o‘zgacha — odatdagidek gorizontal emas, vertikal suratga olingan va ikkitadan kadr ishlatilgan. Yarim soat vaqtni “o‘ldirish” uchun ayni muddao.
Kliplar
“Irina Kayratovna” o‘zining noodatiy va “tagma'noli” kliplari bilan mashhur. Ular aytayotgan qo‘shiq ba’zida klip bilan ma’no jihatda umuman kesishmasligi mumkin, lekin qo‘shiq ham, klip ham a’lo darajada bo‘ladi. IKni mashhur qilgan “5000” qo‘shig‘i bunga yaqqol misol. Bunday kliplarga ham Kuka mualliflik qilgan. Ammo u 2023-yilda guruhni tark etdi. Shundan so‘ng IK birorta klip chiqargani yo‘q (reklama video — “China"ni hisobga olmasa). Guruh hozirgacha faqat ikkita albom chiqargan: 2020-yil — “13 vipusk”; 2023-yil — “Adjare Gudju”.
“5000”
“Irina Kayratovna"ning kliplarini busiz boshlash sal kam ayb. Qo‘shiq matni deyarli hech qanday ma’noga ega emas, shunchaki basslari va ritmi raqsbop qilib tayyorlangan. Ammo unga ishlangan klip esa umuman boshqa daraja. Klubda qo‘yiladigan qo‘shiq klipida siyosiy va tarixiy voqealar ko‘tarib chiqilgan. Avvalroq ushbu klip haqida alohida material yozib, har bir kadrini tahlil qilgandik: Hujjatli film darajasida: “Irina Kayratovna"ning 5000 klipiga to‘liq sharh.
Кеттiк, бәрін таста!
“Wu Kang”
IKning eng kuchli kliplari reytingida birinchilikka “5000” bilan raqobat qila oladigan klip. Doimgidek, qo‘shiq deyarli hech narsa haqida. Hamma urg‘u klipda. Undagi voqealar guruch, hot-dog va aroq sotiladigan “Wu Kang” restoranida sodir bo‘ladi. Sanalgan mahsulotlar bilan assotsatsiya bo‘ladigan davlatlarni eslab ko‘ringchi? Sizda ham guruch Xitoyni, hot-dog AQSHni, aroq esa Rossiyani eslatadimi? IK klipda aynan shularni nazarda tutadi.
Restoran xodimlari o‘zaro karta o‘ynashadi. Kartadagi “qiymat” (obrazlar) o‘zgartirilgan. Ilya doim odatiy qozoqcha obrazlarni yurganda, uning raqibi chet ellik bilan uni “bosaveradi” va uchta davlat bilan bog‘liq holatlar ko‘rsatib beriladi. Har bir “bosilgan” karta uchun bir bo‘lak Qozog‘iston xaritasi obrazidagi uch bo‘lakli tortdan bir bo‘lagi ketaveradi.
Ammo ular restoranga kirganda Ilya ularning ovqatiga zahar qo‘shib beradi. Shundan so‘ng guruh a’zolar qozoqcha milliy taom — beshbarmoq yeb o‘tirishadi.
“Беги”
IKning hamma qo‘shiqlari ham ma’nosiz emas. “Беги” treki maishiy va oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kuylangan qo‘shiq. Klip ham shunga mos. Unda ayoliga zulm o‘tkazadigan erkaklar haqida kuylanadi. Guruh bu kampaniya doirasida Olmaota ko‘chalaridan birida katta mural ham chizdirgan. Klip so‘nggida keltirilishicha, Qozog‘istonda 17 foiz ayollar o‘z sheriklari tomonidan jismoniy yoki jinsiy zo‘rlikka uchraydi. 33 foiz ayollarning sheriklari ularning ustidan “hukmron"lik qiladi, bu respublikadagi har uchta ayoldan biri demakdir. Qo‘shiq va klip aynan shu haqda.
“Qoch, kuching borida qoch!” — qo‘shiqda aynan shu so‘zlar yangraydi. Irina Kayratovna 2023-yil Toshkentda konsert berganida shu qo‘shiqni boshlashdan oldin sahnadan turib bunday insonlardan qochish, toksik munosabatlardan chekinish kerakligini qayta-qayta aytgandi.
“Джай”
Bunisi infolo‘ttivozlar haqida. Hayotda hech narsaga erishmagan odamlar “aqllilik” qiladi. Ha, bu muammo Qozog‘istonda ham bor.
“Taboo” (feat Ninety One)
Bu ham ma’noliroq qo‘shiqlardan biri. Qozog‘istonning yoshlar orasida yana bir mashhur guruh — “Ninety One” bilan qilingan duetda jamiyatning har xil qatlami va segmentlari bir stol atrofida yig‘iladi. Matnda ijtimoiy-siyosiy muammolar ko‘tariladi (qo‘shiq matni bu yerda). Guruhlarning a’zolari o‘z “segmenti” bo‘yicha kuylaydi. Masalan, “Ninety One” a’zosi “Проблемаларынның амбассадоры мен” (“muammolaring elchisi”), deydi. U korrupsiya nomidan gapiradi. Ya‘ni korrupsiya — har muammo asosi, elchisi, demoqchi bo‘lishadi. Klip haqida batafsilroq sharhni bu yerda ko‘rishingiz mumkin.
Qo‘shiqlar
“China”
“Adjare Gudju” (feat Hiro)
“Arriva”
“Kok Tu”
“Алматы-Коста-Рика” (feat Hiro)
“MVP”
“Ne Angime?”
“Koke” (feat Hiro, De Lacure, Fatbelly)
“Krash”
“Subzero”
Irina Kayratovna qatnashgan ko‘rsatuvlar
Intervyu — Yuriy Dud
2021-yilda rossiyalik mashhur jurnalist, videobloger Yuriy Dud qozog‘istonlik ijodkorlar bilan katta intervyu qilgan. Ushbu intervyu davomida guruh a’zolari haqida ko‘proq bilib olish, kliplarning yaralishi haqida Kukaning oʻzidan eshitish mumkin. Qat’iy tavsiya qilinadi.
Қызық LIVE
Bu odatiy shou bo‘lishi mumkin edi: agar dastur boshlanishida bolalar xori va musiqiy jamoasi tomonidan jonli kuylangan “5000” qo‘shig‘i bo‘lmaganda; haqiqiy ismi Irina Qayrat qizi bo‘lgan fuqaro topib kelinmaganda. Xullas, ko‘ring, qiziq, zerikmaysiz.
Men tugatdim. “Кеттiк, бәрін таста!”.
“Hafta artisti"ning oldingi sonlari: