“Mabodo koʻrmay qolgan boʻlsangiz”: Oʻzbekcha YouTube hafta ichida

E’lon qilingan sana· 98
“Mabodo koʻrmay qolgan boʻlsangiz”: Oʻzbekcha YouTube hafta ichida

Oxirgi paytlarda YouTube’ning o‘zbek segmenti ham ancha faollashdi, kontentlar ko‘paydi. Hozir videolar shu darajaga yetdiki, ko‘rib tugatib bo‘lmaydi, hatto sifatli va mazmunlilarini ham. Hafta davomida e’lon qilingan materiallarni foydalanuvchilar keyinroq ko‘rish uchun o‘tkazib yuboradi, lekin u videoni keyinchalik eslamasligi ham mumkin. Shu munosabat bilan Afisha.uz har hafta oxirida YouTube‘da e’lon qilingan o‘zbekcha kontentlarni bir joyga to‘plab, “Mabodo ko‘rmay qolgan bo‘lsangiz” rukni ostida e’lon qilib boradi.

O‘zimizning mahsulot

Toshkentdagi birinchi IMAX kinoteatrga sayohat

Tashkent City Mall’da O‘zbekistondagi birinchi IMAX zalga ega “Cinematica” kinoteatri ochildi. Afisha.uz birinchilardan bo‘lib u yerga borib, kinoteatr haqida batafsil video tayyorladi.

Maftunkor pianonichi Lola Astanova konsertidan reportaj (rus tilida)

25-fevral kuni Xalqaro forumlar saroyida dunyoga mashhur pianinochi Lola Astanovaning konserti bo‘lib o‘tdi. Astanova ham klassik asarlar, ham mashhur filmlardan saundtreklarni ijro etdi.

Lola “Afisha” muharririga o‘zining garderobi, Toshkentdagi bolaligi bilan bog‘liq xotiralar, ilhom manbai va muvaffaqiyat yo‘li haqida gapirib berdi.

Podkastlar

“Uzbekonomics” — “Shahar ichidagi universitetlar, xususiy universitetlar nazorati va amaliyotchilar maoshi”

AQSHda yashovchi o‘zbekistonlik iqtisodchilar Behzod Hoshimov (Viskonsin universiteti) va Botir Qobilov (Garvard universiteti) “Uzbekonomics"ning navbatdagi sonini e’lon qildi. Unda shahar ichidagi universitetlar, xususiy universitetlar nazorati va amaliyotchilar maoshi haqida so‘z borgan. Mualliflar o‘rtaga ushbu savollar tashlanganini yozadi:

  • Nima uchun universitetlar shaharlar ichida bo‘lishi kerak?;
  • Xususiy universitetlar ko‘payishi nima uchun yaxshi jarayon va ularning sifatiga kim yaxshiroq baho bera oladi?;
  • Mehnat bozorida amaliyot o‘tayotgan stajorlar uchun ish beruvchilar maosh to‘lashlari kerakmi yoki bepulga ishlashlari toʻg‘rimi? Ish beruvchi davlat bo‘lsa yoki xususiy biznes bo‘lsachi?

“Lolazor” — “Hokimlar ham ko‘proq gapirsin”

Mualliflar bu sonda ta’lim tizimidagi ayrim muammolar, energetika sohasidagi iqtisodiy shubhali loyihalar, O‘zbekistonda hindistonlik va bangladeshlik ishchilarning ishlashi, Prezident farmoni va uning atrofidagi mulohazalar, hokimlarning matbuotga ochiqligi, AI-80 benzin taqiqlanishi kabi mavzularda suhbatlashgan.

“Qurultoy” — “Qoʻqon xonligining Usmonli imperiyasi bilan diplomatik aloqalari”

Podkastning bu sonida tarixchi olim, PhD Sherzodxon Mahmudov mehmon bo‘lgan. Mahmudov Qoʻqon xonligi tarixi bilan shugʻullanib keladi. Muallif Nodir Nishonov, ekspert Eldar Asanova va mehmon bu safar Qoʻqon xonligining diplomatiyasi va xususan Usmonli saltanati bilan munosabatlari haqida suhbat olib borishgan.

“Ular” — “Farhod Tolipov O‘zbekiston Rossiyaga qanday javob qaytarishi kerakligi haqida”

“Ular” podkastining navbatdagi mehmoni siyosatshunos, “Bilim karvoni” nodavlat ilmiy-ta'lim muassasasi direktori hamda Webster universiteti professori Farhod Tolipov. Bloger Laziz Hamidov hamda jurnalist Shuhrat Latipov mehmon bilan informatsion hujumlar, O‘zbekistonning tashqi siyosati, “ojizlik kompleksi”, Rossiyaning agressiv diplomatiyasi hamda xalqaro siyosiy maydon haqida suhbatlashgan.

“Alohida mavzu” — “Yuzimizga tutilgan oyna yoxud PISA natijasi Oʻzbekistonda ta’lim qulaganidan darakmi?”

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) o‘quvchilarning ta’limdagi ko‘rsatkichlarini baholash bo‘yicha xalqaro dastur — PISA’ning 2022-yilgi natijalarini e’lon qilgandi. Unda O‘zbekiston ilk marta qatnashib, oxirgi o‘ntalikdan joy olgan. Shundan so‘ng prezident ham “ta'limda qilinadigan ishlar hali ko‘pligi ko‘rsatib qo‘yilgani"ni aytgandi. “Alohida mavzu” muallif va mehmonlari bu sonda ta’lim va ushbu reyting haqida suhbatlashgan.

Boshqa ko‘rsatuvlar

Alimoff — “Sikhlar qasosi | Indira Gandi nega va qanday oʻldirilgan edi? | Tarix rakursi”

Bloger Nurbek Alimov 1984-yilda Hindiston bosh vaziri Indira Gandi o‘z qo‘riqchilari tomonidan o‘ldirilishi va buning sabablari haqida “Tarix rakursi” vlogida gapirib beradi.

“Xuddi shunday” — “Ikkinchi Chechen urushi — ichki kelishmovchilik, terrorizm va harbiy jinoyatlar”

1996-yil Rossiya uchun Chechinistondagi kamsituvchi magʻlubiyat bilan tugadi. Oʻshanda koʻpchilik tinchlik gʻurur va shan evaziga sotib olinayotgandek tuyulgan. Chechenlar uchun esa bu mustaqillikni olib kelgan milliy gʻalaba edi. 1996-yil dekabr oyida Chechinistonni oxirgi Rossiya askarlari tark etishdi. Ular oʻzlaridan vayronalarga aylangan respublikani qoldirishdi. Chechinistonni bir necha maydon komandirlari boshqarardi.

Ushbu videoda birinchi Chechen urushi oqibatlari va Ikkinchi chechen urushining boshlanish haqida gap boradi.

“Spot.uz” — “Ayol Taxi: ayollar uchun taksi xizmati qanday ishlaydi?”

Abdujalol Egamberdiyev 25 yoshda. Dastlab tilshunoslik sohasiga qiziqqan Abdujalol 2023-yil “Ayol Taxi” loyihasini yo‘lga qo‘ydi. Bu ishni boshlash uchun shaxsiy avtomobilini sotib, birinchi sarmoyasini kiritdi.

Tadbirkor bu loyihani yo‘lga qo‘yishiga nima sabab bo‘lgani, poytaxtdagi jamoadan rad javobi olgani, sarmoya uchun shaxsiy avtomobilini sotgani, ish jarayonidagi qiyinchiliklar va xodimlar tizimi haqida Spot’ga so‘zlab berdi.