Hafta artisti: Munisa Rizayeva
Bu — Afisha.uz'ning har hafta e’lon qilib boriladigan yangi formatdagi “Hafta artisti” rukni. Unda biz bir ijodkorni tanlab, u haqida qisqacha ma’lumot va e’tiborga molik treklarini ulashib boramiz. Bu, o‘ylaymizki, uzoq davom etadi va siz yangi artistlarni kashf qilasiz, avvaldan tanish bo‘lganlarini esa yaqinroq bilib olishingiz va qo‘shiqlarini qayta tinglashingiz mumkin bo‘ladi. “Hafta artisti"ning navbatdagi qahramoni — Munisa Rizayeva!
Qisqacha biografiya
Xonanda Munisa Rizayeva 1986-yilning 21-oktyabrida Toshkent shahrida tug‘ilgan. Munisa bolaligidan musiqa, raqsga qiziqishni boshlaydi. Qizidagi iste’dod va qiziqishni ko‘rgan onasi uni taniqli raqqosa, O‘zbekiston xalq artisti Malika Ahmedovaga shogirdlikka beradi. Shundan so‘ng u yana musiqa bo‘yicha boshqa to‘garaklarga ham boradi, ammo otasi Munisaning qo‘shiqchi bo‘lishiga qarshi bo‘ladi.
Maktabda o‘qib yurgan paytlari Munisa oilasi bilan Londonga ko‘chib ketadi. U Londondagi Hames Valley University’da musiqa bo‘yicha ta’lim oladi. Darvoqe, oiladagi uch farzanddan faqatgina o‘rtanchasi, ya’ni Munisa ushbu yo‘nalishni tanlagan, opasi Kamola va singlisi Karima esa boshqa sohalarda faoliyat yuritishadi, ammo Karima Rizayeva xonandagi yaqindan yordam berib turadi.
Keyinchalik ikkinchi yo‘nalish sifatida boshqa bir nufuzli Angliya universitetida Mehmonxona biznesi va turizm yo‘nalishida ham o‘qiydi.
Hozircha Munisa Rizayeva Toshkentdagi yirik mehmonxonalardan biriga egalik qiladi.
Munisa va musiqa
Munisa yoshligidan musiqaga qiziqqani uchun har gal O‘zbekistonga kelganida turli tanlovlarda qatnashgan. 2004-yili Toshkentda o‘tkazilgan “Umid yulduzlari” ko‘rik-tanlovida “Nega-nega” qo‘shig‘i bilan qatnashib, g‘oliblar safidan joy oladi.
Oradan bir necha yil o‘tib, odamlar Munisani alohida bir ijodkor, qo‘shiqchi sifatida taniy boshlaydi. Xonandaning o‘zi esa 2011-yilni hayotidagi eng muhim yillardan biri deb bilishini aytadi. Aynan o‘sha yillarda u ko‘zga ko‘rinishni va qo‘shiqlari xitga aylanishni boshlagan. 2012-yilda esa haqiqiy xit — “Ayrilma yor” taqdim etilgan. Munisaning ilk qo‘shiqlarini ko‘pchilik yaxshi eslasa kerak, undagi o‘zgacha drayv va kliplaridan yangicha nafas uni boshqalardan ajratib turardi.
Shundan so‘ng u “Hollivud”, “Sekin-asta”, “Ey samo” singari ijod mahsullarini birin-ketin tinglovchilarga havola qiladi va barchasi xit darajasiga ko‘tariladi. U nafaqat singllar, balki duetlarni ham muvaffaqiyatli kuylagan, masalan, “Ummon” guruhi bilan kuylangan “Vo ajab”, Botir Qodirov bilan ijro etilgan “Dema-dema"ni ko‘pchilik yaxshi eslasa kerak.
Qo‘shiqlar
“Ey samo”
“Yoringmane”
“Sekin-asta”
“Hollywood”
“Yonar”
“Yorim”
“Vo ajab” (feat “Ummon”)
“Dema-dema” (feat Botir Qodirov)
“Sakramento”
Yangi qo‘shiqlar
Aytish mumkinki, qaysidir nuqtada Munisa Rizayeva o‘z yo‘nalishini biroz o‘zgartirdi. Yuqoridagi qo‘shiqlar birinchilaridan bo‘lib, ular drayv va yuqori kayfiyatga to‘la edi. U paytlarda internet va striming platformalar ommaviy bo‘lmagan, TV orqali tanilib, telefonlarga blutuz orqali tarqalgan edi. Quyidagi Rizayevaning “yangicha” qo‘shiqlari.
“Aybim sevganim”
“Yomg‘ir”
“Ovuna”
“Dil”
“Yonma dil”
“Ayrilding”
“Jonginam” (cover Laylo Aliyeva)
“O‘ylamading” (feat Konsta)
“Hafta artisti"ning oldingi sonlari: