Hafta artisti: Sevara Nazarxon

E’lon qilingan sana· 383
Hafta artisti: Sevara Nazarxon

Bu — Afisha.uz'ning har hafta e’lon qilib boriladigan yangi formatdagi “Hafta artisti” rukni. Unda biz bir ijodkorni tanlab, u haqida qisqacha ma’lumot va e’tiborga molik treklarini ulashib boramiz. Bu, o‘ylaymizki, uzoq davom etadi va siz yangi artistlarni kashf qilasiz, avvaldan tanish bo‘lganlarini esa yaqinroq bilib olishingiz va qo‘shiqlarini qayta tinglashingiz mumkin bo‘ladi. “Hafta artisti"ning uchinchi qahramoni — Sevara Nazarxon!

2-fevral kuni e’lon qilingan “Mabodo ko‘rmay qolgan bo‘lsangiz”: O‘zbekcha YouTube hafta ichida" nomli maqolamizda Sevara Nazarxon haqida alohida material tayyorlashga va’da bergandik, va’daga vafo — bugun o‘sha kun keldi — “Hafta artisti"ning bu galgisini Sevara Nazarxonga bag‘ishlaymiz.

Elf Sevara (Umida) Nazarxon

Sevara Nazarxon Gazeta.uz'ga bergan intervyusida o‘zini elflarga o‘xshatishini aytadi. Ha, ularga ishonish qanchalik ahmoqona tuyulsa, shunchalik ajoyib. Chunki mo‘jizalarga ishonadigan odamlargina mo‘jiza yarata oladi. Sevara Nazarxonning ijodi, hatto tug‘ilishi ham mo‘jiza.

Sevara Nazarxon — 1976-yilning 23-dekabrida (va 31-dekabrida, bu haqda sal pastroqda) Andijon viloyatining Asaka shahrida tug‘ilgan (Nazarxonning onasi Muhtaram Beknazarovaning prezident bilan suhbatida aytishicha, o‘sha paytlarda turmush o‘rtog‘ining ishi tufayli Andijonda yashashgan, Sevara ham shu sababli Asakada dunyoga kelgan). Musiqachilar oilasida tug‘ilgan Sevaraning ismi dastlab Umida bo‘lgan. U tug‘ilishi bilan klinik o‘lim holati kuzatilgan, ammo biroz vaqt o‘tgach chaqaloq hayotga qaytadi.

Shu sababli dastlab unga Umida deb ism qo‘yishadi, hujjatda ham shunday ketadi, ammo keyinchalik otasi “qizim sevimli bo‘lsin”, deya Sevara deb chaqirishni boshlaydi. Pasport olayotgan vaqtda esa ismini rasman Sevaraga o‘zgartirgan.

Sevara 1998—2003-yillarda O‘zbekiston davlat konservatoriyasida tahsil olgan. San’atga kirib kelishi esa “T-solo” (Karen G‘ofurjonov, Alisher Madumarov) guruhiga to‘g‘ri keladi. Keyinchalik Nazarxon boshqa — O‘zbekiston xalq artisti Mansur Toshmatov asos solgan to‘rt nafar qizdan iborat “Sideris” guruhiga “transfer” qilinadi. Lekin uning guruhlardagi faoliyati unchalik ham muvaffaqiyatli chiqmaydi, Nazarxonni baribir yakkaxon ijodi orqali tanishadi.

“Best Asian Artist” — Eng yaxshi osiyolik san’atkor

1999-yildan o‘zbek tilida ham qo‘shiqlar kuylashni boshlagan Sevara 2003-yilda “Yo‘l bo‘lsin” albomini taqdim etadi. Albomning musiqiy prodyuseri taniqli fransuz musiqachisi va prodyuseri Ektor Zazu boʻlgan. Nazarxon ushbu albomi bilan 2004-yilda nufuzli “BBC World Music Award” tadbirida “Best Asian Artist” (Eng yaxshi osiyolik san’atkor) nominatsiyasiga sazovor boʻlgan.

Bu orada o‘sha mashhur “Ko‘rgim kelar”, “Yur, muhabbat” treklari ham taqdim qilingan va muhlislar tomonidan iliq kutib olingan.

Sevara Nazarxon yillar davomida Rossiyaning “Голос”, “Точь в точь” kabi mashhur shoularida muvaffaqiyatli ishtirok etib, ko‘pchilikning mehrini qozongan. U 2012-yilda “Голос” shousining uchinchi bosqichigacha muvaffaqiyatli yetib borgan, Leonid Agutin jamoasida bo‘lgan Sevara g‘oliblik uchun asosiy da’vogarlardan bo‘lgan, ammo yakunda Artyom Kacharyanga imkoniyatni boy bergan.

U ushbu loyihada qatnashib yurgan vaqtlarida birdaniga 3 ta davlatda yashagan — Oʻzbekiston, Buyuk Britaniya va Rossiya. “Голос"dan bo‘sh paytlarida Londonga borib, “You Shine” albomini yozgan.

“Точь в точь” loyihasidagi ishtirokida esa Nazarxon Rihanna, Odri Hyobern, Alla Pugachyova, Farruh Zokirov kabi obrazlarni gavdalantirgan. Uning shoudagi chiqishlarini ushbu pleylist orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Konsertlar

2019-yil, Humo Arena

Sevara Nazarxonning konsertlari alohida san’at, butun boshli asar. Qo‘shiqlar, ularning ketma-ketligi va matni, orkest, xor — hamma-hammasiga professional yondashuv. Asosiysi — to‘laqonli jonli konsert.

Konserti davomida bejirim kiyimlar emas, shunchaki oddiy va qulay kiyimlarni tanlashi, muhlislarini iliq so‘zlari bilan siylab turishi, samimiyligi, o‘zbekcha va ruscha aralashtirib gapirib, o‘ziga xos xarizma bilan raqs tushishi, noodatiy, ammo o‘ziga yarashgan qiliqlari, asosiysi esa ich-ichidan borini berib kuylashi beixtiyor uning ismini katta harflar bilan yozishga majbur qiladi — SEVARA NAZARXON!

Agar konsertlarini boshidan oxirigacha kuzatsangiz bir-bir yarim soat davomida ichingizdan turlicha hislar o‘tishi aniq. Jonli va didli konsertning asosiy mezoni ham shudir, balki. “Yurak Baxtiyor” va “Meni sev"larida o‘zingiz bilan suhbatlashishga majbur qiluvchi Sevara “A он не пришел”, “Magar” qo‘shiqlarida beixtiyor o‘ynashga majbur qiladi. Yuqoridagi qo‘shiqlari bilan o‘yga toldirgan qahramonning “Siz”, “Ko‘rgim kelar” qo‘shiqlarini eshitgandan so‘ng ko‘zingizdan yosh tomchilaganini ko‘rib hayron bo‘lmang, bu — Sevara.

2019-yil Humo Arena’da bo‘lib o‘tgan konsertda “Sirdoshim” qo‘shig‘i surdotarjimon va gapirishga layoqatsiz bolalar bilan kuylanadi.

Qo‘shiq matni, she’rlariga alohida e’tibor beradigan Sevara Nazarxon shoir Usmon Azimning ijodini sevadi. 2019-yilgi konsertni ham aynan “Yurak baxtiyor"dan boshlab, avjida “Deraza ortida bahor — mukammal. Inson — yaralmishning eng chala joyi” deyishi ham buning isboti bo‘lishi mumkin. Umuman, konsert davomida kuylangan naqd 5 ta qo‘shiq she’ri uning qalamiga mansub.

Nazarxonning konserti “Yur, muhabbat” va “Ulug‘imsan Vatanim"siz o‘tadimi? Yo‘q, albatta. Eng shirin joyi eng oxiriga olib qo‘yiladi. “Meni se-e-ev, jongina-a-m, bo‘lgin vafodor…” (aytgancha, bu — Nazarxonning o‘ziga yoqadigan qatorlar).

Jurnalist Aziza Qurbonova ushbu konsertga yozgan taqrizida “30+ dan keyin yig‘lash xavfli. Ammo Sevaraning konsertida emas. Bunga ruxsat bor”, deb yozadi.

“Sevgi”, 2022-yil

O‘zi har yili konsert beravermaydigan Sevara Nazarxon o‘tgan konsertlarining videosini chiqarishga ham shoshilmaydi. 2022-yil mart oyida bo‘lgan konsertining videosini 2024-yilning boshida e’lon qildi. “Sevgi” deb nomlanadi. Odamlar haqida gapirayotganda “ismi jismiga mos” degan ibora ishlatiladiku, shuni bu konsertga ham qo‘llasa ham bo‘ladi. Agar konsertni boshidan oxirigacha ko‘rib chiqsangiz, Sevara qo‘shiqlarida, hatto uning orasida nimadir demoqchi bo‘ladi, bu xuddi “o‘zingizni, borliqni, hayotni, atrofdagilarni seving, qadrlang, mana shu narsalar dunyoda eng keraklisi” degandek eshitiladi.

Nazarxon bu konsertida Usmon Azimdan yanada ko‘proq kuylagan — 7 ta. Shoirning she’ri bilan kuylangan “Qo‘ng‘iroqlar” qo‘shig‘i Turkiy xalqlar, Turkiston haqida. Mana shunday mavzularga-da qo‘l urgan ijodkor “Hali ko‘plar tushunib qolar, yurt sevmoqning nedir bahosi”, deydi “Hali kelar” qo‘shig‘ida.

“Qarg‘alar uchsa qaraylik"ni ko‘pchilik eshitgan, lekin sho‘x talqinda. Sevara Nazarxon ushbu konsertida “Qarg‘alar"ni matniga mos kayfiyatda kuylab bergan. Chunki aslida, bu qo‘shiq sho‘x kuylaydigan, raqsbop qo‘shiq emas. “Qarg‘alar uchsa qaraylik” xalq qo‘shig‘i sifatida tan olinadi, u 1916-yilda Marg‘ilondan Sibirga poyezdda olib ketilayotgan yigitlar tomonidan yozilgan. O‘shanda Turkistondan 123 ming kishi front orti ishlari uchun olib ketilgan. Qo‘shiqqa e’tibor bersangiz, fonda yurib ketayotgan poyezd ovozi ham bor.

Bu konsertda ham, ana’naga ko‘ra, “Yur, muhabbat” oxiriga olib qo‘yilgan. Nazarxon bu qo‘shiqni faqatgina o‘zi maromiga yetkazib kuylashini bilsa-da, sevimlisiga aylangan, so‘zlarini yoddan biladigan muhlislariga ham birga qo‘shilib kuylashga imkoniyat beradi. Qo‘shiqning tempi oshib borishi, oxiriga borib esa improvizatsiya qilinishi shunchaki ajoyib. “Yur, ketdi-i-ik”, deb “Yo‘-o‘q, ketmayli-i-i-ik” deyishlari esa improvizatsiyaning yana bir turi. Eng zo‘ri esa ukrainalik ijodkor Oleksandr Gordeev bilan kuylangan “Yur, muhabbat"ning davomidir.

Bunday she’rni yozgan Muhammad Yusufga, uni ijrosini qoyillatgan Sevara Nazarxonga qancha rahmat aytsa kam, menimcha.

Ha aytgancha, tepada Nazarxon oilasi musiqachi bo‘lgani haqida yozgandim. Bir necha intervyusida onasi ham sahnaga chiqishni xohlaganini, ammo bu orzusi ko‘pam amalga oshmay, o‘zi sahnaga chiqqanini aytgan Sevara Nazarxon bu konsertida onasining ijodiga ham alohida vaqt ajratgan — Muhtaram Beknazarova “Tanovor"ni chaladi.

Konsertda yana bir “mimimi” holat bor: Nazarxonning ikkinchi farzandi — Iman “Magar” qo‘shig‘ini birga kuylaydi. Ko‘pchilikning oldida biroz uyalgan, ammo kirishib ketganidan so‘ng erkin harakat qilishni boshlagan Iman sahnada o‘zining shirin ovozi bilan onasiga qo‘shilib turadi.

Tinglang. His eting. Seving.

Qo‘shiqlar

“Ko‘rgim kelar” (Bobur Bobomurod she’ri)

“Umr oqmas bir tekkisda tek,
Kimlarnidir hasrat yengadir…”

“Meni sev"(Muslim Yo‘ldoshev she‘ri)

“Meni sev, jonginam, bo‘lgin vafodor…”

“Magar” (J. Subhon she‘ri)

“Magar sen gulga oshnosen, umidlar mulkiga shohsen”

“Yurak” (Usmon Azim she’ri)

“Bir kam dunyo” (Zafar Hoshimov she’ri)

“Qarg‘alar” (xalq qo‘shig‘i)

“А он не пришел” (Sergey Mixalkov she’ri)

“Там нет меня”

“Yur, muhabbat” (Muhammad Yusuf she’ri)

“Ulug‘imsan Vatanim” (Muhammad Yusuf she’ri)

Unutmang, Nazarxonni jonli tinglash kerak. Buni his qilib ko‘rish kerak. Hech bo‘lmasa bir marta.

“Hafta artisti"ning oldingi sonlari:

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov