“Tom va Jerri”dan “Qunduz amaki”gacha: mashhur qadrdon multseriallarni eslaymiz
Afisha.uz'da yana nostalgiya vaqti. Bu safar unchalik uzoqqa qaytmaymiz, lekin bir zum bolalik davringizga sayr qilishingiz aniq. Ko‘pchilik bolaligida multfilmlar, multseriallarni sevib tomosha qilgan. 2000-yildan keyin tug‘ilganlarning multfilm bo‘yicha xotiralari ham “rangli” — ular keng turdagi multiklarni turli tillarda rangli tarzda tomosha qilishgan.
Multfilmlar asosan yosh bolalar vaqtni chog‘ o‘tkazishi uchun ishlanadi. Hozirgi kunda bolalar uchun kontentlar ko‘p, katta ehtimol bilan farzand ota-ona tomosha qilgan multfilmlarni tomosha qilmaydi, chunki variantlar cheksiz. Ehtimol, agar quyidagi multfilmlarni qo‘yib bersangiz hozirgi bolalarga qiziq tuyulmasligi mumkin, buni ko‘rgan kattalar videolarni beixtiyor YouTube’dagi “Watch later” qismiga olib qo‘yishi mumkin. Demak, nostalgiyaga tayyor bo‘lsangiz, biz boshlaymiz (multfilmlarni bemalol ko‘rib olishingiz uchun ataylab yakshanbani tanladik).
“Tom va Jerri”
Uddaburon sichqon va tinim bilmas mushuk obrazlarini ko‘rmagan bola bo‘lmasa kerak. Bu multfilm 1940-yilda Uilliam Hanna va Jozef Barbara tomonidan yaratilgan. Orada 80 yildan ko‘p vaqt o‘tgan bo‘lsa-da bu kartina muxlislarga birdek manzur bo‘ladi. Uning boshlanishidagi “Metro-Goldwyn-Mayer” sheri va uning ovozi, uy bekasining ko‘rinmas yuzi, Tomning har xil shaklga kirishi… hammasi bolalikning bir qismi. Hozir uni yana bir qayta ko‘rib, o‘sha damlarni bir eslang, agar farzandingiz bo‘lsa, u bilan birga ko‘ring.
“Senimi, shoshmay tur”
Bu multfilm ssenariysi ham yuqoridagiga o‘xshab ketadi. Ammo unda qahramonlar boshqa — bo‘ri va quyon (xuddi yangi narsani tanishtayotgandek gapirib o‘tirishimni qarang, esim qursin). 1968−1969 yillarda “Союзмультфильм” kinostudiyasi tomonidan ishlangan. Eng qizig‘i, bu sevimli multik kompaniya direktori Mixail Valkov toʻrtta yosh hazil-mutoyiba yozuvchilari — Aleksandr Kurlyandskiy, Feliks Kamov, Arkadiy Xait va Eduard Uspenskiyga “Bolalar uchun qiziqarli nimadir ishlab chiqing”, degan soʻzi bilan boshlangan. Ko‘ring, faqat yig‘lamang.
“O‘rgimchak Zina”
Quyidagi linkka o‘ting, kirish qismidagi musiqani eshiting — vaqt orqaga qaytgandek bo‘ladi, ayniqsa siz opa-ukalaringiz bilan katta bo‘lgan bo‘lsangiz. Bu multikni boshqa ta’riflab o‘tirish shart emas.
“Qunduz amaki qissalari”
“Bittasini aytdingiz, endi yana bitta aytib bering. Haligi, sichqonlarning nikoh haqidagisi bor-u, o‘shanisini…”. Qadrdon ovozlar, qadrdon ertaklar. Bolaligingizda dublyajga e’tibor bermagan bo‘lishingiz tayin, lekin hozir bu multfilmni ko‘rsangiz, ovoz egalari ham endi sizga tanish bo‘lishi mumkin. Mana o‘sha sichqonlarning nikoh to‘yi haqidagi seriyasi. Mazza qiling!
“Skruch Makdak”
Bolaligingizda bir marta bo‘lsa ham janob Makdakdek tillolarga cho‘milishni xohlagansiz, aldashga urinmang.
“Shumtakalar”
Bular shumtakalar emas, haqiqiy ishbilarmonlar! Ushbu multfilm fransuz multiplikatorlari tomonidan ishlangan. Qiziq ma’lumot: bloger Nurbek Alimovning qayd etishicha, bu multfilmda bir nechta tarixiy shaxslarga murojaat bor. Masalan, sohibjamol Loren — italiyalik mashhur aktrisa Sofiya Loren, biznesmen Dou Jons — AQSH fond bozoridagi Dow Jones indeksi, kichkintoy Zigmund — mashhur psixoanalitik Zigmund Freyd, kichkintoy Papon esa Al Kaponega o‘xshatma qilib olingan.
“G'arbga sayohat”
2000-yillar Xitoy va Kanada ijodkorlari tomonidan ishlangan bu multfilmni ko‘pchilik sevib tomosha qilgani aniq. Undagi obrazlar o‘z vaqtining “Marvel superqahramonlari” bo‘lgan. Musiqasi ham barchamizga juda tanish.
“Aka-uka Grimm ertaklari”
“Hoy, shirintoy bolalar, qo‘shiling davramizga, ertaklarning sururli sirin ochamiz sizga…”. Bu ovozni eshitib, televizor qarshisiga mixlanardik. Yana o‘xsha davrlar qaytgandami… Buning iloji yo‘q, shu uchun iloji bor narsa bilan shug‘ullanish mumkin — multfilmni ko‘ramiz!
“Dunyo bo‘ylab 80 kun”
Dunyoni 80 kunda aylanib chiqishning iloji bormi? Mister Fok lordning qiziga uylanish uchun buni uddalay oladimi? Fiks qanday hiylalar ishlatadi?
“Mittivoylar” / “Smurflar”
Jodulangan qishloq. Mitti ko‘m-ko‘k mavjudotlar. Har birining o‘ziga xos xarakteri, o‘ziga xos jihatlari bor. Smurf-ota esa qishloqda eng kattasi. Ularga birgina Gargamel va uning mushugi halal beradi, xolos. Lekin smurflar har doim Gargameldan ustun kelaveradi. Nonushta vaqti “Smurflar"ni ko‘rib, unda bir muhim obrazdek “maktabga borishni yomon ko‘raman” deb, maktabga otlanish boshqacha edi, eh.
“Gami ayiqchalari”
Bu ayiqchalar bolaligingizda do‘stingizdek ko‘ringan bo‘lsa, hozir yoqimtoy mitti mavjudotchalardek ko‘rinadi. Ularni sehrli damlamasi esingizdami?
Shu bilan to‘plamimiz tugadi. Buni aytish qanchalik og‘ir bo‘lmasin, baribir aytishimiz kerak, multfilmlarni ko‘rishga ko‘rdingiz, lekin ertaga ishga borishingiz kerak. Yangi hafta omadli o‘tsin!