"Bepul English": Ingliz tilini mustaqil o‘rganish uchun YouTube kanallar

E’lon qilingan sana· 7 620
"Bepul English": Ingliz tilini mustaqil o‘rganish uchun YouTube kanallar

Xorijiy til bilish bugungi kunda eng kerakli va dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Til bilishning moliyaviy afzalliklaridan tashqari boshqa “plyuslari” ham bor, masalan, biror xorijiy tilni bilgan odamning kontent iste’mol qilishi va ma’lumot olishi, bir tilli foydalanuvchidan ancha farq qiladi. Imkoniyatlar oshadi. Til o‘rganishga keltiriladigan boshqa klassik sabablarni esa juda yaxshi bilasiz.

Juda ko‘pchilik ingliz tilini o‘rganish uchun pulli kurslarga borish kerak deb o‘ylaydi. Ammo tashqarida XXI asr. YouTube platformasi orqali deyarli barcha tilni o‘rganish imkoni bor. Afisha.uz ingliz tilini bepul o‘rganish mumkin bo‘lgan YouTube kanallarni bir joyga to‘pladi. Faqat xohish va salgina qunt topa olsangiz bo‘lgani.


Ingliz tili o‘zbek tilida

Ibrat Farzandlari

Ushbu loyiha Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilgan. U yerda nafaqat ingliz tili, balki boshqa ko‘plab tillari — nemis, fransuz, italyan, arab, koreys, xitoy va hatto qoraqalpoq tili hamda boshqa ko‘plab tillarni o‘rganishingiz mumkin. Hammasi 0 dan — alifbodan boshlanadi. Hammasi o‘zbek tilida. Professional o‘qituvchilar, yoqimli ovoz va sifat, bepul — barchasi tillarni o‘rganish uchun ideal.

Teacher Azam

Ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘pchilikka tanish bo‘lgan ingliz tili o‘qituvchisi A’zam Qahramoniy o‘z YouTube kanalida bepul ingliz tili darslarini taqdim etib keladi. Muallim A’zamning boshqa Youtube mualliflardan farqi shundaki, u har bir mavzuni oddiy tilda, rollarga kirishib, ko‘pchilikka tushunarli qilib yetkazib beradi. Uning kanalida grammatika, speaking, reading va hokazolarni qanday o‘rganish mumkinligidan tortib TOP universitetlar qanday bo‘lishi haqida ko‘rishingiz mumkin. Barchasi o‘zbek tilida.

Lingua Barno

Xalqaro toifadagi ingliz tili o‘qituvchisi Barno Asqarova ham foydalanuvchilarga ijtimoiy tarmoqlar orqali yaxshi tanish. Lingua Barno YouTube kanalida ingliz tilini 0 dan o‘rganish bo‘yicha marafondan tortib qanday qilib IELTS imtihonida yuqori ball olish mumkinligi haqidagi videolarni topshingiz mumkin.

Ingliz tili ingliz tilida

Speak English with Vanessa

O‘z YouTube blogini 9 yil oldin yuritishni boshlagan amerikalik Vanessa o‘qituvchilikda 10 yildan ziyod tajribaga ega. U dunyo bo‘ylab ingliz tili o‘rganuvchilariga o‘sha tilning o‘zida dars berib keladi. Vanessaning pleylistidan inglizlarning tez gapirishini qanday tushunish mumkinligi, yangi lug‘at va uning o‘zi bilan “suhbat” kabi videolarni topishingiz mumkin.

English with Lucy

Britancha ingliz tilini o‘rganmoqchimisiz? Unda Lyusi bor! Darslar interaktiv videoformatda taqdim etiladi.

English with James

Navbat kanadalik o‘qituvchiga. Jeyms 30 yildan beri o‘qituvchilik sohasida faoliyat yuritadi. “If you TRY, you can do anything!”, ya’ni “Agar harakat qilsang, hamma narsani eplay olasan”, degan shior bilan faoliyat yuritayotgan ushbu o‘qituvchining videolaridan ham ko‘p narsa o‘rganish mumkin. Shior borasida esa u haq.

Adam’s English Lessons

Hey, are you still here? It was just check-in. We should continue. It is Adam’s turn.

Yuqorida tavsiya etilgan 6 ta YouTube kanalni bir marta bo‘lsa ham qarab chiqqan bo‘lsangiz, yuqoridagi matnni tushunishingiz kerak. Xay, yana bir kanadalik o‘qituvchi tavsiya qilmoqchimiz — Adam. U ona tilisi ingliz tili bo‘lganlar qanday so‘zlashishidan tortib, IELTS imtihonidan qanday qilib yuqori ball olishgacha o‘rgatadi.

Learn English With TV Series

Agar sizni YouTube’dagi klassik darslar zeriktirsa, ingliz tilini qo‘shiqlar, kinolar va podkastlar orqali ham o‘rganishingiz mumkin. Ushbu kanal mualliflari turli kinolardagi suhbatlar, qo‘shiqlar matni va podkastda ishlatilgan so‘zlarni oddiy tilda tushuntirib, tahlil qilib beradi. Masalan, quyida ko‘pchilikning sevimli filmi hisoblangan “Garri Potter” filmidan tayyorlangan maxsus sonni ko‘rishingiz mumkin.

BBC Learning English

Vanihoyat, ro‘yxat so‘nggida “ayltschilar"ga “6 minute English” bilan yaxshi tanish bo‘lgan BBC. Britaniyaning yirik mediakorporatsiyasi o‘zining BBC Learning English YouTube kanalida turli qiziqarli kontentlar bilan ingliz tilini o‘rgatib keladi. Ularning “6 minute English” eshittirishi foydalanuvchilar orasida mashhur va IELTS imtihoniga tayyorlanayotganlar eshitish va tushunish qobiliyatini oshirish uchun aynan undan foydalanadi. Balki siz ham foydalanarsiz?

Endi ham o‘rganmaysizmi?!

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov