Hujjatli film darajasida: "Irina Kayratovna"ning 5000 klipiga to‘liq sharh
Qozog‘istonlik ijodkorlardan iborat "Irina Kayratovna" guruhining 5000 qo‘shig‘i oxirgi yillarda o‘zbekistonlik yoshlar orasida trenddan tushmayapti. Musiqa ikki yil oldin e’lon qilinganiga qaramasdan, Yandex.Music xizmatining O‘zbekiston bo‘yicha eng mashhur qo‘shiqlar ro‘yxatida yuqori o‘rinlarni egallab kelyapti.
Klip yashirin ma’no va nozik ishoralar juda ko‘p. “Ютубистан” YouTube kanali ushbu klipni to‘liq sharhlagan edi, Afisha.uz uni quyida o‘zbek tilida taqdim etadi.
Klipning boshlanish kadrlarida jamoa a’zosi Azamat Marklenov shamchiroq ushlagan holda Qozog‘iston jamoat va davlat arbobi Alixan Bukeyxanov obrazida sahnaga chiqib keladi.
Bukeyxanov “Alash Partiyasi” va keyinchalik, 1917-yilda yangi Alash oʻrda muxtor davlatiga asos solgan. Qozog‘istonda Alixan Bukeyxanovni qozoq xalqining ozodligi va siyosiy mustaqilligi uchun kurashgan arbob sifatida qadrlashadi. Alixan Bukeyxanov haqida o‘zbek tilida ushbu havola orqali o‘qishingiz mumkin.
Keyingi kadrlarda SSSR ichki ishlar komissariati vakillaridek formada chiqqan ikki kishi Azamatni tepkilashni boshlaydi. Quyidagi suratdan ham ko‘rish mumkinki, ularning formasidagi emblema komissariatnikiga maksimal darajada yaqin qilib ishlangan.
Ushbu kadr bilan 1917−1927-yillarda Bukeyxanovga Bolsheviklar tomonidan hamda mafkuraviy va siyosiy raqiblari tomonidan kuchli bosimlar o‘tkazilganiga ishora qilingan.
Bundan keyin esa ular Azamatni devorga olib borib tirashadi va uni “suratga olishadi”. Ammo kamera tugmasi bosilganda unda shunchaki chiroq yonmaydi, Azamatga qarata “kamera"dan o‘q uziladi.
Mazkur kadrlar Bukeyxanovning 1937-yilda davlatga xiyonatda ayblanib, SSSR Oliy sudi tomonidan o‘lim jazosiga hukm qilingani va uning ijrosi o‘sha kuniyoq ta’minlanganiga ishora hisoblanadi. Yuqoridagi kadrdan ko‘rish mumkinki, devorda o‘q izlari ko‘p, bu bilan klip rejissyori Kuka aynan ushbu modda bilan otuvga hukm qilingan faqatgina Alixan Bukeyxanov emasligi, ularning soni juda ko‘p bo‘lganini ko‘rsatishga harakat qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, aynan shu modda bilan o‘sha vaqtlarda 25 mingga yaqin qozoq otib o‘ldirilgan.
Kuplet boshlanishidan oldin Vatan uchun jonini berganlarning jasadlari to‘planib yotgani va ularning yonida zamonaviy kiyingan va TikTok tomosha qilib o‘tirgan yoshlar ko‘rsatiladi. Bu yerda Kuka Qozog‘istonning tarixi va hozirini ko‘rsatgan. Planshetga e’tibor beradigan bo‘lsak, unda Alash o‘rda yetakchilaridan birining yuzi bilan ishlangan video qo‘yilgan. Bu TikTok’ning qozoq segmentida rezonansga sabab bo‘lgach, uni montaj qilgan shaxs uzr so‘rab chiqqan.
Keyingi kadrga o‘tadigan bo‘lsak, qo‘shiqni o‘sha mashhur kupletlari boshlanadi, orqa fonda esa Alash o‘rdaning qator vakillari portreti ko‘rsatiladi. Ammo ularning ko‘zi qozog‘istonlik mashhur dizayner Sabit Sarixanning Bisen logotipi to‘silgan. Bisen dizayneri Sabit Sarixan 2020-yilda Olmaotada o’ldirib ketilgan. Bisen Qozog‘istondagi kiyim brendi bo‘lib, mashhur rep va hip-hop ijrochilari bilan assotsatsiya qilinadi.
Shundan keyin Azamatni pistoletda uch marta otib o‘ldirishadi.
So‘ng kadrda o‘lib yotgan Azamat, mikrofon va 2005-yil 12-noyabr yozuvli hujjatlar to‘plami ko‘rinadi. Bu sanada o‘sha paytdagi Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning muxolifatchisi Zamanbek Nurkadilov o‘z uyida o‘lik holda topilgan. Unga ham aynan uch marta o‘q uzilgan. Rasmiy munosabatlarda u o‘z joniga qasd qilgani aytiladi, lekin ko‘pchilik bu versiyaga ishonmaydi.
Bu klip nafaqat tarixiy faktlarga, balki “zamonaviy muammolarga” ham murojaat qilgan. Masalan, kadr boshqa lokatsiyaga ko‘chadi — amaldorning xonasiga. Amaldor rolida guruh a’zosi Ilya Gumenniy. Kotiba qo‘lida lego o‘yinchoq bilan kirib keladi va uni Ilyaga uzatadi. O‘yinchoq qutisi ustida esa “Nur-sultan LRT” yozuvi bor edi.
Yuqoridagi suratda esa bolakay lego o‘yinchoqlariga qarab o‘tirganini ko‘rish mumkin. Gap shundaki, Qozog‘istonning Ostona shahrida 2011-yili yerusti metrosi qurilishi boshlangan, ammo yuqori korrupsiya tufayli qurilish haligacha yakuniga yetkazilmagan. Lekin qurilishi allaqachon boshlab qo‘yilgani, hali loyiha yopilmagani (muzlatilgan) uchun ham shaharning ayrim qismlarida yerusti metrosining ustunlari haligacha turadi. Mahalliy aholi uni “korrupsiyaga o‘rnatilgan haykal” deb ataydi.
Amaldorning xonasida yana bir qiziq holat ko‘rsatiladi: trubaga tortilayotgan pullar. Bu yerda hammasi tushunarli — pul yuvish va korrupsiya.
Endi guruhning yana bir a’zosi Aldiyar Japarxanovning navbati. U bannerda tibbiy niqob taqqan holda tasvirlanadi. Bu pandemiya davrida Olmaota shahri ko‘chalariga niqob taqishga chiqiriq yozilgan bannerlar paydo bo‘ladi, ammo undagi rasmda qozog‘istonlik emas, filippinlik ayol bo‘lgani jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ladi. Rasmiylar esa bunga tasvirga olish tekinga tushishi uchun shunday yo‘l tutishgani bilan izoh berishgan.
Shundan so‘ng Aldiyar niqobni yechib, kastyum-shim kiygan holda (amaldorlardek) qozog‘istonliklarni yangi yil bilan tabriklab, nutq so‘zlashni boshlaydi. Shu payt u yana bir boshqa niqobni taqadi. Ammo endi bu niqob oddiy tibbiy emas, balki o‘sha paytda koronavirus bilan kasallanib, og‘ir holda kasalxonaga yotqizilgan bemorlarga ulangan sun’iy nafas berish moslamasining niqobi edi.
Aldiyar bayram tabrigini tugatgandan so‘ng ortiga o‘girilib, shaharda feyrverklar otilayotganini tomosha qilishni boshlaydi. Bu kadr bilan Kuka o‘sha yili (pandemiya) “poytaxt kuni"ga bag‘ishlangan mushakbozlikka ishora qilgan. Undan keyingi kadrlar esa pullar oddiy odamlar, kasallarning cho‘ntagidan olingani, har bir feyrverk ularning tanasini teshib o‘tgani (o‘ldirgani) ko‘rsatilgan.
Hokimiyat ushbu mushakbozlikni ostonaliklarning kayfiyatini ko‘tarish, pandemiya bilan kurashib kelayotgan tibbiyot xodimlarini qo‘llab-quvvatlash uchun uyushtirilayotganini aytgan, ammo bu tashabbus aholiga yoqmagan, hatto ular hokimiyatni sudga berishgacha borgan.
So‘ng Irina Kayratovna a’zolari amaldorlarni to‘xtatayotgani va ular Qozog‘iston xaritasi bo‘ylab yotgani ko‘rsatiladi. Bu bilan Kuanish yoshlar, kelajak avlod korrupsiyaga botgan amaldorlarni to‘xtatib qolishi mumkin degan messejni bermoqchi bo‘lgan.
Bundan keyin guruh a’zolari (ular endi odatiy kiyimlarida) Qozog‘iston xaritasini oqqa bo‘yaydi. Bu — yorqin kelajakka umidni bildiradi.
Klip Qozoq SSR Kommunistik partiyasi birinchi kotibi Dinmuhammad Qo‘nayev ishtirokidagi video bilan yakunlanadi. Unda aholi vakili Qo‘nayev davrida ocharchilik bo‘lmaganini aytib, unga minnatdorchilik bildiradi.
Irina Kayratovna a’zolari klip haqida
Kuanish Beysekov (klip rejissori) rus jurnalisti Yuriy Dudga bergan intervyusida nega bu klipni olishga qaror qilganini quyidagicha izohlaydi:
“Meni tashvishlantiradigan narsalar bilan bo‘lishgim keldi. Meni bundan to‘xtatmagan narsa — u odamlardan qo‘rqmasligim. Hozirgi kunda Qozog‘istonda, umuman, post-sovet davlatlarida shunday tendensiya shakllanganki, odamlar odamlardan qo‘rqadi, Xudodan emas, men esa teskarisi bo‘lishini xohlayman”.
Azamat Marklenov esa ba’zi ishoralarni aslida qo‘shilmagan bo‘lsa ham muhlislar o‘zlari topganini aytadi.
“Aytishim mumkinki, ba’zi ishoralarni biz klipga qo‘shmagandik, lekin muhlislar uni qaytadan ochib berishdi. Izohlarni o‘qib o‘tirib, „vau, sizlar yaxshiroq o‘ylab topdinglar“ deyman. Muhlislar uni shu darajada yaxshi va turlicha tushunishdiki, men ularni birortasini ham tushuntirib o‘tirishni xohlamayman”, — deydi Azamat.
Guruhning yana bir a’zosi Ilya Gumenniy esa klip suratga olinayotgan paytda bunday reaksiya bo‘lishini kutmagani, nozik narsalar borligini sezmaganini aytadi. “Bunga nisbatan ko‘pchilik „yil sarhisobi“ deb nom bergan, bu juda ajoyib”, — deydi Ilya.
Eslatib o‘tamiz, 3-dekabr kuni Toshkentda Irina Kayratovna guruhining konserti bo‘lib o‘tadi.