"Odamlar nima deydi?": Konsta va Timur Alixonov klipi taqdimotidan eksklyuziv reportaj
6-avgust kuni reper Konsta hamda bloger va qo‘shiqchi Timur Alixonov ijrosidagi “Odamlar nima deydi?” qo‘shig‘iga olingan klip taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ko‘plab odamlarni qiynagan mavzudagi taronaning klip taqdimotidan Afisha.uz muxbirlari foto va video reportaj tayyorladi.
Konsta (Sharif Abdullayev) o‘z muxlislarini topgan va tarmoqlarda bir necha million marta tinglangan “Odamlar nima deydi?” qo‘shig‘ining yaratilishiga to‘xtalarkan, shunday dedi:
“Hammasi Subyektiv’dagi intervyudan boshlandi. O‘zimiz bergan intervyuni ko‘rayotganimda, Mirshakarning „Odamlar nima deydi?“, degan savolga bergan javobi e’tiborimni tortdi. Uning shunday nomli ko‘rsatuvi ham bor edi. Qisqasi, qo‘shiq yaratilishiga o‘sha intervyu va Mirshakarning fikrlari turtki bo‘lib, ruhlantirdi. Keyin real hayotimizdagi holatlardan kelib chiqib qo‘shiq yozdik. Timurga qo‘ng‘iroq qilib, birga ijro qilishimizni aytdim, u qo‘shiqni eshitib darrov rozilik bildirdi. Taronani odamlarga taqdim etdik va yaxshi qabul qilindi”.
Uning aytishicha, tarona yoshu keksaga birdek ma’qul kelgan. “Chunki aksariyat odam shunday fikrda umr kechiradi, bu hammani qiynagan mavzu”, — deya qo‘shimcha qildi u.
“Qo‘shiq orqali „odamlar nima deydi?“, degan fikrda yashamaslikni uqtirishga harakat qilganmiz. Aslida aksariyatimiz huddi shunaqa hayot kechiramiz, o‘zim ham qisman shunday yashayman. Taronani yaratishimizdan maqsad — boshqalarni nazariga qarab yashash, birovlarni o‘ylab yashashga qarashi xalqimiz bilan birgalikda kurashish. Odam o‘zini o‘ylab, o‘ziga foydali va to‘g‘ri deb bilgan yo‘ldan borishi kerak, hammasi o‘zining xohishi”, — deydi Konsta.
Reper klip haqida gapirarkan, “Klip olish niyati paydo bo‘lganida Bekzod Abduvaliyevga qo‘ng‘iroq qilib, bu boradagi fikrlarimni aytdim. U ham o‘z tushuncha va g‘oyalarini bildirdi. Klipning tashkiliy ishlariga yarim yil vaqt ketdi, bu orada klipdagi ishtirokchilarning ham vaqtini kutdik. Mahsulotimiz qay darajada kerak bo‘lsa, shunchalik ommalashadi. „Klip albatta, hit bo‘lishi kerak, bo‘lmasa biz siqilib qolamiz“, degan maqsad qo‘yganimiz yo‘q. Biz yetarlicha mehnat qildik, agar mavzu jamiyatimiz uchun, odamlar uchun dolzarb bo‘lsa, klip ham o‘z-o‘zidan tarqaladi”, — deydi u.
Timur Alixonovning so‘zlariga ko‘ra, mualliflarda qo‘shiq mavzusi ancha dolzarb bo‘lgani va odamlarni qiynagani bois tinglovchilar yaxshi qabul qiladi, degan fikr bo‘lgan. Ammo taronaning bunchalik ommalashishi, u haqda jamoatchilik faollari, blogerlar va san’atkorlar tomonidan iliq fikrlar bildirilishini ijrochilar umuman kutmagan.
“Bu mavzu nafaqat men va Sharif akani, balki har bir o‘zbekni qiynagani uchun ham mazkur trekni yaratdik. Biz bu gaplarni aytib, odamlarni o‘ziga taqdim qilganimizdan, bizni ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlaganidan xursandmiz. Qo‘shiq bu darajada ommalashib ketishini kutmagandik. Bundan buyon ham odamlarning og‘riqli muammolari haqida qo‘shiq yaratishni reja qilganmiz”, — deydi u.
Timur Alixonov klip haqida fikr bildirarkan, “Klipni ko‘rgan odam bir martada tushunmasligi mumkin. Har bir odam o‘zi uchun nimadir kashf qiladi, o‘zicha ta’sirlanadi va xulosa chiqaradi”, deya qo‘shimcha qildi.
Klip taqdimotiga O‘zbekistondagi taniqli blogerlar, tadbirkorlar va sport yulduzlari tashrif buyurdi.
Ma’lumot uchun: klip rejissyor Ivan Proskuryakov tomonidan suratga olingan. Unda asosiy rollarni aktrisa va boshlovchi Husnora Shodiyeva, Subyektiv loyihasi asoschisi Jamshidxon Ziyoxonov hamda bloger Azam Qahramoniy ijro etgan.