Iroda va matonat testi: Boʻstonliqda "Sky Camp" tog' sporti festivali boʻlib oʻtdi

26−27 aprel kunlari Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida “Sky Camp 2025” togʻ sporti festivali boʻlib oʻtdi. U O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkillashtirilgan “Samarkand Marathon” xayriya yugurish musobaqalari turkumiga kiradi va Boʻstonliqda oʻtkazilgan uchinchi poyga hisoblanadi.
Afisha.uz muharriri marafonda qatnashdi va quyida oʻz taasurotlari bilan boʻlishadi.
Boʻstonliq, Zomin, Buxoro va Samarqand shaharlarining bir umumiyligi bor. Aynan mana shu shaharlar har yili boʻlib oʻtadigan “Samarkand Marathon” yugurish musobaqasining mezboniga aylanadi. Har yili bu seriyadagi yugurish turnirlarini “Sky Camp” xalqaro sport festivali boshlab beradi.
Festival dasturida quyidagi yugurish musobaqalari oʻtkazildi:
- “Sky Camp TRAIL” — uchta masofadan iborat noravon joylarda yugurish musobaqasi:
5K — yangi treyl yuguruvchilari va o‘z kuchlarini qisqa, ammo serqatnov yo‘lakda sinab ko‘rmoqchi bo‘lganlar uchun mos keladigan yangi masofa;
10K — noravon joylarda yugurish ixlosmandlariga mos keluvchi mo‘tadil balandlikdagi yugurish yo‘lagi;
20K — tajribali yuguruvchilarga mo‘ljallangan muttasil ko‘tarilishlar va manzarali hududlarga ega murakkab yugurish yoʻlagi; - “Sky Camp PEAK” — “Amirsoy Resort” dor yo‘lining pastdan yuqori bekatigacha bo‘lgan yugurish;
- “Sky Camp ZEN” — tabiat bilan hamohang yugurish, yoga va kuchni tiklash uchun meditatsiya;
- “Sky Camp KIDS” — bu ikki kunlik bolalar yugurish musobaqasi bo‘lib, unda yosh ishtirokchilar 100, 300, 600 va 1000 metr masofalarda o‘z kuchlarini sinab koʻrdi;
- “Sky Camp PLOGGING” — ishtirokchilar harakatlanish paytida yugurish yoʻlagini chiqindilardan tozaladi.
Koʻplab ishtirokchilar uchun bu raqiblar bilan poygalashadigan musobaqa emas, balki oʻzi uchun chaqiriq hisoblanadi. Unda katta tajribaga ega poygachilar ham, yugurishni 2025-yilda boshlagan yangi sportchilar ham mavjud boʻlib, masofani bosib oʻtish davomida hamma bir-birini qoʻllab-quvvatlaydi. “Sky Camp TRAIL” va “Sky Camp PEAK” yugurish yoʻlaklari Xalqaro treyl yugurish uyushmasi (ITRA) tomonidan sertifikatlangan.
Togʻdagi notekis yoʻllarda — koʻtarilish va tushishlarda 5, 10 yoki 20 kilometr masofani bosib oʻtishni maqsad qilgan har bir ishtirokchiga qoidalar hamda xavfsizlik choralari tushuntirildi.
Start va finish chizigʻi bir yerda joylashgan boʻlib, ishtirokchilar turli xildagi balandliklarga koʻtarilishi, qiyaliklarda pastga tushishi va shu kabi turli sharoitdagi masofalarni bosib oʻtishi lozim. Yugurish davomida Boʻstonliq togʻlarining goʻzal manzaralari, bogʻlar ochiladi. Oltinchi kilometrga kelib, ishtirokchilarga suv, mevalar va boshqa kerakli narsalar tarqatiladi. Ishtirokchilarning “hayotimda yegan eng shirin mevam”, degan soʻzlarini eshitish mumkin.
“Bu yil avval hech qilib ko‘rmagan ishlarimni qilaman, deb o‘zimga va’da bergandim. Marafonda ishtirok etish, 10 kilometrlik masofani bosib o‘tish shulardan biri bo‘ldi. Start chizig‘ida paydo bo‘lgan kutilmagan charchoq, qo‘rquv va hayajonni yengib o‘tishimda atrofimdagi boshqa qatnashchilar yordam berdi. Shundan so‘ng jarayondan faqat zavq oldim, masofani bosib oʻtar ekanman, nega bu ishni ertaroq qilmaganman, deb hayron qoldim. Finishga yetgandagi quvonch, o‘zimdan qoniqish hisi, ilk medal… bularni faqat yashab ko‘rish kerak ekan. Endi hech qachon bunday tadbirni qoldirmayman”, — dedi ishtirokchi Abduqahhor Qosimov.
Ishtirokchilarning yugurish davomidagi fikrlari va soʻzlari ham alohida diqqatga sazovor. Poyganing avvalida “nima uchun 10 kilometrlik start paketini oldik?”, deya savol berayotgan qatnashchilar finish chizigʻini kesib oʻtar ekan aynan nima uchun buncha masofani bosib oʻtganini tushungan boʻlsa ajab emas.
Koʻplab ishtirokchilar faqatgina marra chizigʻini bosib oʻtishni maqsad qilsa, gʻolib boʻlish uchun harakat qiladigan sportchilar ham mavjud. Quyida oʻz irodasi va kuchini koʻrsata olgan mana shunday gʻoliblar roʻyxati keltirilgan.
G‘oliblar:
- Sky Camp Trail 5K (jami 367 nafar ishtirokchi):
1. Ramis Gazizulin (O‘zbekiston);
2. Akmal Jumaniyozov (O‘zbekiston);
3. Alimardon Sobirov (O‘zbekiston). - Sky Camp Trail 10K (349 nafar ishtirokchi):
1. Yevgeniy Fadeyev (O‘zbekiston);
2. Mixail Nurmuhamedov (O‘zbekiston);
3. Eskender Ayshev (O‘zbekiston). - Sky Camp Trail 20K (75 nafar ishtirokchi):
1. Aleksey Grachev (Rossiya);
2. Artur Shaipov (O‘zbekiston);
3. Daniyel Sariveau (AQSh). - Sky Camp Zen (251 nafar ishtirokchi):
1. Vladimir Kuznetsov (O‘zbekiston);
2. Og‘abek Qosimov (O‘zbekiston);
3. Diyorbek Aliboyev (O‘zbekiston). - Sky Camp Peak (214 nafar ishtirokchi):
1. Rolan Raimkulov (O‘zbekiston);
2. Yusubjon Abdullayev (O‘zbekiston);
3. Rauan Raimkulov (O‘zbekiston).
“Sky Camp"ga nafaqat Oʻzbekistondan, balki qoʻshni mamlakatlar, AQSh, Xitoy, Polsha, Rossiya va boshqa davlatlardan ham ishtirokchilar tashrif buyurgan. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisining birinchi o‘rinbosari Elmurod Najimovning ma’lum qilishicha, bu yil “Sky Camp” festivalida eng kichik qatnashchi 3 yosh, eng kattasi esa 73 yosh bo‘lgan.
Ikkala kunning yakunida ham gʻolib va sovrindorlar sovgʻalar va medallar bilan taqdirlandi.

