Bahoriy sayr uchun Toshkentdagi 7 ta maskan

Bahor — poytaxtda xotirjam sayr qilish va yangi joylar bilan tanishish uchun eng qulay fasl. Biz siz uchun bahorning iliq kayfiyatini to‘liq his qilishingizga yordam beradigan 7 ta yoqimli atmosferaga boy manzillarni jamladik.
Yapon bog‘i
Toshkent akvaparki yaqinida joylashgan xushmanzara bog‘ bahor faslida pushti gullarga burkanadi. Aynan shu go‘zallik uni shahar shovqinidan yiroqda, toza havoda piknik qilish va hordiq chiqarish uchun eng qulay maskanga aylantiradi. Bog‘ yashillikka boyligi va doimiy e’tibor, did bilan parvarishlangan landshafti bilan ajralib turadi. Hudud faqatgina piyoda sayrlar uchun mo‘ljallangan — bu yerda velosiped va samokatda harakatlanish taqiqlangan.
Bog‘da an’anaviy yapon uslubida qurilgan choy pavilionini, shuningdek, hudud bo‘ylab erkin yurgan tovuslarni ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, tashrif buyuruvchilar ko‘l bo‘ylab katamaranlarda sayr qilib, go‘zal manzaralardan bahramand bo‘lishlari mumkin.
Chipta narxlari:
- kattalarga — 30 000 so‘m;
- bolalarga (3−12 yosh) — 20 000 so‘m;
- nafaqadagilarga — 10 000 so‘m;
- 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun kirish tekin.
Kassa soat 21:00 gacha ishlaydi.
“Yangi O‘zbekiston” bog‘i
“Yangi O‘zbekiston” bog‘i Toshkent viloyatidan uncha uzoq bo‘lmagan, poytaxtning yangi qismida joylashgan. Bu ulkan bog‘ Mustaqillikning 30 yilligi munosabati bilan ochilgan. U 104 gektar maydonni egallagan.
Bog‘ning markaziy qismida 60 metr balandlikdagi Mustaqillik monumenti qad rostlagan bo‘lib, uning tepasida baxt va erkinlik timsoli bo‘lgan Humo qushi tasvirlangan. Monumentning orqa tomonida musiqiy favvora va 5 000 tomoshabinni sig‘dira oladigan ochiq amfiteatr joylashgan.
Bog‘ o‘zining keng velosiped yo‘lakchalari, piknik zonalari, bolalar maydonchalari va sun’iy ko‘li, uning atrafidagi toza plyaji bilan ajralib turadi. Ammo ochiq maydon ekanligi va soya kamligi sababli issiq kunlarda bu yerda bo‘lish unchalik ham qulay emas. Bog‘da kuchli shamol esadi va quyosh nurlaridan deyarli himoyalanmagan.
Bog‘ shahar chekkasida joylashgani uchun u yerga shaxsiy avtomobilda yoki jamoat transportida — 366m marshrutka, 199, 190 va 151-avtobuslar orqali borish qulayroq.
Akademik F. N. Rusanov nomidagi Toshkent Botanika bog‘i
Noyob ilmiy obyekt 65 gektar maydonda joylashgan, 6 000 dan ortiq o‘simlik turlari va navlarini o‘zida jamlagan. 1950-yilda tashkil etilgan ushbu bog‘ Markaziy Osiyodagi eng qadimiy tabiiy hududlardan biri sanaladi.
Shuningdek, bog‘ hududida issiqxona hamda 300ga yaqin tropik va subtropik o‘simlik turlarini o‘z ichiga olgan oranjereya joylashgan. Qalin daraxtlar va qushlar sayrashi xalovat bag‘ishlovchi muhit yaratib, tashrif buyuruvchilarga shahar shovqinidan chetlashib, tabiat og‘ushidan xotirjamlikdan bahramand bo‘lish imkonini beradi. Sokinlikni to‘liq his qilish uchun tonggi soat 11:00 gacha kelish tavsiya etiladi — undan keyin ancha gavjumlashadi.
Chipta narxlari:
- kattalar uchun — 15 000 so‘m;
- maktab o‘quvchilari uchun — 10 000 so‘m;
- maktabgacha yoshdagi bolalar (5−6 yosh) uchun — 3 000 so‘m;
- nafaqaxo‘rlar uchun — 5 000 so‘m;
- 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun kirish bepul.
Kassa soat 18:00 gacha ishlaydi.
“Navro‘z” bog‘i
“Navro‘z” bog‘i — bu O‘zbekistonning asosiy diqqatga sazovor joylarining kichraytirilgan nusxalari joylashgan etnografik shaharchani o‘z ichiga olgan noyob tematik bog‘dir. Shaharcha ichida yetakchi mahalliy dizaynerlar tomonidan yaratilgan milliy uslubdagi zamonaviy kiyimlar va taqinchoqlarni xarid qilishingiz mumkin bo‘lgan do‘konlar mavjud bo‘lib, haqiqiy sharqona bozor muhitiga sho‘ng‘ish mumkin.
Bundan tashqari, hudud ichida kichik amfiteatr mavjud bo‘lib, Olimpiya shon-shuhrati muzeyiga olib boruvchi maydon boshlanadi. “Anhor” kanali orqali o‘tgan piyodalar ko‘prigidan o‘tib, Olimpiya shon-shuhrati muzeyi yonidagi yangilangan xiyobonda sayr qilish mumkin.
Bu maskan o‘zining sokin va osoyishta muhiti bilan ajralib turadi — bu yerda suv manzarasidan bahramand bo‘lib, shaharning shovqin-suronidan dam olish imkoni mavjud.
“Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi
Majmua Toshkent teleminorasi etagida joylashgan bo‘lib, shaharning eng go‘zal tarixiy xiyobonlaridan biri hisoblanadi.
Bu yerda sharqona uslubda nafis o‘yma naqshlar bilan bezatilgan, qatag‘on qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik muzeyi, shuningdek, o‘zining hajmi va bezaklarining go‘zalligi bilan hayratga soluvchi mashhur “Rotonda” joylashgan.
Majmua atrofida mavsumiy gullar naqsh shaklida ekilgan chiroyli bog‘ barpo etilgan. Maydon ichida kichik favvoralar, soya-salqin xiyobonlar va dam olish uchun ko‘plab qulay o‘rindiqlar o‘rnatilgan. Bog‘ ichidan Bo‘zsuv kanali o‘tgan bo‘lib, kanal qirg‘oqlari bo‘ylab piyoda sayr qilish uchun qulay yo‘laklar yaratilgan.
Kanal ustidan esa jismoniy mashqlar uchun mo‘ljallangan maydonga olib boruvchi piyodalar ko‘prigi o‘tgan. Shuningdek, ko‘prikdan Toshkent teleminorasining go‘zal manzarasi ochiladi — ayniqsa kechki paytda bu manzara juda hayratlanarli tusga kiradi.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi Toshkent shahar markaziy bog‘i
Toshkentdagi eng mashhur dam olish maskanlaridan biri — avvalgi Telman nomidagi bog‘dir. Bog‘ o‘zida ko‘ngilochar va shinam sayr qilish joylarini mujassamlashtirgan. Uning hududida 26 dan ortiq turdagi attraksionlar, shuningdek, keng va qulay bolalar maydonchasi joylashgan. Tinchlikda dam olishni afzal ko‘radiganlar uchun esa salqin xiyobonlar va sharsharaga ega manzarali suv havzasi mavjud bo‘lib, unda oltin baliqlar suzib yuradi — ularni maxsus ozuqa sotib olib boqish mumkin.
Bog‘ toza havosi, rang-barang o‘simliklari va qulay joylashuvi tufayli shaharliklar orasida juda mashhur. Bu yer oilaviy sayrlar, ochiq havoda dam olish hamda mavsumiy yarmarkalar uchun ajoyib tanlov hisoblanadi.
O‘rdadagi Anhor bo‘yi
Bahor kelganda, O‘rda chorrahasi yaqinidagi Anhor kanali bo‘ylab cho‘zilgan qirg‘oq tinchlik va yolg‘izlikni izlayotganlar uchun chinakam topilmaga aylanadi. Kanalning bu unchalik mashhur bo‘lmagan qismi o‘zining sokin muhiti bilan kishini hayratga soladi.
Qirg‘oq yaqinida, Mustaqillik maydonining orqa tarafida, yam-yashil daraxtlar va qulay o‘rindiqlar bilan bezatilgan xiyobon joylashgan. Anhor bo‘yida esa keng piyodalar yo‘laklari yaratilgan bo‘lib, daraxtlar soyasida bemalol sayr qilish uchun juda qulay hisoblanadi.