O‘zbekistondagi yana 9 noyob daraxt MonumentalTrees.com xalqaro ro‘yxatiga kiritildi

O‘zbekistondagi yana 9 noyob daraxt MonumentalTrees.com xalqaro ro‘yxatiga kiritildi, deya xabar bermoqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi axborot xizmati.
Ta’kidlanishicha, bular Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumani hududidagi yoshi 100 yildan oshgan qayrag‘och daraxtlari (jami 5 ta), Jizzax viloyati Jizzax shahridagi yoshi 200 yildan oshgan tut daraxti, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahridagi 250−300 yoshli tut daraxti, Narpay tumanidagi 450 yillik hamda Payariq tumanidagi 1000 yoshdan oshgan chinor daraxtlaridir.
Bundan oldin Jizzax, Samarqand, Toshkent, Suxrondaryo, Qashqadaryo viloyatlaridagi turli hududlarda joylashgan 8 turdagi daraxt ushbu roʻyxatga kiritilgan. Yangi daraxtlar bilan O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida mazkur xalqaro ro‘yxatga o‘z tabiiy meros obyektlarini kiritgan birinchi va MDH davlatlari orasida uchinchi davlatga aylandi (Rossiya va Ozarbayjondan so‘ng).
Ma’lumot uchun, Monumental daraxtlar ro‘yxati tarixiy, madaniy yoki tabiiy ahamiyatga ega bo‘lgan daraxtlarni aniqlaydigan va ajratib ko‘rsatadigan xalqaro ro‘yxat hisoblanadi. Bu daraxtlar ko‘pincha juda katta, qadimiy yoki o‘ziga xos shaklga ega yoki madaniy ahamiyatga ega. Ro‘yxat ushbu tabiiy boyliklar haqida xabardorlikni oshirish va ularni asrab-avaylashni targ‘ib qilish uchun mo‘ljallangan.