O‘zbekistonda Markaziy Osiyoda birinchi shokolad muzeyi ochildi

18-aprel kuni “Navro‘z” etnografik bog‘ida “Iman Chocolate & Fruits” kompaniyasi tashabbusi bilan yaratilgan Markaziy Osiyodagi birinchi noyob maskan — Shokolad muzeyining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Muzey qadimgi sivilizatsiyalardan tortib, shirinliklar olamidagi zamonaviy san’atgacha bo‘lgan shokoladning paydo bo‘lishining boy tarixini birlashtirib, tashrif buyuruvchilarga unutilmas taasurot qoldiradi.
Eksponatlar orasida O‘zbekiston va dunyoning mashhur me’moriy yodgorliklarining shokolad miniatyuralari, shuningdek, taniqli tarixiy shaxslarning byustlari mavjud. Ekspozitsiyada 19 ta obyekt namoyish etilgan bo‘lib, ulardan 16 tasi muzey ustalari tomonidan qo‘lda yaratilgan shokoladli haykallardir.
Haykallarni yaratish uchun 850 kilogramm shokolad ishlatilgan, asosan achchiq, ammo ikkita inshoot oq shokoladdan yasalgan. Har bir figura uchun kamida bir hafta mashaqqatli mehnat sarflandi. Barcha haykallar maxsus shokoladli lak bilan qoplangan bo‘lib, bu ularni to‘g‘ri saqlash sharoitida bir yilgacha asl holida saqlash imkonini beradi.
Muzey Mayya sivilizatsiyasining qadimiy ichimligidan tortib zamonaviy shokolad sanoatigacha bo‘lgan shokolad tarixi hikoya qilinadigan interaktiv maydondan iborat. Bu yerda har bir obyektni nafaqat tomosha qilish, balki ushlab ko‘rish mumkin.
Muzey ichida ishlab chiqarish sexi joylashgan bo‘lib, u orqali tashrif buyuruvchilar shokolad ishlab chiqarish jarayoni — kakao dukkaklarini qayta ishlashdan tortib, ularni tayyor shokolad massasiga aylantirishgacha bo‘lgan jarayonni kuzatishlari mumkin.
Shuningdek, yaqin kelajakda qandolatchilar rahbarligida tashrif buyuruvchilar o‘zlarining shokolad mahsulotlarini tayyorlashlari mumkin bo‘lgan mahorat darslari uchun maydon ochilishi rejalashtirilgan.
Muzey dam olish kunlarisiz soat 9:00 dan 18:00 gacha ishlaydi.
Chipta narxlari:
- bolalar uchun — 50 000 soʻm;
- kattalar uchun — 75 000 soʻm;
- turistlar uchun — 100 000 soʻm.