Chorvoqda shisha osma ko‘prik quriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-aprel kuni O‘zbekistonda turizm va shahar infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. “Oʻzbekiston 24” telekanali ushbu tadbirdan tayyorlagan lavhasida Chorvoqda shisha osma ko‘prik qurilishi haqida gap borgan, bunga “Gazeta.uz” e’tibor qaratdi.
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Yusufxona va Sijjak mahallalarini bog‘laydigan shisha osma ko‘prik qurilishi reja qilinmoqda. 377 metrlik loyiha “Chorvoq darvozasi” turistik majmuasini kengaytirishning bir qismi bo‘ladi.
Bo‘stonliq tumanidagi “Chorvoq darvozasi” majmuasi doirasida 16 ta ko‘p qavatli uy, uchta mehmonxona, savdo va umumiy ovqatlanish obyektlari, bank ofisi, 1000 ta avtomobil uchun to‘xtash joyi qurildi. Binolarga quyosh panellari o‘rnatildi.
Bundan tashqari, 2 gektarlik akvapark, tadbirlar o‘tkazish uchun maydon (1 gektar), 262 o‘rinli 3 yulduzli Wyndham Garden mehmonxonasi qurilishi rejalashtirilgan.
Yangi Toshkent shahri qurilish direksiyasi direktori, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Davron Odilov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida Yusufxona va Sijjak mahallalarini bog‘laydigan 377 metr uzunlikdagi osma ko‘prik qurilishi rejalashtirilgani haqida ma’lum qildi. Taqdim etilgan slaydlarga ko‘ra, ko‘prikning bir qismi shishali bo‘ladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “loyihani amalga oshirish uchun Xitoy, Turkiya va boshqa mamlakatlarning tajribali kompaniyalari bilan muzokaralar olib borish reja qilingan”.