Qahva yuragingiz urishini tezlatadimi? Bu – sevgi boʻlishi mumkinmi, yo shunchaki kofein?

Bir finjon qahva — bu shunchaki oddiy ichimlik emas. Bu — sermahsul tonglar, tetiklik, maroqli suhbatlar, esda qolarli daqiqalar va yangi g‘oyalar homiysi. Qahva bizning kundalik odatimiz, hayotimizning ajralmas bir bo‘lagiga aylangan.
Ammo, ba’zan u sizni xushyor va bosiq qilishi mumkin, ba’zida esa yuragingizni xuddi marafon yuguruvchisining yuragidek hapqirtirib qo‘yadi. Bunga esa qahva donasining turi va tarkibidagi kofein miqdori sabab bo‘ladi.
Qahva donalari va ularning ta’siri
Dunyo bo‘yicha asosiy to‘rt turdagi qahva donasi mavjud: Arabica, Robusta, Liberica va Excelsa. Ammo hozirgi kunda keng tarqalgan va bizning finjonlarimizda ko‘proq uchraydigan ikki turi — Arabica va Robusta haqida gaplashamiz.
Arabica — o‘zining nozik, murakkab ta’mi va xushbo‘y hidi bilan ajralib turadi. Unda kofein miqdori kamroq (1,2%-1,5%) bo‘lgani sababli, u tanaga va asab tizimiga kuchsizroq ta’sir ko‘rsatadi. Arabica yurak urishini keskin oshirmaydi, balki kun davomida yengil tetiklik hissini beradi. Asosan, tushdan keyin, ish vaqtida yoki dam olish chog‘ida ichish uchun mos. Kofeinga ta’sirchan odamlar uchun qulay tanlov.
Robusta — esa kofein miqdori bo‘yicha yetakchi va Arabicaga nisbatan ikki barobar ko‘p: 2,2%-2,7%. Aynan shu sababdan Robusta yurak urishini tezlashtiradi, diqqatni oshiradi, hatto biroz asabiylashtirishi mumkin. Robusta espresso ishqibozlari, tunda ishlaydiganlar va kofeinsiz turolmaydiganlar uchun ideal qahva turi. Lekin uni haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish — yurak urishi tezlashuvi, uyqusizlik, oshqozon muammolari va hatto qon bosimi oshishiga olib kelishi mumkin.
Shunday ekan, agar siz kofeinga ta’sirchan bo‘lsangiz yoki yurak bilan bog‘liq muammolarga ega bo‘lsangiz, Robusta asosidagi kuchli qahvalardan saqlaning. Mabodo kuchli energiya kerak bo‘lib qolsa — uni kam miqdorda, to‘q qoringa va asta-sekin iching.
Endi navbat kofeinga
Kofein — bu stimulyator, u qondagi kortizol va adrenalin moddalarini oshiradi. Natijada esa asab tizimi faollashadi va tanamiz hushyor tortadi. Kichik miqdordagi kofein sizni sergaklashtirib, ish unumdorligini oshiradi, ammo uni katta miqdorda qabul qilish bezovtalik paydo qiladi.
Agar siz biroz tetiklashmoqchi bo‘lsangiz-u, lekin qahva ichishni xohlamasangiz, kofeinni boshqa ichimliklardan ham olishingiz mumkin. Masalan, eng oddiy misol bu o‘zimizning qadrdon qora va ko‘k choylarimiz. Aksincha, zamonaviylikni xushlasangiz, hozirda juda ommalashayotgan matcha ichimligini sinab ko‘ring. Bu ichimliklarda ham xuddi qahvadagidek kofein mavjud.
Xullas, qahvani mazasi uchun ichasizmi, diqqatni jamlash uchunmi yoki to‘liq quvvat olish uchunmi — qahva turlariga e’tiborli bo‘ling, yuragingizga quloq soling… tom ma’noda.
