Yashnobod tumanida okeanarium quriladi

E’lon qilingan sana· 94
Yashnobod tumanida okeanarium quriladi

Shavkat Mirziyoyev 14-aprel kuni turizm va bunyodkorlik loyihalari taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati. Loyihalardan biri — poytaxtning Yashnobod tumanidagi okeanarium qurishga qaratilgan.

Ta’kidlanishicha, Chirchiq daryosi bo‘yida 20 gektarda mo‘ljallangan ushbu okeanarium sayyohlarni jalb etadigan yana bir maskan bo‘ladi. Yonida savdo-mehmonxona majmuasi ham qurilib, ularda jami 1 ming 600 ta ish o‘rni ochiladi.

Shuningdek, Yakkasaroy tumanida turar joy va ishbilarmonlik maskani qurish mo‘ljallangan. Unda ko‘p qavatli uylar, bog‘cha va maktablar, sport va sog‘lomlashtirish maskanlari, mehmonxona va savdo ofislari bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, loyihalarning yana biri — Bo‘stonliqdagi “Chorvoq darvozasi” majmuasi. Hozirda loyihaning birinchi bosqichi ochilgan.

Majmuada 16 ta ko‘p qavatli uy, 3 ta mehmonxona, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, kafe va restoranlar, bank ofisi, avtoturargoh bo‘ladi. Binolar tepasiga quyosh panellari o‘rnatiladi.

Taqdimotda majmuaning keyingi bosqichlarini qurish, sayyohlar uchun jozibadorligini oshirish borasidagi ishlar haqida axborot berildi. Uni arzon va ekologik toza energiya bilan ta’minlash uchun Chirchiq daryosida kichik gidro elektr stansiya qurish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling