Abdulla Qodiriy 131 yoshda: Buyuk jadidchining uy-muzeyiga sayohat

10-aprel kuni o‘zbek romanchilik maktabi asoschisi Abdulla Qodiriy tavalludiga 131 yil to‘ldi: yozuvchi, shoir, tarjimon, dramaturg Julqunboy 1894-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan edi. Afisha.uz mazkur sana munosabati bilan adibning poytaxtdagi “Samarqand darvoza” mahallasida joylashgan uy-muzeyidan reportaj tayyorladi.
Uy-muzey direktori Xondamir Qodiriyning so‘zlariga ko‘ra, bu uy bobosi Abdulla Qodiriyning dala hovlisi bo‘lgan.
“Ilgari markazda yashagan odamlarning aksariyatini shahar tashqarisida bog‘i bo‘lgan. Bu hudud bobomning bog‘i hisoblangan. Qodir bobodan 5 gektarga yaqin yer qolgan. O‘shani uch aka-uka o‘rtada teng taqsimlagan va 2 gektari Abdulla Qodiriyga nasib qilgan. 30-yillarda shu joylarni o‘z didi va ko‘nglidagidek obod etib, chiroyli bog‘ yaratgan. „Abdulla Qodiriyning bog‘i“, „Qodiriy shiyponi“, degan turli nomlar bilan tanilgan. Keyinchalik 2 gektar maydon qisqarib boravergan. Chunki sovet davrida yirik yer egalarini sindirish uchun atay katta-katta soliqlar qo‘yilgan, uni to‘lay olmaganlar esa yerining qanchadir qismini sotishga majbur bo‘lgan”, — deydi u.
Ushbu hovlida Qodiriy yashagan ikki qavatli uy va shiypon bo‘lib, uni yozuvchining o‘zi 1928−1929-yillarda ustalar yordamida qurib, bitkazgan. Bu xonadonda 1937-yilgacha yashagan.
Abdulla Qodiriy vafotidan keyin uning farzandlari, xususan, o‘g‘li Habibulla Qodiriy ham uyni muzeyga aylantirish tashabbusi bilan ancha yil yugurgan. 60-yillardan boshlab ilgari surilgan tashabbus hatto Sharof Rashidovgacha yetib borgan.
“O‘sha paytda muzey tashkil etishning iloji yo‘q edi. Chunki qatag‘onga uchragan odamga muzey qilish mumkin emasdi, bu sovet siyosatiga mutlaqo to‘g‘ri kelmasdi. Lekin otamda muzeyga aylantirish ishonchi kuchli edi va shu sababli o‘sha davr hukumatiga ko‘p marta murojaat qilgan. Bu masalada Sharof Rashidov bilan ham bir necha bor uchrashgan. U ham har safar „albatta, muzey bo‘ladi“, degan yaxshi gaplarni aytib, javob beravergan. Biroq dadamning harakatlari besamar ketgan”, — deydi Xondamir Qodiriy.
Xondamir Qodiriy ham muzey masalasida ko‘p yillar davomida turli tashkilotlarga murojaat qildi. Nihoyat, 2019-yili davlat rahbari qarori bilan uy-muzey tashkil etildi. Mazkur xonadonda yashab kelgan Abdulla Qodiriy avlodlariga esa boshqa hududdan uy-joy berilgan, hozirda bu maskan faqat muzey hisoblanadi.
Uy-muzeyning umumiy maydoni 70 sotix bo‘lib, 4 ta xona, alohida yozgi shiypon va uning birinchi qavatidagi bitta xonadan iborat. Hozir muzeyda jami 500 ga yaqin eksponat mavjud. Ularning aksariyati adib va uning oilasiga tegishli. Qodiriy o‘tirib ijod qilgan tut daraxtidan yasalgan tancha (sandal), qo‘l yuvgan oftoba, hujjatlar saqlangan temir sandiq, uning o‘zi kiygan palto va bir qancha yaktak, kalish, kiyim ilgich sifatida foydalanilgan ho‘kiz shohi, rafiqasi Rahbarnisa aya kelinlikda olib kelgan sarpo sandig‘i, idish buyumlar avlodlari tomonidan tabarruk xazinadek saqlab kelinmoqda. Yozuvchining oilasi bilan tushgan bir dona surati esa bebaho eksponatdir.
2019-yili hovlida yozuvchining haykali o‘rnatildi. Haykaltarosh Bahrom Norboyev ijodiga mansub ushbu asarda Abdulla Qodiriyning bir qo‘lida kitob ushlagan holda o‘tirgani tasvirlangan. Bundan tashqari, kutubxona, konferensiya va ko‘rgazma zallari ham qurilgan. “O‘tkan kunlar” romani qahramoni Kumush Marg‘ilondan Toshkentga kelgan ramziy arava monumentini ham uchratish mumkin.
“Muzey bo‘lmasidan oldin, ya’ni 2019-yilgacha ham bu yerga juda ko‘p odam tashrif buyurgan. Hovli qarovsiz bo‘lsa-da, Qodiriy asarlarini o‘qib, qiziqib, qidirib kelishardi. Bugungi kunda esa mehmonlar soni ancha ortgan. Muzey tashkil etilishini butun Markaziy Osiyo ziyolilari kutayotgan edi. Hozir turli yoshdagi odamlar: maktab o‘quvchilari ham, keksa kitobxonlar ham, oilaviy ham kelishadi. Nafaqat qo‘shni davlatlar, balki Yevropadan ham tashrif buyurishadi”, — deydi muzey direktori.
Uning ma’lum qilishicha, O‘zbekistondagi barcha uy-muzey singari ushbu maskanga ham kirish va yaqindan tanishish bepul. Muzey haftada besh kun: dushanba-juma kunlari soat 9:00 dan 17:00 gacha faoliyat yuritadi.
Yanada koʻproq fotosuratlar quyidagi jamlanmada.

