Yandex Uzbekistan Market marketpleysini ishga tushirdi

Yandex Uzbekistan Market marketpleysini ishga tushirgani haqida xabar berdi. U allqachon “Yandex Go” ilovasida mavjud.
Xizmatning o‘ziga xos jihatlari orasida “bir bosishda” yetkazib berishning yangi formati, bo‘lib to‘lash imkoniyati, shuningdek, “Yandex Factory” — kompaniyaning shaxsiy ishlab chiqarish yo‘nalishi mahsulotlari bor. Ayni paytda Market Toshkent shahri va qisman Toshkent viloyatida faoliyat yuritmoqda.
Market’da elektronika, maishiy texnika, uy-ro‘zg‘or va ta’mirlash buyumlari, kiyim-kechak va poyabzal, hamda go‘zallik mahsulotlarini xarid qilish mumkin. Marketpleys, shuningdek, xaridorlarga shaxsiylashtirilgan mahsulotlar to‘plamini taklif etadi. Xizmat orqali tovarlarni xususiyatlari va narxlari bo‘yicha taqqoslash imkoniyati mavjud.
Marketpleys bilan bir qatorda, kompaniya o‘zining Yandex Factory ishlab chiqarish yo‘nalishi mahsulotlarini ham taqdim etdi. Bu yo‘nalish elektronika va maishiy texnikadan tortib bolalar o‘yinchoqlarigacha bo‘lgan turli toifadagi tovarlarni yaratish va ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Marketpleysda yettita o‘z savdo belgisi ostidagi mahsulotlar mavjud: Lunnen kompyuter texnikasi, Commo elektronika aksessuarlari, Tuvio uy jihozlari, Pragma uy-ro‘zg‘or buyumlari, Junion bolalar tovarlari, Cubits masofadan boshqariladigan o‘yinchoqlar va Nocord elektr asboblari.
Market orqali mahsulotlarni buyurtma berish punktiga yoki kuryer orqali yetkazib berishni buyurtma qilishingiz mumkin. Hozirda 60 ta buyurtma tarqatish punkti faoliyat yuritmoqda, yil oxirigacha ularning soni butun mamlakat bo‘ylab 250 taga yetadi.
Marketpleysda yetkazib berishning yangi formati ham joriy etilgan — “bir bosishda”. Bunda buyurtma avval mini-omborga (Lavka xizmatining eng yaqin darkstoriga) kelib tushadi va foydalanuvchiga buyurtma yetkazib berish uchun tayyor ekanligi haqida xabarnoma yuboriladi. Qulay vaqtda xaridor o‘z mahsulotlarini 15 daqiqa ichida qo‘lga kiritishi mumkin. “Bir bosishda” yetkazib berishga Lavkadan mahsulotlar va boshqa tovarlarni qo‘shish mumkin, ular Market buyurtmasi bilan birga yetkazib beriladi.
Buyurtma tarqatish punktiga va “bir bosishda” yetkazib berish barcha buyurtmalar uchun bepul, kuryerlik xizmati esa 1 million so‘mdan yuqori buyurtmalar uchun bepul bo‘ladi.
Buyurtma uchun to‘lovni ilova yoki veb-saytdagi karta orqali, shuningdek, naqd pul yoki buyurtma berish punktidagi karta orqali amalga oshirish mumkin. Yandex Split xizmati orqali bo‘lib to‘lash imkoniyati ham mavjud. Bu xizmat bilan xaridor dastlab tovarlar qiymatining bir qismini to‘laydi, qolgan summa esa jadval bo‘yicha biriktirilgan kartadan yechib olinadi. Hozirda foydalanuvchilar 2, 4 va 6 oyga bo‘lib to‘lash imkoniyatiga ega.