Oramizdagilar: “Dunyoga keraksan” xayriya loyihasi asoschilari bilan suhbat

E’lon qilingan sana· 266
Oramizdagilar: “Dunyoga keraksan” xayriya loyihasi asoschilari bilan suhbat

Hozirgi dunyoda koʻp sxemalar juda sodda — masalan, inson mehnat qiladi va shunga yarasha haq oladi. Ba’zilari esa boshqalarga yordam berishning o‘zini mukofot deb biladi. Volontyorlik — nafaqat beg‘araz yordam, balki insoniylikning eng yorqin ifodasi. Kimdir bolalarga ta’lim beradi, yana kimdir ekologiyani asraydi, daraxt ekadi, boquvchisidan ajralgan bolalarni xursand qilishni maqsad qiladi, jamoat tadbirlarini tashkillashtiradi va hokazo.

Ularning barchasini umumiy maqsad — jamiyatga foyda keltirish istagi birlashtiradi. Volontyor bo‘lish uchun maxsus bilim yoki tajriba shart emas, faqatgina mehr va tashabbus yetarli. Lekin bu jarayon qanchalik murakkab yoki ilhomlantiruvchi? Afisha.uz “Oramizdagilar” ruknida “Dunyoga keraksan” loyihasi asoschisi va volontyorlari bilan suhbatlashdi.


Safina Islomova
Foto: “Dunyoga keraksan”

Barchasi shunchaki xohishdan boshlangan. Mehr ulashish, yordam berishga boʻlgan xohish. Dastlabki qadamlar qanday boʻlgani, loyiha qanday start olgani, aniqrogʻi, bu qanday qilib katta loyihaga aylanib ketgani haqida bilish uchun dastlab asoschi Safina Islomova bilan ozroq suhbatlashdik.

“Loyiha 3−4 ta kam ta’minlangan oilaga ro‘zg‘orlik olib borishdan boshlangan, jamoa shakllanmagan, 5−6 kishi bo‘lib borilgandi oʻshanda. Aslida bunday jamoa tuzish umuman rejada bo‘lmagan. Barcha o‘z tanishlarini qo‘shishni, chorlashni boshlagan. Balki loyiha o‘zining noodatiyligi bilan Instagram’da ko‘pchilikni jalb qilishni boshlagandir”, — deydi Safina.

Chetdan kuzatadigan odamda bir savol tugʻilishi tabiiy: loyihaning maqsadi nima oʻzi? Safina Islomova “Dunyoga keraksan"ning maqsadini qisqa qilib tushuntirib berdi:

“Alloh rizoligi yo‘lida yoshlarni bir yerga jamlab, ahil jamoa orqali ehsonlarni o‘z egalariga yetkazish va atrofimizdagi bizga muhtoj insonlarni mushkulini yengil qilish, kimningdir hayotini o‘zgartirishga hissamizni qo‘shish, va biz ham kimgadir kerak ekanligimizni his qila olish!”


Foto: “Dunyoga keraksan”

Xoʻsh, ushbu maqsadni oʻz oldiga qoʻygan koʻngillilarning guruhi aynan qanday yaxshiliklar bilan shugʻullanadi, ularning asosiy yoʻnalishlari qanday?

“Boshqa loyihalardan farqimiz, biz ko‘pchilik e’tiboridan chetda qolgan insonlarni qidirib topishimiz va og‘riqlarini o‘rganishimiz, yangidan yangi manfaatli loyihalar ustida ishlashimizda”, — dedi loyiha asoschisi.

Piar menejer Sevara Mirzarahimova esa quyidagicha qoʻshimcha qildi:

Masalan, ko‘ngillilarimizning sevimlisiga aylanib ulgurgan “Mehrning bir kuni” aksiyasi. Unda Toshkent viloyatidagi kam ta’minlangan, og‘ir sharoitli oila farzandlari uchun Toshkent shahrining bog‘lariga tur uyushtiramiz. Bolalarga kun davomida ko‘ngillilarimiz mehr ulashadi. Bu aksiyada nafaqat bolalar, balki ularning onalari ham xursand bo‘ladi. Chunki ayollar ham shu kunda eng chiroyli ayol bo‘lishadi. Tur ular uchun hamdir. Ayollarni go‘zallik saloni, mazali taomolanish va psixologlar bilan suhbat hamda ayollarning sevimli ishi bo‘lgan shopping qilishga olib boramiz. Hammasi ularning bir kunlari bo‘lsa ham, mehrga toʻla va esda qolarli bo‘lishiga, yangi kun uchun kun topishlari uchun amalga oshiriladi".

Loyihada Toshkent va Farg‘ona bo‘ylab 200 ga yaqin faol ko‘ngillilar qatnashadi. Ularning birinchisi va hozir yetakchisi boʻlgan Safinaning bu toʻxtamga kelishiga, ya’ni koʻngilli boʻlishiga nima sabab boʻlgandi?

“Boshida ko‘ngilli tushunchasi umuman bo‘lmagan, ularning vazifasi haqida o‘qib, qiziqib ham ko‘rmaganman, faqatgina insonlarga yordam berishim kerakligini va u tezroq bo‘lishini xohlaganman. Bu qarorga bolalar uyidagi yetimlar turtki bo‘lgan, ularga bo‘lgan mehrim tufayli boshlangan”, — dedi Safina va birinchi kundagi xotiralarni boʻlishish bilan soʻzni davom ettirdi. “Birinchi aksiyamiz — oilalarga borilgandagi hissiyotni hozir hech qaysi aksiyada topa olmayman, chunki birinchi marotaba kimningdir uyiga ro‘zg‘orlik ko‘tarib, eshigini taqillatib kirib, holidan xabar olib, buning evaziga eng qimmatli duolar olib chiqqan kunim bo‘lgan — hech ham unutilmas”.

Uning qoʻshimcha qilishicha, koʻngilli boʻlib ishlash hayotiga katta ta’sir oʻtkazgan: katta tajriba, ilm ortishi, ko‘p narsada befarq bo‘lmaslik, atrof muhitni o‘ylab yashash, bu hayot inson va uning oilasidan iborat emasligini, yaxshi tanishlar, do‘stlar orttirish, ulardan ilm olish va boshqalar.

“Loyiha hayotga boʻlgan qarashimni tubdan o‘zgartirdi, atrofda yomon befarq insonlar ko‘p deb o‘ylaymiz, lekin yaxshi insonlar ulardan ham ko‘pligini bu loyihaga ko‘rsatgan, hattoki shu befarq insonlarni tarbiyalab, befarq bo‘lmaslikka undadi, qalbini ochdi va eng muhimi — barchaga birdek yordam bera olmasligimizni tushuntirdi, qanchalik achinarli bo‘lsa ham bu noiloj narsaligini angladik.

Ba’zida insonlar juda kichik narsaga ham juda qimmatli narsa olgandek o‘ta darajada xursand bo‘lib yig‘lagani, duolar qilganini ko‘rasiz, lekin ba’zi insonlar ora-orada uchrab turadi-ki, shu narsalari bor bo‘lsa ham noshukur faqat atrofdagilardan talab qiladi. Shu sababli biz faqat boriga shukur qilib, qanoat qila oladigan va harakatchan insonlarni qidiramiz", — deydi Safina.


Foto: “Dunyoga keraksan”

“Dunyoga keraksan” va boshqa koʻngillilar jamoasi birgalikda Ramazon oyida “Yoʻlda iftorlik” loyihasini oʻtkazib, iftorlik vaqtida yoʻlda qolib ketgan roʻzadorlarga suv va hurmo ulashdi. Biz loyiha piar menejeri Sevara Mirzarahimovadan bu jarayon qanday tashkil etilgani, tayyorlanish, taqsimlash va yetkazib berish jarayonlari haqida soʻradik.

“Iftorlik tarqatishni “Yo‘lda iftorlik” nomli aksiyamizda birinchilardan bo‘lib boshlab berganmiz, desam bo‘ladi. Boshlaganimizda yagona edik. Hozir yil sayin bizdek ko‘ngillilar guruhi ko‘paymoqda, bundan juda xursandmiz.

Bu aksiyaga tayyorgarlik 1−2 oy avval boshlanadi. Kerakli narsalarga yigʻin ochiladi. Doim hisobotlar berib boriladi. Jarayonlar juda tez bo‘lib ketadi. Oilamiz kengayib, ko‘plab yangi ko‘ngillilar qo‘shiladi. Keyin sog‘inib qolamiz", — deydi Sevara.


Sevara Mirzarahimova
Shaxsiy arxividan

Sevara yuqorida aytib oʻtganidek, “Sen dunyoga keraksan” xayriya jamoasi Toshkent viloyatida yashovchi bolalarni xursand qilish uchun poytaxtga olib kelib, koʻngilochar joylarga olib boradi. Bir tom ostidagi hamkorimiz “Gazeta.uz” oʻtgan yilgi “Mehrning bir kuni” aksiyasidan reportaj ham tayyorlagan. Biz Sevaradan bolajonlar bilan ishlashda eng qiyini nima ekanini soʻrab koʻrdik. Xoʻsh, ular bunda asosan nimalarga e’tibor beradi?

“Yoshi kattalar bilan ishlashdan ko‘ra bolalar bilan ishlash ancha oson. Chunki bolalar beg‘ubor va ularni xursand qilish oson. Ko‘ngli yarim, hech narsa ularni xursand qilmay qo‘ygan bolalar bilan ishlash qiyin, shu sabab oldindan kimlarning oldiga borilayotganini tahlil qilib, shunga tayyorlanib, diagnozlarini o‘qib o‘rganib borilgani afzal”, — deydi u.

Bu koʻngillilar guruhi oʻz oldiga yaqin kelajakda shunday maqsadlar qoʻygan, rejalar qilgan: insonlarga ancha yil xizmat qilib, savobi davomiy kelib turadigan loyihalar qilish — uy qurish, quduq qazdirish, daraxtlar ekish.

Agar maqolani shu yergacha oʻqigan boʻlsangiz (bu uchun rahmat), katta ehtimol koʻngillilar faoliyatiga befarq emassiz, agar siz ushbu faoliyatda bevosita yoki bilvosita qatnashishni xohlasangiz, ularga murojaat qilishingiz mumkin. Mana ularning Instagram sahifasi: “Dunyoga keraksan”.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling