Zamonaviylashsa-da, tarixiy shukuhini yoʻqotmayotgan sobiq "Panorama" haqida

Xalq orasida “Panorama” nomi bilan mashhur boʻlgan kinosaroy 2024-yilda Milliy kino san’ati saroyi deya qayta nomlandi. Shu bilan birga bu yerda bir nechta rekonstruksiya ishlari ham oʻtkazildi. Afisha.uz ushbu maqolada Toshkentdagi zamonaviylashsa-da, oʻzining tarixiy shukuhini yoʻqotmay kelayotgan maskan haqida soʻzlaydi.
Kinosaroy Navoiy koʻchasi, 15-uyda joylashgan boʻlib, unga Chilonzor yoʻlining “Paxtakor” va Oʻzbekiston yoʻlining “Alisher Navoiy” metro bekatlari yaqin hisoblanadi.
Oʻtgan vaqt ichida koʻp bora nomi oʻzgargan kinosaroyning yangi binosi 1982-yil Toshkent xalqaro kinofestivali oldidan ishga tushurilgan. Dastlab Afrika va Osiyo xalqlari filmlarini namoyish etishga moʻljallangan festival doirasida Oʻzbekistonga bir qator jahon kinosi yulduzlari, jumladan, Raj Kapur, Rishi Kapur, Takeshi Kitano, Mikelanjelo Antonioni, tashrif buyurgan. Avval ham, hozir ham Toshkent xalqaro kinofestivalining asosiy tadbirlari udhbu kinosaroyda oʻtkaziladi.
Ma’lumot uchun, hozirda Milliy kino san’ati saroyida oltita zal boʻlib, kun davomida oʻzbek filmlari namoyish etiladi. Yangi ishlangan milliy kinokartinalar asosan ushbu kinosaroyda namoyish etiladi.
Zallar roʻyxati va sigʻimi:
- 1-zal — 320 kishi;
- 2-zal (VIP) — 70 kishi;
- 3-zal (VIP) — 50 kishi;
- 4-zal — 70 kishi;
- 5-zal — 70 kishi;
- 6-zal — 50 kishi.
Shuningdek, 1820 kishiga moʻljallangan katta zal boʻlib, unda filmlarning katta premyeralari, konsertlar va boshqa tadbirlar oʻtkaziladi.
Milliy kino san’ati saroyiga kirishda oʻzbek filmlari orqali xalq orasida mashhur boʻlgan atributlarni koʻrish mumkin. Shuningdek, oʻzbek kinosi dargʻalari hisoblangan Malik Qayumov, Komil Yormatov, Nabi Gʻaniyev va Xudoybergan Devonov kabilarning byustlarini koʻrish mumkin.
Oʻzbekiston kino san’ati davlat muzeyi ham Milliy kino san’ati saroyida joylashgan boʻlib, uning har xil pavilonlari faoliyat koʻrsatmoqda. Jumladan, “Tirik tarix” pavilionida soʻnggi vaqtlarda suratga olinayotgan oʻzbek filmlarida foydalanilgan liboslarni koʻrish mumkin.
Bundan tashqari, boshqa pavilonlarda bugungi oʻzbek kinosining yutuqlarini, klassik kinokartinalarning ssenariylari va boshqa koʻplab hujjatlar oʻrin olgan qoʻlyozmalarni koʻrish mumkin. Muzeyga kirish bepul.
12-mart kuni muzeyning yana bir qiziqarli pavilonlaridan biri ochildi. Unda “Suyunchi”, “Shum bola”, “Abdullajon”, “To‘ylar muborak”, “Alibobo va qirq qaroqchi”, “Oltin devor”, “Toshkent — non shahri”, “Uchrashuv” va “Sevishganlar” kabi afsonaviy filmlardan ilhomlanib, yaratilgan maketlar oʻrin olgan.
“Sevishganlar” filmidan
Milliy kino san’ati saroyi Toshkent ramzlaridan biri hisoblanadi. Ushbu kinosaroy koʻplab insonlarning kinoga boʻlgan qiziqishi uygʻonishida katta oʻrin tutadi. Poytaxt aholisi hozirgidek kinoteatrlar koʻp boʻlmagan vaqtlarda filmlarni aynan shu yerda tomosha qilardi.
Bugungi kunda kinosaroy zamonaviy tendensiyalarga mos tarzda rivojlanib borayotgan boʻlsa-da, haliagacha oʻzining tarixiy shukuhini yoʻqotmagan. Bu yerga tashrif buyurish orqali bemalol nostalgiyani his qilish va begʻubor bolalikka qaytish mumkin.

