Zomin-2025: qayerlarga borish kerak va aktual narxlar

Oʻzbekistonda bir necha yildan beri turizm asosiy sohalardan biriga aylangan. Bunda bir qator turistik zonalar, avvaldan oʻz tabiati va havosi bilan mashhur boʻlgan shaharlar katta oʻrin tutadi.
Turizm qoʻmitasi tomonidan 15−16 mart kunlari Jizzax viloyatining Zomin shahriga informatsion tur tashkil etildi. Afisha.uz jurnalisti ham ushbu turda ishtirok etdi. Quyida esa sayohat tafsilotlari haqida soʻz boradi.
Shaharda Oʻzbekiston boʻylab ichki reyslar uchun moʻljallangan Zomin aeroporti boʻlib, oʻz ishini 2023-yilning 1-sentyabr kuni boshlagan. Bugungi kunda esa rekonstruksiyadan chiqarilgan. Aeroport shahar markazidan 10 kilometr uzoqlikda joylashgan.
Zominga yoʻl oladigan sayyoh nafaqat toza havo va goʻzal peyzajlardan, balki gastronomik turizmdan ham zavq oladi. Bu yerda tayyorlanadigan tandir kabob Qashqadaryo yoki Surxondaryoda pishiriladigan taomdan qolishmaydi.
Narxlar esa quyidagicha:
- tandir kabob (1 kg) — 220 000 soʻmdan 240 000 soʻmgacha;
- tandir hasip — 220 000 soʻm;
- tandir kabob (tovuqli) — 65 000 soʻm;
- qozon patir — 40 000 soʻm.
Shuningdek, sayyohlar asosan Zomin milliy tabiat bog‘iga tashrif buyuradi. Hududda bir qator mehmonxonalar, dam olish maskanlari, kemping maydonlari, osma dor yo‘li (канат), mashhur osma ko‘prik va boshqalar o‘rin olgan. Bundan tashqari, bir kunlik sayohatchilar uchun piknik zonalari tashkil etilgan.
Zomin milliy tabiat bog‘ining maydoni 23 609,2 gektar boʻlib, kirish narxi har bir fuqaro uchun 18 750 soʻmni tashkil qiladi.
Shuningdek, hududda osma dor yoʻli ham joylashgan. Uning narxi bir tomon uchun 60 000 soʻm hisoblanadi. Bolalar va nafaqadagilar uchun 50 foiz chegirma amal qiladi. Bir kabinaga 8 nafar odam chiqishi mumkin. Bundan tashqari, osma dor yoʻli harakati ob-havoning noqulayligiga tufayli to‘xtatilishi mumkin.
Turistlar oqimining koʻpayishiga sabab boʻlgan asosiy vositalardan biri “Baxt” koʻprigi hisoblanadi. Uning uzunligi 320 metr, balandligi esa 150 metrni tashkil qiladi.
Ta’kidlanishicha, 7 yoshdan kichik bolalar koʻprikka chiqishi mumkin emas. Koʻprikka chiqish narxi 50 000 soʻm hisoblanadi. Shuningdek, nafaqaxoʻrlarga bepul.
Koʻprik boʻylab yurar ekansiz, har qadamda ogohlantiruvchi va yoʻl koʻrsatuvchi belgilarni koʻrish mumkin. Bundan tashqari, koʻprik yaqinida baxt uyi joylashgan va oila qurayotgan kelin-kuyovlar bu yerga tashrif buyuradi.
Koʻprikning narigi tarafida jamping ham faoliyat yuritadi. Unda sakrash narxi — 350 000 soʻm. Ko‘prik ham, jamping ham qor, yomg‘ir tuman va shamolli havoda xizmat ko‘rsatmaydi.
Sayohat davomida hudduda yana bir obyekt — zip-layn qurilayotgani va bir oy ichida ishga tushishi haqida xabar berildi. Shuningdek, otxona, muz uchadigan maydon, chang‘i uchish yo‘llari va boshqalar quriladi.
