Abhishek Bachchan Toshkentda: Hindiston kinofestivali ochilish marosimi qanday oʻtdi?

13-mart kuni Toshkentdagi Hyatt Regency mehmonxonasida Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan oʻtkazilayotgan “Sashakt Nari — Ayollikni nishonlash” kinofestivalining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Ushbu festival Hindistonning Oʻzbekistondagi elchixonasi, Hindiston Axborot va radioeshittirish vazirligi hamda O‘zbekiston Kinematografiya agentligi hamkorligida tashkil qilinmoqda. Festival 2025-yil 14−16 mart kunlari Toshkentdagi Milliy kino san’ati saroyida bo‘lib o‘tadi.
Ochilish marosimida oʻzbek kinosining yulduzlari qatorida hindisonlik aktyor Abhishek Bachchan, “Ghoomer” filmi rejissyori R. Balki, “Ayol zehni” kinokartinasi rejissyori Gauri Shinde va yosh aktrisa Saiyami Ker ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun, bu Abhishek Bachchanning Toshkentga ikkinchi tashrifi hisoblanadi. Aktyor bungacha bolaligida otasi Amitabh Bachchan bilan ham Oʻzbekistonga kelgan. Tadbirda uning Toshkentda tushgan bolalikdagi suratlari ham namoyish etildi.
Festival doirasida “Ghoomer”, “Ayol zehni”, “Sadoqatli yor”, “Tarsaki” va “Ona” kabi ayollar hayotiga bag‘ishlangan hind filmlari namoyish etiladi. Bu tomoshabinlarga jamiyat qarashlarini shakllantirishda ayollarning ilhomlantiruvchi rolini ko‘rsatib beradigan ajoyib tajribani taqdim etadi.
Tadbir davomida Hindistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy va madaniy aloqalar, ayniqsa, kino va musiqa sohasidagi hamkorlik yuqori darajada ekanini ta’kidladi. U san’at va madaniyat chegaralarni bartaraf etuvchi, madaniy tushunchalarni shakllantiruvchi kuch ekanini ta’kidlab, Hindiston elchixonasi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bilan har yili xotin-qizlar mavzusiga bag‘ishlangan kinofestival o‘tkazishini e’lon qildi.
Tadbir davomida soʻzga chiqqan Abhishek Bachchan o‘z nutqida ayollar hayotiga bag‘ishlangan filmlar jamiyatda o‘zgarishlarga turtki berishini ta’kidladi. Shuningdek, u O‘zbekistonda kinolar suratga olish imkoniyatlarini o‘rganish kerakligini bildirdi.
Shuningdek, Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev O‘zbekiston kino industriyasi Hindiston bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. U ikki davlat kinoijodkorlari o‘rtasida hamkorlik va qo‘shma filmlar suratga olish imkoniyatlarini o‘rganish muhimligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, festival doirasida namoyish etiladigan filmlarning treylerlari koʻrsatildi. Shuningdek, Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyat markazi talabalari va “Bollywood Battle” guruhi ijrosida hindcha raqslar namoyish etildi. “Havas Guruhi” esa hind filmlari saundtreklaridan iborat qoʻshiqlarni kuyladi.
Kinofestival filmlari namoyish jadvali:
- 14-mart, 15:00 — “Ghoomer” (hind tilida, o‘zbekcha subtitr bilan);
- 15-mart, 11:00 — “Ayol zehni” (hind tilida, o‘zbekcha subtitr bilan);
- 15-mart, 15:00 — “Sadoqatli yor” (bengal tilida, o‘zbekcha subtitr bilan);
- 16-mart, 11:00 — “Ona” (o‘zbek tiliga dublyaj qilingan);
- 16-mart, 15:00 — “Tarsaki” (hind tilida, o‘zbekcha subtitr bilan).
Ushbu filmlar Milliy kino san’ati saroyida (sobiq Panorama) koʻrsatiladi va kirish bepul.
