Oʻzbek yozuvchilari eʼtiborda – "AKS" turkumi taqdimotidan reportaj

Kecha, 22-fevral kuni poytaxtdagi Hilton mehmonxonasida “Yangi asr avlodi” nashriyoti tomonidan chop etilgan “AKS” turkumidagi kitoblar taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Mazkur turkum ikkita roman, ikkita hikoyalar toʻplami, ikkita sheʼriy toʻplamdan iborat boʻlib, mualliflar bizning zamondosh oʻzbek ijodkorlaridir.
Taqdimotni Noshirlar va kitob savdosi assotsiatsiyasi rahbari Erkin Abdurahmonov ochib berdi. Bugungi ijodkorlarga eʼtibor va eʼtirof kerakligi, ular dunyoga chiqishga loyiq ekani haqida soʻzlab oʻtdi.
Shundan soʻng turkum mualliflari — Gulnoz Moʻminova, Alisher Fayzullayev, Raxshona Ahmedova, Shahzod Shomansurov, Anif, Tillaniso, shuningdek kitoblar dizayneri Bobur Murodov sahnaga taklif etildi. Ular yigʻilganlarga yaqinroq tanishtirildi.
Ushbu oltita kitob boʻyicha Oʻzbekiston qahramoni Ibrohim Gʻafurov va adabiyotshunos Rahmon Qoʻchqor oʻz fikr-mulohazalarini bildirib oʻtdi.
Taqdimotga kuy-qoʻshiqlar hamohang boʻldi, sanʼatkorlar Shaxriyor (Usmon Azim sheʼri) va Ohista Jamshid (Anif sheʼri) yangi qoʻshiqlarini taqdim etdilar.
Taqdimot davomida “AKS — jamiyatga koʻzgu” shiori ostida eʼlon qilingan tanlov gʻoliblari ham taqdirlandi. Eng yaxshi taqriz, eng yaxshi foto, eng yaxshi rolik yoʻnalishlari boʻyicha gʻolib boʻlgan ishtirokchilarga sovgʻalar, vaucher va diplom taqdim etildi.
Taqdimotning eng qizgʻin nuqtasi — auktsion boʻldi. “AKS” turkumidagi barcha asarlar jamlangan maxsus charm muqovali kitob kimoshdi savdosiga qoʻyildi. Ikki milliondan boshlangan narx toʻqqiz millionga borganda, bukbloger Nurali Karimovga sotildi.
Shundan soʻng bir finjon qahva ustida dastxat soati boʻlib oʻtdi. Mehmonlar mualliflarga imzo qoʻydirib, fotosessiya uyushtirishdi. “AKS” loyihasi esa davom etadi. Nashriyot kelgusida ham yangi va yaxshi ijod namunalarini oʻzbek kitoblariga taqdim etish niyatida.