Dubay shokoladi fenomeni: qanday qilib "plitka" bunchalik mashhur boʻldi?

E’lon qilingan sana· 942
Dubay shokoladi fenomeni: qanday qilib "plitka" bunchalik mashhur boʻldi?

Internet olamida yaqin ikki yil ichida “Dubay shokoladi” degan iborani eshitmagan odam qolmagan boʻlsa kerak. Mazkur desertni degustatsiya qilib suratga olingan videolar ayniqsa odamlarning qiziqishini ortirdi, dunyo turli burchaklariga buyurtmalar qilina boshlandi.

21-asrda oddiy plitka shokolad bunchalik mashhurlikka erishishi haqiqatdan ham fenomenga aylandi. Ushbu shirinlikning muvaffaqiyat siri nimada?

Foto: FIX Chocolatier

Homiladorlik sabab paydo boʻlgan plitka

FIX Chocolatier va virusli tarzda mashhur bo‘lgan Dubai Chocolate Bar shokoladining asoschisi Sara Hamuda o‘zining original ixtirosi butun dunyoga qanchalik innovatsion ta’sir ko‘rsatishini tasavvur ham qila olmas edi.

“Bularning hammasi hali ham tushday tuyuladi — ba’zida o‘zimni chimchilab qo‘yaman,” — deydi Hamuda. U homiladorlik paytidagi xohishini qondirish uchun erini butun Dubay bo‘ylab ovqat izlashga yuborganini eslaydi. Biroq u har safar qaytib kelganida, shirinliklar “ko‘ngildagidek bo‘lmasdi,” deb xotirlaydi u.

Aynan shunda FIX g‘oyasi — ta’mlarni uyg‘unlashtirib, chindan ham betakror mahsulot yaratadigan shokolad plitkasi xayoliga keladi. “Ammo men shokolad haqida hech narsa bilmasdim, oshpazlik bo‘yicha ma’lumotim yo‘q edi, faqat uning ta’mini qanday bo‘lishini xohlashimni bilardim, xolos,” — deydi u.

“Men do‘konlarda sotib olish mumkin bo‘lgan narsalardan butunlay farq qiladigan, haqiqatan ham nafis bir narsa izlayotganimni angladim. Bu shunchaki shokolad plitkasi yaratish emas, balki har bir boʻlak alohida xotirani uyg‘otadigan noyob tajribani bera oladigan shirinlik boʻlishi kerak edi. Boshqalardan ajralib turish va birlashish istagi brendimizning asosiga aylandi”, — deya qoʻshimcha qiladi u.

Ofis ishchisidan “dubaylik Villi Vonka"gacha

“FIX`ning muvaffaqiyati ishtiyoq, qat’iyatlilik va mahsulotimizga bo‘lgan mustahkam ishonchga asoslangan edi. Tashqaridan qaraganda bir lahzalik muvaffaqiyatdek ko‘ringan narsa, aslida uch yillik mashaqqatli mehnat, son-sanoqsiz uyqusiz tunlar natijasi edi. Men sabrli bo‘lishim va olg‘a intilishda davom etishim kerakligini bilardim.

Marketing uchun katta mablag‘larga ega bo‘lmaganimiz sababli, biz odamlar bilan aloqa o‘rnatish uchun og‘izdan og‘izga tarqaladigan ma’lumotlar va mahalliy tadbirlarda ishtirok etishga tayanardik", — deydi Sara.

Ikki kishilik jamoa bilan faoliyatini boshlagan FIX bugungi kunda 20 dan ortiq xodimga ega, ammo Saraning aytishicha, bu hali ham “kichik, mahalliy biznes” bo‘lib qolmoqda.

FIX tashkil etilishidan oldin Sara Hamuda korporativ sohada ishlagan. “Bu mutlaqo boshqa olam. Ilgari ofisga kelib-ketardim, endi esa har tong yanada ko‘proq ish qilish istagi bilan uyg‘onaman. FIX bilan har bir kun yangicha his etiladi va men buni hech narsaga alishmayman,” — deydi u ko‘zlari chaqnab.

Biroq, korporativ hayotdan oshpazlikka o‘tish oson kechmadi.

“Xonamni shokolad fabrikasiga aylantirish xaosdek gap edi,” — deb kuladi u. “Men hali ham korporativ ishimda ishlardim, bu yerda esa kuniga 12 soat vaqtimni plitka shokoladlar tayyorlash bilan o‘tkazardim, atrofimda bolalarim yugurib yurardi. Shokolad ishlab chiqarish uskunalarimiz uchun maxsus uch kontaktli rozetkalar o‘rnatishga majbur bo‘ldik. Buni ahmoqgarchilik deb hisoblardim, lekin ortga nazar solsam, bu mening eng shirin xotiralarimdan biri ekan”, — deb eslaydi Sara.

Hayotni o‘zgartirib yuborgan TikTok videosi

Uzoq vaqt davomida FIX shokoladlari faqat jamoatchilik orasida mashhur bo‘lib, marketing uchun rasmiy mablag‘ ajratilmagan edi. Bir kuni TikTok’dagi bloger Mariya Vexera o‘zining deyarli 100 million marta ko‘rilgan videosida FIX shokoladli batonchiklarini ko‘rsatadi.

Sara o‘sha kunni juda yaxshi eslaydi: “Kichkina oshxonamizga kirganimda, to‘satdan buyurtma ilovamizda ding, ding, ding degan ovoz tinmasdi,” — deya kuladi u. “Buyurtmalar biz kuzatib ulgurishimizdan ham tezroq kelar edi.”

Bir necha soat ichida Hamudaning kichik kompaniyasi e’tibor markaziga tushdi. Butun Dubay bo‘ylab buyurtmalar yog‘ilib, ko‘pchilik uzoqdan buyurtma berishga urinardi. “Ilovada nimadir noto‘g‘ri ketgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim,” — deya eslaydi u hamon ishonmay. “Ijtimoiy tarmoqlarning kuchini tushunmagunimcha, nima bo‘layotganini anglamadim. Bu meni hayratda qoldirgandi”.

Shokolad saqlanmaydi, uni tezkorlik ila iste’mol qilish lozim

“Ilgari kuniga atigi ikki-uchta plitka tayyorlardik. Mahsulotimiz doim yangi, uni tayyorlab, darrov sotamiz va saqlamaymiz”, — deya aniqlik kiritadi Sara. Bu haqiqiy Dubay shokoladining talabi desa boʻladi.

Hozirda Hamuda va uning jamoasi daqiqasiga 100 dan ortiq buyurtmani bajarayotgani taxmin qilinmoqda. “Biz jismoniy imkoniyatimiz yetgancha plitka tayyorlaymiz, lekin ular qo‘lda tayyorlangan va biz sifatga intilamiz,” — deydi u. “Bilaman, buyurtma berishga urinayotgan odamlarning hafsalasi pir bo‘lishi mumkin. Ba’zi kunlari plitkalar bir necha soniyada sotilib ketadi”, — deydi u.

Qirollik oilasidan qoʻngʻiroq

FIX tarixidagi eng muhim burilish nuqtalaridan biri Sara Hamudaning Dubay valiahd shahzodasi Shayx Hamdan bin Muhammad Al Maktum idorasidan noyob loyiha ustida hamkorlik qilish taklifi bilan qo‘ng‘iroq olishi bo‘ldi. “Qirollik oilasidan har kuni qo‘ng‘iroq qilib, ma’lum bir shirinlik ustida hamkorlik qilish taklifini olavermaysiz. Yigʻlab yuborganman,” — deb eslaydi u.

FIX 2024-yil sentyabr oyida Dubay valiahd shahzodasi qarorgohiga yangi ta’mli shokolad plitkasini, faqat Qirollik oilasi uchun yetkazib beradi. Shayx Hamdan Instagramda “Emirati Halwa” deb nomlangan yangi ta’mli shokoladlarning suratini ulashadi. Saraning ta’kidlashicha, bu shokoladlar sotuvda yo‘q. Bu faqat Qirollik oilasi uchun maxsus tayyorlangan va shahzoda chet ellik mehmonlariga sovgʻa qila oladi.

Hamuda uchun bu hamkorlik shunchaki biznes yutuq emas edi — bu ishining qadr-qimmatini aks ettiruvchi chuqur shaxsiy yutuq edi. “Biz boshlagan joyda bunday e’tirofga sazovor bo‘lish… bu juda ta’sirli boʻlgan. FIX bu darajaga yetishini hech qachon tasavvur qilmagandim,” — deya qo‘shimcha qiladi u. “Bu shunday hurmat belgisiki, uni hech qanday reklama puliga sotib olib bo‘lmaydi. Bu o‘sha uyqusiz tunlar va qiyinchiliklarning barchasi arzirli ekanligini ko‘rsatardi”.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling