Nukusda Orol madaniyati sammiti boʻlib oʻtadi

Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida 2025-yilning 4−6-aprel kunlari ilk bor Orol madaniyat sammiti o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi.
Ta’kidlanishicha, yangi loyiha Orolbo‘yi mintaqasini san’at, madaniyat, dizayn va ilm-fan orqali ijtimoiy va ekologik jihatdan o‘zgartirishga qaratilgan.
2025-yil 4-aprel kuni sammitning bo‘lajak qarorgohi, sobiq istirohat bog‘i va Nukusdagi kam sonli yashil hududlardan biri hisoblanmish “Istiqlol” maskanini qayta tiklash bo‘yicha ko‘p bosqichli bosh rejasi taqdim etiladi. Ushbu ko‘p yillik loyihaning birinchi bosqichi Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukus shahridagi sobiq “Istiqlol” istirohat bog‘ini qayta tiklashga qaratiladi.
Sammit biologik xilma-xillik va ekologik muvozanatni ta’minlash uchun istirohat bog‘i infratuzilmasi, uning bog‘lari va tabiiy landshaftlarini saqlab qolish va tiklashni o‘z vazifasi deb hisoblaydi. Istirohat bogʻida uning ekotizimiga integratsiyalashgan barqaror qishloq xoʻjaligi amaliyotlari rivojlantiriladi, shuningdek, mahalliy hamjamiyatni transformatsiya jarayonlariga jalb etishga ko‘maklashuvchi jamoat maskanlari vujudga keltiriladi.
Sammit har 18 oyda bir marotaba o‘tkaziladi va Qoraqalpog‘istonning barqaror rivojlanishi uchun ekologik, ijtimoiy va madaniy yechimlarni topish uchun mahalliy va xalqaro faollar, rassom va olimlarni birlashtiradi.