Prezident Oʻzbekistonda xalqaro darajadagi san'atkorlarning konsertlarini tashkillashtirishni topshirdi

Shavkat Mirziyoyev 7-fevral kuni xizmatlar sohasini rivojlantirish boʻyicha 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025-yil uchun asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazdi. Unda prezident turistik markazlarda xalqaro darajadagi san’atkorlarning konsertlarini tashkillashtirish orqali turistlar oqimini oshirishni topshirdi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, Shahrisabzda “Oqsaroy”, Xivada “Ichan qal’a”, Buxoroda “Labi hovuz”, Toshkentda “Yangi O‘zbekiston” maydonlari bo‘lsa-da, ularda konsert, ko‘rgazma, forumlar o‘tkazish bo‘yicha reja qilinmagani ko‘rsatib o‘tilgan. Mamlakatdagi 6 ta turistik markazda xalqaro darajadagi san’atkorlarning konsertlari tashkil qilinsa, mehmonxona, restoran, kafe, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari sayyohlar bilan to‘lishi qayd etilgan.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shu munosabat bilan mutasaddilarga kamida 1 million turistni olib keladigan konsert, biznes forumi va ko‘rgazmalar o‘tkazish dasturini ishlab chiqish topshirilgan.
Shuningdek, to‘liq o‘rganilmagan tarixiy obyektlar juda ko‘pligini inobatga olib olimlar bilan birgalikda jozibador tarixiy obyektlarni aniqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish vazifasi belgilangan.