Toshkent — Xoʻjakent elektropoyezdi Chinorkentgacha boradigan boʻldi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida yangi “Chinorkent” temiryo‘l bekati qurib bitkazildi, deya xabar bermoqda “Toshkent mintaqaviy temiryo‘l uzeli” kompaniyasi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, Xo‘jakentdan Chinorkentgacha 1,5 km masofaga temiryo‘l qurilgan. Bundan tashqari, “Chinorkent” temir yo‘l bekati qurib bitkazildi hamda 22-yanvar kuni foydalanishga topshirildi.
Ta’kidlanishicha, bu yerda 150 m uzunlikda perron hamda soyabon qurilib, imkoniyati cheklangan yo‘lovchilar uchun sirg‘anishga qarshi plitalar o‘rnatilgan hamda yo‘lovchilar uchun yer osti tunneli barpo etilgan.
Endilikda Toshkentdan yo‘lga chiqqan yo‘lovchilar elektropoyezdda Chorvoq shaharchasi yaqinida joylashgan “Chinorkent” temir yo‘l bekatiga yetib kelishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 2024-yil dekabr oyida ushbu yo‘nalishda yangi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilgandi. Poyezdda yo‘l haqi kattalar uchun 20 ming so‘m, bolalar uchun 11,5 ming so‘m. Sayohat uchun ATTO sayohat kartasi (jamoat transportida sayohat qilish uchun ishlatiladi) orqali to‘lash yoki onlayn chipta xarid qilish mumkin.