Samarqand shahrida yerusti metrosi qurilishi rejalashtirilmoqda, deya xabar bermoqda Gazeta.uz. Bu haqda Qonunchilik palatasida qabul qilingan Samarqand shahri chegarasini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qaror loyihasida qayd etilgan.
Qayd etilishicha, Samarqand shahridan o‘tgan Zarafshon daryosi qirg‘og‘i bo‘ylab 15 km uzunlikdagi masofada “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish maqsad qilingan.
Loyihada Samarqand tumanidan 170 gektar va Oqdaryo tumanidan 243 gektar yer maydoni Samarqand shahri tarkibiga o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, hududda 6 km yerusti metro yo‘li qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 112 km ichki yo‘llar, piyodalar va velosiped yo‘laklari, 2 ta katta ko‘prik hamda 7,2 km ichki kommunikatsiya uchun tonnel, 180 km irrigatsiya quvuri hamda 14 km kanal va ko‘plab sug‘orish inshootlari quriladi.
Ta’kidlanishicha, mazkur ishlar hududda 3 ta bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich 2026-yilgacha, ikkinchi bosqich 2026−2028 yillarda, 2029−2030 yillarda bajarilishi belgilangan.