Real dunyodan qochish: Another World`ga sayohat
Raqamli dunyoda yashayotganimiz odamlarni vaqtini tajayotgani bilan birga boʻsh vaqtni qiziqarli oʻtkazish uchun juda koʻp variantlar taqdim etmoqda. Masalan, mobil, kompyuter oʻyinlari shular jumlasidan. Koʻpchilik “Counter Strike” oʻyini bilan yaxshi tanish yoki shunga oʻxshash “otishma” oʻyinlar ancha mashhur. Bu oʻyinlarni mobil yoki desktop versiyasida oʻynash boshqa, uning “ichida boʻlish” esa alohida dunyo. Bunday paytda bizga VR yordamga keladi, Toshkentda bunday arenalar koʻp. Afisha.uz muharriri esa poytaxtdagi “Another World” VR arenasiga borib, u yerning obzorini tayyorladi.
Avvalroq Toshkentdagi VR oʻyinlar oʻynash mumkin boʻlgan joylarni bir joyga toʻplagandik. Endi ularning biri bilan yaqindan tanishtirishga qaror qildik. Birinchi boʻlib poytaxt markazida joylashgan “Another World” VR arenasi e’tiborimizni tortdi va biz u tomon yoʻl oldik. Bu arenaning ikkita filiali boʻlib, ularning biri Furqat koʻchasida joylashgan boʻlsa, ikkinchisini Fargʻona 28-boshiberk koʻchasidan topasiz.
Furqat koʻchasidagi filialga kirar ekansiz, uning interyeri virtual dunyoga chorlayotgandek boʻladi. Neon chiroqlar, yozuvlar va oʻyinlar posterlari. Kirishingiz bilan sizni ma’mur kutib oladi va boʻsh joy bor yoki yoʻq ekani hamda narxlar bilan tanishtiradi. “Another World"da dushanba-payshanba kunlari bir soat VR oʻyin oʻynash 150 000 soʻm, juma-yakshanba kunlari esa 200 ming soʻm.
VR arenada bir vaqtda eng kami 2 kishi, maksimal 30 kishi oʻynashi mumkin. Bu katta kompaniya bilan borish uchun ham zoʻr variant, timbilding uchun ham koʻrib chiqish mumkin. Chunki bu yerda nafaqat VR oʻynash, balki tugʻilgan kun yoki boshqa tadbirlarni ham oʻtkazish mumkin. Arenada ikkita alohida xona tashkil qilingan, u yerda oshxona anjomlari va pleysteyshn bor.
Laundjzonaning bir soati 350 000 soʻmni tashkil qiladi. U yerda tadbir oʻtkazish uchun alohida tariflar belgilangan:
- Bazaviy paket: 1 soat oʻyin, 1 soat laundjzona — 1 700 000 — 4 500 000 soʻm (bu — minimal va maksimal narxlar, odam soni va kunga qarab narx oʻzgaradi);
- Optimal paket: 2 soat oʻyin, 1 soat laundjzona — 3 000 000 — 7 800 000 soʻm (bu — minimal va maksimal narxlar, odam soni va kunga qarab narx oʻzgaradi);
- Maksimal paket: 3 soat oʻyin, 1 soat laundjzona — 4 000 000 — 9 500 000 soʻm (bu — minimal va maksimal narxlar, odam soni va kunga qarab narx oʻzgaradi).
Maktabda oʻqiydigan farzandingiz yoki oʻzingizning tugʻilgan kuningizni boshqalarnikidan farqli oʻtkazmoqchi boʻlsangiz, “Another World” yaxshi joy. Yoshlar uchun ham, kattalar uchun ham yodda qolarli tadbir boʻladi. Mana, bu yerda tugʻilgan kunlar qanday oʻtishini taxminan tasavvur qilishingiz uchun. Muhim eslatma: VR oʻyinlarni oʻynash uchun minimal 5 yoshda boʻlish zarur.
Endi VR oʻyinlarga oʻtadigan boʻlsak. Virtual reallikda 8 turdagi oʻyindan birini tanlash mumkin. Uning aksariyati shuterlar (ya'ni “otishma”). Muassasa administratorining aytishicha, koʻpchilik “Shmuter” oʻyinini tanlaydi. Bu oʻyinni jamoa holida ikkiga boʻlinib oʻynash qiziqroq, albatta. Bundan tashqari, u yerda “Safe Night”, “Colony: Code Red”, “Cubes”, “Kernel”, “Ghost Mansion”, “Island Assault” va “Space Battle” oʻyinlaridan birini tanlashingiz mumkin.
Oʻyinlarga qoʻshimcha reallik qoʻshish maqsadida arenada jiletlar ham beriladi, agar siz shuter oʻyinda oʻq yesangiz, u vibratsiya beradi va bu oʻyinni virtualdan reallikka ham koʻchiradi.
Barcha VR shlem va bronijeletlar har bir foydalanuvchidan keyin dezinfeksiya qilinadi. Ularni taqish jarayonida ham bunga guvoh boʻlishingiz mumkin. “Tozalik va mijozlarimiz sogʻligi biz uchun muhim”, — deydi muassasa ma’muri.
Arenada yana bir oʻyin bor — “Пол — это лава”. Bu oʻyinda sizga hech qanday shlemlar kerak emas, hammasi polda boʻladi. Oʻyinni 3−4 xil vazifali, ularning har birida siz oʻzingizga ajratilgan ranglarni terishingiz kerak boʻladi. Bu rangli kvadratchalarga sakragan holda amalga oshiriladi.
“Another World"da uch muhim qoida bor: shlemga teginmaslik, yugurmaslik va polga toʻlaqonli oʻtirmaslik.
Bu oʻyinlarda koʻp harakat qilingani uchun siz undan keyin charchab qolishingiz mumkin, lekin ishoning, charchoq oʻyin payti umuman sezilmaydi.
Xoʻsh, endi tepadagi ma’lumotlarni maksimal qisqartiramiz.
- “Another World” Furqat, 2 manzilida joylashgan;
- VR oʻyinlarning 1 soati 150 ming, 2 soati — 200 ming soʻm;
- 8 xil oʻyin bor;
- Eng kami 2, maksimal 30 kishi boʻlish mumkin;
- Garderob va shaxsiy buyumlarni saqlash uchun qulflanadigan joylar bor;
- Tugʻilgan kun, tadbirlar va timbildinglar uyushtirish mumkin;
- Arena har kuni 11:00 dan 00:00 gacha ishlaydi.
Koʻproq rasm quyida.