Toshkentda harbiy boʻlinmalarning piyoda paradi bo‘lib o‘tadi
Toshkent shahrining asosiy koʻchalarida 5-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi va Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya harbiy boʻlinmalarining piyoda paradi bo‘lib o‘tadi.
Qayd etilishicha, harbiy boʻlinmalarining piyoda yurishlari “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasida soat 10:30 da Faxriy qorovul jamoasi va qoʻl jangi ustalarining koʻrgazmali chiqishlari bilan boshlanadi.
Ta’kidlanishicha, “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi (Sagʻbon va Zarqaynar koʻchalari orqali) — Oʻzbekiston davlat tabiat muzeyi — “Chorsu” bozori — Toshkent sirki (Zarqaynar koʻchasi) — “Xalqlar doʻstligi” sanʼat saroyi (Oʻzbeksiton shoh koʻchasi va Furqat koʻchasi) — “Magic City” maydoni (Furqat koʻchasi) yoʻnalishi boʻylab harakatlangan harbiy boʻlinmalarning “Magic City"dagi toʻxtash nuqtasida koʻrgazmali chiqishlar, boʻlinmalarning jangovar chaqirigʻi, harbiy orkestrning difele namoyishlari ijro etiladi.
Parad munosabati bilan quyidagi ko‘chalarda 5-yanvar kuni soat 11:00 dan 13:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida avtotransport vositalari harakati vaqtinchalik cheklanadi:
- Qoraqamish-Sagʻbon koʻchalari chorrahasidan, Sagʻbon koʻchasi boʻylab KXAY-Sagʻbon koʻchalari kesishgan chorrahagacha;
- KXAY-Sagʻbon koʻchalari chorrahasidan, Sagʻbon koʻchasi boʻylab Nurafshon-Sagʻbon koʻchalari kesishgan chorrahagacha;
- Nurafshon-Sagʻbon koʻchalari chorrahasidan, Sagʻbon koʻchasi boʻylab Farobiy-Sagʻbon koʻchalari kesishgan chorrahagacha;
- Zarqaynar-Sagʻbon koʻchalari aylanma harakatidan, Zarqaynar koʻchasi boʻylab Zarqaynar-Alisher Navoiy koʻchalari kesishgan chorrahagacha;
- Zarqaynar-Alisher Navoiy koʻchalari kesishgan chorrahasidan, Furqat koʻchasi boʻylab Furqat-Islom karimov koʻchalari kesishgan chorrahagacha;
- Furqat-Islom Karimov koʻchalari kesishgan chorrahasidan, Furqat koʻchasi boʻylab Furqat-Beshyogʻoch koʻchalari kesishgan chorrahagacha.