"Erinmaganlar": Yilning ilk marafoni qanday oʻtdi?
1-yanvarni koʻpchilik uxlab oʻtkazishga oʻrgangan. Toʻgʻrisiyamda, shuncha kutilgan dam olish kunlariga boshqa reja qilish mumkinmi?! Ha, qilish mumkin ekan — buni yilning dastlabki kunidan boshlab yugurishga chiqqanlar isbotlab berdi: Toshkentdagi Botanika bogʻida an’anaviy Yangi yil marafoni boʻlib oʻtdi. Unda Afisha.uz (yugurish odatini shakllantirayotgan) muharriri Mirjalol Qosimov ham qatnashib, fotoreportaj tayyorladi.
Har Yangi yil oldidan 1-yanvar kuni haqida memlar koʻpayadi: kun boʻyi bayramdan qolgan olivyeni yeyish, sport zalga borib, sogʻlom turmush tarzini boshlab, ertasiga tashab qoʻyish va hokazo. Men esa avval ham marafonlarda qatnashgan odam sifatida 1-yanvar kungi rejalarim aniq edi — Markaziy Osiyo Yangi yil virtual marafoniga roʻyxatdan oʻtgandim.
Toʻgʻrisini aytsam, 1-yanvar kuni Botanika bogʻida buncha koʻp odam koʻraman deb oʻylamagandim, u yerda taxminan 200−300 kishi bor edi va ularning barchasi yugurishga kelgan. U yerda 4 ta masofa bor edi: 2025 metr, 7 km, 21 km, 42 km. Ammo boshqa marafonlardan farqli oʻlaroq, bu yerda hammaga bir xil yorliq berildi.
Foto: Nikolay Ten
Buni sababi oddiy, bu marafonda qatnashish uchun Botanikaga borish shart emasdi, dunyoning istalgan nuqtasidan yugurish mumkin, medallarni esa belgilangan joydan olib ketish mumkin edi. Shunday boʻlsa ham Botanika bogʻida yetarlicha odam toʻplangandi.
Foto: Nataliya Chunina
Odamlar shu yerda bayramni davom ettirardi: kimdir Qorbobo kiyimida, kimdir yuziga akvarel boʻyoqlar bilan chizdirgandi. Start chizigʻida qatnashchilarning hammasiga bayramona bosh kiyimlar qoʻshib berildi. “Issiqlik” punklarida esa choy, kofe va mandarinlardan bahramand boʻlish mumkin edi, yugurib boʻlgandan keyin ayni muddao.
Bog' boʻylab yugurish davomida ajoyib manzaraga guvoh boʻldim: oilaviy marafonchilar. Katta ehtimol, bu kichkintoyning birinchi marafoni va medali. Mimimi.
Bolalar aravachasi bilan chiqqanlar ham bor, naq ikkita bola bilan!
Foto: Nikolay Ten
Umuman olganda, marafonda barcha yoshdagilarni uchratish mumkin edi. Odamlar xush kayfiyatda, 2025-yil hisobidan ilk sogʻlom hayot qadamlarini tashlashdi. Kamiga medallar ham olishdi — qoʻshaloq bayram.
Aytgancha, mana shunday tabdbirlarni oʻtkazib yubormaslik uchun Afisha.uz'ni kuzatib boring, Telegram kanalimizga ulanib olsangiz ayni muddao.
Quyida ushbu virtual marafondan tayyorlangan fotoreportajni tomosha qilishingiz mumkin.