2025-yilda ham yanvar "anomal" boʻladimi?
Oʻzgidromet agentligi 2025-yil yanvar oyida kutilayotgan ob-havo prognozini e’lon qildi.
Ta’kidlanishicha, yanvar iqlim xususiyatlariga ko‘ra yilning eng sovuq oyi hisoblanadi, ammo u O‘zbekistonda har doim ham eng sovuq oy bo‘lavermaydi. O‘zbekiston hududining katta qismida barcha kuzatuv yillari uchun havo haroratining mutlaq minimumi (eng past qiymatlar) 23−28 daraja sovuqni, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 29−34 daraja sovuqni, Ustyurtda 39 daraja sovuqni, eng chekka janubda 18−23 daraja sovuqni tashkil etadi.
2025-yil yanvar oyining birinchi yarmida O‘zbekiston hududi bo‘yicha anomal sovuq yoki anomal iliq sharoit kutilmayapti.
Havo harorati yanvar oyi boshi uchun bo‘lgan o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘lib, kechalari -3.+2 daraja, kunduz kunlari 3−8 daraja iliq, shimolda kechalari 3−8 daraja sovuq, kunduz kunlari 0−5 daraja iliq bo‘ladi.
Keyinchalik, oyning oxirigacha harorat kechalari 3−8daraja iliqdan 3−8 daraja sovuqqacha, shimolda 10−15 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 10−15 daraja iliqdan 2 daraja sovuq-3 daraja iliqqacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.
Harorat kechalari 10−12 daraja sovuqqacha, shimolda 17−20 daraja sovuqqacha qisqa davrga pasayishi ehtimoli bor.
Oyning ayrim kunlarida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi kutilmoqda.