Endi poyezdlarda ichimliklar bepul beriladi

E’lon qilingan sana· 1 084
Endi poyezdlarda ichimliklar bepul beriladi

Temir yo‘lda yo‘lovchilarga yo‘l davomida choy, ichimlik suvi, shakar bepul beriladi, deya xabar berilmoqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” Telegram kanalida.

Ta‘kidlanishicha, bu Hukumatning “Temir yo‘l transporti sohasida davlat tomonidan tartibga solinadigan va bozor tamoyillari asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarorida belgilab qo‘yilgan.

Unga ko‘ra, quyidagilar tasdiqlandi:

  • Temir yo‘l transporti sohasida davlat tomonidan tartibga solinadigan xizmatlar ro‘yxati;
  • Temir yo‘l transporti sohasida bozor tamoyillari asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar ro‘yxati;
  • Temir yo‘l transporti sohasida isteʼmolchilarga bepul ko‘rsatiladigan xizmatlar ro‘yxati.

Bunda isteʼmolchilarga aravacha, ona va bola xonasidan foydalanish, kutish zalida Wi-Fi, nogironlar uchun aravachalar, yo‘l davomida choy, ichimlik suvi, shakar bepul taqdim etiladi.

Avvalroq avtobus, temiryo‘l va aviachiptalar uchun yagona turizm platformasi yaratilishi haqida xabar berilgandi.

Eslatib oʻtamiz, 2024-yil 15-dekabrdan 2025-yil 12-yanvarga qadar bir qator yo‘nalishlarda qo‘shimcha poyezd qatnovlari yoʻlga qoʻyiladi va vagonlar soni oshirilgan. Shuningdek, “Afrosiyob” elektropoyezdining “Samarqand — Toshkent — Samarqand” yo‘nalishida qo‘shimcha qatnovi yo‘lga qoʻyilgandi.