Emin Agalarov Chorvoqda yirik turizm markazini tashkil qiladi
“Agalarov Development” kompaniyasi (Ozarbayjon) Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan Chorvoq suv ombori qirg‘og‘ida “Sea Breeze Uzbekistan” xalqaro sayyohlik markazini qurishni rejalashtirmoqda. Loyihani Emin Agalarovning (u musiqa olamida Emin taxallusi bilan ham tanilgan) oʻzi prezidentga namoyish qildi.
Loyihaga ko‘ra, markazda dam olish maskanlari, plyajlar, sport maydonchalari, mehmonxonalar, kottejlar va turar-joy majmualari boʻladi. Shuningdek, xalqaro brendlar do‘konlari, restoranlar va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini ochish rejalashtirilgan. Bu yerda turli festivallar, konsertlar, madaniy tadbirlar o‘tkaziladi. Ikki qirgʻoq koʻprik bilan bogʻlanadi.
Kelajakda markaz yil davomida dam olish va yashash imkoniyatiga ega bo‘lgan noyob sayyohlik markaziga aylanadi.
“Agalarov Development” kompaniyasi prezidenti Emin Agalarov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida qurilish loyihasi tafsilotlari haqida gapirdi. Uning aytishicha, yangi mavsumiy dam olish maskani 5−7 million kvadrat metr (500−700 gektar) maydonda joylashgan.
“Kurort shaharchasi va „Sea Breeze“ konseptual jihatdan ulkan kurort. Bu yerda odamlar yil davomida ham yashashi, ham dam olishi, shuningdek, ko‘chmas mulk sotib olishi va ijaraga berishi mumkin bo‘ladi. Bu maskanda bolalar uchun maktab, akvapark, istirohat bog‘lari barpo etiladi. Bundan tashqari, suv va qishki sport turlari bilan shug‘ullanish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, musiqa festivallarini o‘tkazish rejalashtirilgan”, — dedi Emin.
Dam olish maskani suv omborining ikki qirg‘og‘ida joylashgan bo‘ladi: janubiy qismi Yusufxona qishlog‘i yaqinidagi burni bo‘ylab, shimoliy qismi esa Yakkatut va Boladala aholi punktlari oralig‘idagi hududda. Sohillarni uzunligi kamida bir kilometr bo‘lgan yangi ko‘prik bilan bog‘lash rejalashtirilgan.