Avtobus, temiryo‘l va aviachiptalar uchun yagona turizm platformasi yaratiladi

E’lon qilingan sana· 121
Avtobus, temiryo‘l va aviachiptalar uchun yagona turizm platformasi yaratiladi

O‘zbekistonda 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab Milliy turizm yagona platformasi sinov tariqasida ishga tushiriladi. Bu Vazirlar Mahkamasining “Turizm sohasini raqamlashtirish va turistik xizmatlarni yagona platformaga birlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaror ida ko‘zda tutilgan.

Hujjatga muvofiq, platformada avtobus, avia va temiryo‘l chiptalari, madaniy meros obyektlari, muzeylar va boshqa diqqatga sazovor joylarga kirish chiptalarini xarid qilish imkoni yaratiladi.

Platforma 2025-yil 1-dekabrdan boshlab to‘liq ishlga tushadi.

Bundan tashqari, platformaga quyidagilarni kiritish rejalashtirilmoqda:

  • sayyohlarga joylashtirish vositalarini onlayn band qilish va baholash;
  • respublikadagi turoperatorlar va turagentlar xizmatlari, shu jumladan, sayyohlarga gid, gid-tarjimon, yo‘riqchi-yo‘l boshlovchi, ekskursiya yetakchilari xizmatlaridan foydalanish;
  • xalqaro va milliy to‘lov tizimlari orqali turistik xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish;
  • turizm sohasiga oid statistik hisobotlarni yuritish va real vaqt rejimida tahlil qilish.

Shuningdek, mazkur dastur orqali yo‘nalishsiz taksi va avtotransport vositalari ijarasi xizmatlaridan foydalanish ham mumkin bo‘ladi.

Milliy turizm yagona platformasini ishlab chiqish, texnik qo‘llab-quvvatlash va takomillashtirib borish Turizm qo‘mitasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Platforma operatori qonunchilikda belgilangan tartibda xarid qilish tartib-tamoyillari natijalariga ko‘ra tanlab olinadi. Operator ma’lumotlarining 14 ta xorijiy tilga tarjimasini ta’minlab borishi kerak.

Dasturda joylashtiriladigan ma’lumotlar bazasi mutasaddi vazirlik va idoralarga tegishli axborot tizimlari va ma’lumotlar bazasi bilan integratsiyalashgan holda yuritiladi.