Oʻzbekistonlik tikuvchi BBC'ning dunyoni ruhlantiruvchi 100 ayoli roʻyxatidan joy oldi

E’lon qilingan sana· 207
Oʻzbekistonlik tikuvchi BBC'ning dunyoni ruhlantiruvchi 100 ayoli roʻyxatidan joy oldi

BBC nashri dunyo bo‘ylab katta ta’sirga ega va ilhomlantiruvchi 100 nafar ayolning ro‘yxatini e’lon qildi. Nobel mukofoti sovrindori, zo‘ravonlikka qarshi faol, aktrisa, olimpiyachilar qatorida Surxondaryoning Denov tumanidagi tikuvchi, tadbirkor Dilorom Yo‘ldosheva ham undan joy oldi.

Nashr bergan ma’lumotga ko‘ra, 2022-yilda Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi Dilorom Yo‘ldosheva o‘rim-yig‘im paytida baxtsiz hodisa tufayli ikki oyog‘idan ayrilgan. U yangi kasb-hunarlarni o‘rganish barobarida pul topishlari uchun o‘zbekistonlik yosh xotin-qizlarga ham ko‘maklashmoqchi bo‘lgan, shu bois o‘zining tikuvchilik biznesini ochishga qaror qilgan.

“U tadbirkorlik va resurslarni boshqarish asoslarini o‘rgandi. 40 dan ortiq shogird tayyorladi. Bir necha oyning o‘zida biznesi sezilarli darajada o‘sdi. Bepul mashg‘ulotlar o‘tkaza boshladi. Ishchilar va maktab o‘quvchilari uchun kiyim-kechak ishlab chiqarish bo‘yicha shartnomalar tuzdi. O‘shandan beri uning biznesi o‘zi va boshqa o‘nlab ayollar uchun daromad manbaiga aylandi”, — deya keltiriladi ayolga berilgan ta’rifda.

Gazeta.uz'ning qoʻshimcha qilishicha, Adliya vazirligi ushbu Dilorom Yo‘ldosheva haqida “Matonat” nomli film ishlagan. Unda ayolning matonati haqida hikoya qilish barobarida bu hayotda imkonsiz narsaning o‘zi yo‘qligini ko‘rsatiladi.