"Osh boʻlsin": Kutilmalar vs reallik — "Plov City" osh markazi haqida

E’lon qilingan sana· 459
"Osh boʻlsin": Kutilmalar vs reallik — "Plov City" osh markazi haqida

“Plov City” osh markazining ochilganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, Toshkentning ikki chekkasida, xususan, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Parkent bozori yaqinida va Chilonzor tumanidagi Farhod bozori atrofida filiallar ochishga muvaffaq bo‘ldi. Oʻz oshlari, oʻziga xos servisi va qulay joylashuvi bilan koʻpchilikning yodida qolishga ulgurgan kafe hozirda ham koʻplab mijozlarga xizmat koʻrsatib kelmoqda.

Afisha.uz muharrirlari “Osh bo‘lsin” rukni uchun navbatdagi manzil sifatida 2020-yilda ochilgan va hozirgacha faoliyat ko‘rsatib kelayotgan “Plov City” osh markazini tanladi. Quyida ushbu kafe haqida so‘z boradi.

“Plov City” 11:00 dan 23:00 gacha faoliyat yuritadi. Parkent bozori yaqinidagi filial uch qavatdan iborat. Bundan tashqari, ko‘chada ham stol-stullar bo‘lib, istalgan paytda joy topa olishingiz mumkin. Shaxsiy tavsiya — ikkinchi qavatdan joy olish kerak.

Kafega kirishda sizni milliy kiyimlardagu xushmuomala ishchilar kutib oladi va joylarni taklif qiladi. Bu yerga xo‘randalar odatda osh yegani tashrif buyursa-da, kabob va somsa kabi boshqa milliy taomlar ham taklif etiladi. “Osh boʻlsin” ruknini boshlaganimizdan beri, bizni mana shunday kafelarda menyu taklif etilmasligi hayratga solmoqda. “Plov City"ning Instagram sahifasida ham menyuni topa olmadik.

Ushbu osh markazida yetkazib berish xizmati ham bor. Buni “Plov City"ning Telegramdagi boti orqali amalga oshirish mumkin. Ana shundagina siz menyu bilan toʻliq tanishish imkoniyatiga ega boʻlasiz.

“Plov City"da oshning uch xil turi tayyorlanadi. Bular, choyxona palov, to‘y oshi hamda zig‘ir yog‘idan tayyorlangan osh bo‘lib, biz uning ikki xilidan, xususan, zig‘ir va choyxona palovlaridan buyurtma berdik.

Bundan tashqari, kafe keng turdagi salatlarni taklif etadi. “Osh oshdek bo‘lishi uchun” uning yoniga achiq-chuchuk, choy, non hamda gazli ichimlik ham aytdik. Choyxona palov juda tez, 3−4 daqiqada olib kelindi. Zig‘ir oshini esa 10 daqiqacha kutib qoldik. Afsuski shunda ham osh sovuq holatda keldi.

Toʻgʻrisini aytganda, biz uchun olib kelingan zigʻir oshining koʻrinishiga qarab ham uning qanday ekanini taxmin qilish qiyin emasdi. Bu payta guruchning rangi koʻp narsani aytib turadi. Shuningdek, oshning yogʻi koʻp, shunga qaramay quruq. Goʻshtlarida esa osh uchun begona boʻlgan gʻayrioddiy shirali ta’m mavjud. Umuman olganda, tavsiya etilmaydi.

Zigʻir oshining fonida esa choyxona palovni bemalol yaxshi deyish mumkin. Bu yerda oshning portsiyasi odatdagi kafelardan kattaroqqa ham oʻxshaydi. Choyxona palovdagi jizza va sarimsoq qoʻshimchasi ishtahani ochadi. Goʻshtning biroz qattiq boʻlib qolgani va sarimsoqning yaxshi pishmaganini esa kechirish mumkin.

Osh markazining Telegram botida quyidagi narxlar keltirilgan:

  • zigʻir oshi — 39 000 soʻm / 37 000 soʻm;
  • toʻy oshi — 39 000 soʻm / 37 000 soʻm;
  • choyxona oshi — 39 000 soʻm / 37 000 soʻm.

“Plov City” osh markazi poytaxt aholisi orasida ancha mashhurlikka erishgan boʻlsa-da, hali rivojlanishi, oʻzgartirishi va yaxshilinishi mumkin boʻlgan jihatlari bisyor. Agar siz turli tuman oshlarni tatib koʻrish va ularni solishtirishni yaxshi koʻrsangiz ushbu kafe bir marta tashrif buyurishga, albatta, arziydi.

Osh markaziga murojaat uchun telefon raqamlari: (+998) 55−501−1110; (+998) 99−044−1110.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov