"Sputnik"dagi "yogʻoch uylar" buzilib, aholi yangi xonadonlarga koʻchiriladi
Toshkent shahrining Yangihayot tumanidagi “Yo‘ldosh” massivida (“Sputnik” nomi bilan mashhur) renovatsiya dasturi doirasida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari olib borilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Tashkent Invest xabar berdi.
Rejaga koʻra, rekonstruksiya loyihasi 2027-yilgacha 24 gektar maydonda amalga oshiriladi.
Shahar xaritasida Yo‘ldosh massivi.
Shuningdek, hududda yashash uchun yaroqsiz bo‘lgan 409 ta ikki qavatli yog‘och uy borligi ma’lum qilingan. Mazkur uy-joylar aholisi uchun “Gulshanobod” mahallasida “Yangi mahalla” turar-joy majmuasi quriladi.
“Gulshanobod” mahallasi Toshkent xaritasida.
“Yog‘och uylar” o‘rnida 13 ming 392 xonadondan iborat 16 qavatli 93 ta uy qurilishi rejalashtirilgan. Yangi uylar yonida 1 ming 600 o‘rinli maktab, 600 o‘rinli bog‘cha va sun’iy ko‘l boʻlgan infratuzilma yaratish rejalashtirilgan. Uylarning birinchi qavatlarini yashash uchun mo‘ljallanmagan, maishiy xizmat ko‘rsatish zonalari, yer usti va yer osti avtoturargohlariga aylantirish koʻzda tutilgan.