Oʻzbekistonda "Lavka" oziq-ovqat yetkazib berish xizmati ishga tushirildi

E’lon qilingan sana· 672
Oʻzbekistonda "Lavka" oziq-ovqat yetkazib berish xizmati ishga tushirildi

“Yandex Uzbekistan” yangi “Lavka” tezkor oziq-ovqat yetkazib berish xizmatini ishga tushirdi. Ta’kidlanishicha, yangi xizmat shahar uchun mo‘ljallangan Yandex Go ilovasini to‘ldiradi.

Buyurtmalar Nukus, Arnasoy ko‘chalari va Chilonzor massivida joylashgan uchta darkstor ― kichik omborlar orqali yetkazib beriladi. Ular har biri darkkitchenlarga ― yetkazib berishdan oldin issiq ovqatlar tayyorlanadigan oshxonalarga ega. Hozirda bir necha turdagi xot-doglar, burgerlar va issiq gazaklar taklif qilinmoqda.

“Lavka” xizmatidan ponchiklar, milksheyklar va issiq qahva ham sotib olish mumkin. 2025-yil oxiriga qadar “Lavka” Toshkent shahrida yana 12 ta darkstor ochishni rejalashtirgan.

“Yandex Lavka” mahalliy korxonalar bilan faol hamkorlik qiladi: xizmatdagi mahsulotlarning asosiy qismi mahalliy ishlab chiqaruvchilarniki bo‘lib, bu ko‘rsatkich yanada ortib boraveradi, deyiladi xabarda.

Kuryerlar buyurtmalarni piyoda, velosipedda (shu jumladan elektr velosipedlarda) yoki avtomobilda yetkazib berishadi.

“Xizmatning ish boshlashi bilan 160 dan ortiq ish o‘rinlari paydo bo‘ladi, 2025-yil oxiriga qadar yangi omborlar ochilishi bilan yana 500 dan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi. Har bir darkstorda dam olish zonasi ham mavjud”, — dedi “Yandex Uzbekistan” rahbari Izzat Shukurov.

Yangi foydalanuvchilar uchun “Lavka"da birinchi buyurtmaga chegirma taqdim etiladi. Shuningdek, birinchi uchta buyurtma bepul yetkazib beriladi.