Foto: Olmaotadan Toshkentga boradigan ilk turistik poyezd kutib olindi
“Olmaota — Turkiston — Toshkent — Olmaota” yo‘nalishi bo‘yicha qatnovchi dastlabki turistik reys 18-noyabr kuni Oʻzbekiston poytaxtiga yetib keldi. Bu haqda Turizm qoʻmitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent markaziy vokzalida “Jibek joʻli” birinchi turistik poyezdining tantanali kutib olish marosimi boʻlib oʻtgan. Marshrut Turkiston va Toshkentdagi diqqatga sazovor joylariga sayohatni oʻz ichiga oladi.
Ta’kidlanishicha, 4 kunlik xalqaro temiryo‘l sayohati sayyohlarga qadimiy shaharlar atmosferasini his qilish va Buyuk Ipak yo‘li izlari bo‘ylab sayohat qilish imkonini beradi. Sayyohlar Turkiston shahrida 1 kun, Toshkentda esa 2 kunni oʻtkazadi.
“Birinchi sayohat test rejimida ishga tushirilgan boʻlib, hozircha aniq narx koʻrsatilmagan. Tez orada turning narxi belgilanadi va xabar beriladi”, — deya ma’lumot berdi Turizm qoʻmitasi Afisha.uz'ga.
Tur dasturiga gid hamrohligi, ovqatlanish, transport xizmatlari va kirish chiptalari kiritilgan. Sayohatchilar Markaziy Osiyoning eng qadimiy shaharlaridan biri — muhim savdo tarmog‘i bo‘lgan O‘trorni ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.
Sayohat dasturidan Ariston-bobo maqbarasi, “Hazrat Sulton” tarixiy-madaniy qo‘riqxona-muzeyi, Markaziy Osiyodagi eng yirik “Karvonsaroy” sayyohlik majmuasiga tashrif buyurish ham o‘rin olgan.
Toshkentda ekskursiya ishtirokchilariga nafaqat tarixiy joylar, balki shaharning zamonaviy taraqqiyoti bilan ham yaqindan tanishish imkoniyati yaratiladi.
“Jibek joʻli” poyezdi beshta vagondan, to‘rtta kupe va bitta vagon-restorandan iborat boʻlib, yo‘lovchilarga uch mahal ovqat beriladi. Poyezdda sayohat davomida turli hordiq chiqarish tadbirlari, jumladan, shaxmat, UNO kabi stol o‘yinlari va sayyohlar uchun sovrinli lotereyalar tashkil etiladi.