Toshkentning 86 ta hududida, jumladan, Amir Temur xiyobonida pulli avtoturargohlar paydo bo‘ladi
E-auksion platformasida poytaxt ko‘chalarida pulli avtoturargohlarni boshqarish huquqi bilan ijaraga berish to‘g‘risida e’lon joylashtirildi. Bunga Spot nashri e’tibor qaratdi.
Maydonlarning katta qismi Mirobod (71,9 ming kvadrat metr), Yakkasaroy (36,5 ming kvadrat metr), Sergeli (29,5 ming kvadrat metr), Shayxontohur (27,8 ming kvadrat metr) va Olmazor (26,7 ming kvadrat metr) tumanlariga to‘g‘ri keladi.
Toshkent shahrining barcha tumanlarida jami 262,8 ming kvadrat metr maydon auksion savdolariga qo‘yildi:
- poytaxtning markaziy qismida — Amir Temur xiyoboni, Movarounnahr, Amir Temur, Istiqlol, Yahyo G‘ulomov, O‘zbekiston ovozi, Istiqbol, Sodiq Azimov, Taras Shevchenko, Shahrisabz, Yakkachinor, Shastri, Mahatma Gandi, Hamid Olimjon, Chexov, Qorabegi, Lashkarbegi, Qori Niyoziy, Matbuotchilar va boshqa ko‘chalar;
- Mirzo Ulug‘bek tumanida — Maxtumquli ko‘chasi;
- Yunusobod va Yakkasaroy tumanlarida — Niyozbek 3-tor ko‘chasi, Niyozbek, Osiyo, Usmon Nosir, Shota Rustaveli, Glinka, Bratislava, Oloy bozori koʻchalari;
- Uchtepa va Chilonzor tumanlarida — MKAD, Farhod, Lutfiy, Choʻpon-ota, Muqimiy, Qatartol, Chilonzor, Arnasoy, Yesenin ko‘chalari;
- Sergeli va Yangixayot tumanlarida — Yangi Sergeli, Tursunzoda, Shokirariq, Islom Sattorov, Qipchoq, Qoʻrgʻontepa, Birodarlik, Mehrigiyo, Qoʻyliq-5, Lutfkor, Mirzo Tursunzoda, Abdulla Qodiriy koʻchalari;
- Olmazor va Shayxontohur tumanlari — Labzak, Sebzor, Gulobod, Forobiy, Beltepa, Qoraqamish, Qorasaroy, Shimoliy Olmazor, Yangi Olmazor, Beshqayrog‘och, Shifokor, Zulfiyaxonim, Laylito‘g‘on ko‘chalari, Nurafshon, So‘g‘lom koʻchalari, Bunyodkor ko‘chasining 4−8-uylar oralig‘i;
- Bektemir tumanida — Husayn Bayqaro ko‘chasi, Rohat doirasi;
- Mirobod tumanida — Yangi Quylyuk, Mirobod, Fidokor, Said Baraka, Moshtabib, Zarafshon, Buxoro, Nuroniylar, Yakuba Kolas, Avliyo ota ko‘chalari;
- Yashnobod tumanida — Ohangaron shossesi, Aviasozlar massivining birinchi kvartali, Quyi Tolaroq, Sivtsa, Quruvchilar, Toʻytepa, 6-Birlashgan dovoni, Parkent, Iltifot koʻchalari.
Bo‘lajak ijarachilarga to‘xtash joylarini jihozlash, parkomatlar va harakatni tashkil etish vositalarini, shuningdek, kommunikatsiya hamda aloqani o‘rnatish uchun kamida 5 000 000 dollar (64 487 850 000 so‘m) sarmoya kiritish sharti bilan 36 oyga ijaraga olish taklif etiladi.
Bunda, ijarachi avtoturargohlardan tushgan tushumning kamida 8,33 foizini Toshkent shahar yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasiga beradi. Shuningdek, u avtomobil egalari uchun kecha-yu kunduz ochiq bo‘lgan to‘xtash joylaridan maqsadli va qonuniy foydalanishni nazorat qilishi kerak bo‘ladi.