Toshkent ta'mi: 15 yillik "Minor somsa" haqida
Oʻzbekistonliklar iste’mol qiladigan taomlar orasida somsa alohida oʻringa ega. Toshkent aholisi orasida esa “Minor somsa” nomi bilan mashhur boʻlgan yemakxonalar tarmogʻi mavjud boʻlib, 2009-yildan beri xizmat koʻrsatib kelmoqda. Afisha.uz muharrirlari ushbu somsalarni ta’tib koʻrish uchun “Minor” masjidi yaqinidagi oʻsha mashhurfilialga tashrif buyurdi.
Ma’lumot uchun, Toshkent shahrida hozirgacha “Minor somsa"ning bir qator, xususan, Kadisheva, Infinity, Osiyo va Malika filiallari mavjud. Biz tashrif buyurgan Malika filiali tongi soat 07:00 dan tungi 23:00 gacha faoliyat olib boradi. Ushbu vaqt orasida Minor somsalaridan topish mumkin.
Biz bu ovqatlanish maskaniga tushlik paytida bordik va uzun navbatning guvohi boʻldik. Navbat toʻgʻri boʻlmasa-da (kafe oldidagi daraxt sabab navbat oval shaklida), juda tartibli edi. Shu sababdan boʻlsa kerak taomni olish uchun uzoq vaqt kutib qolamiz, deya oʻylashimizga qaramay, hisobimizga koʻra navbatimiz 13 daqiqada keldi. Buning uchun tezlik bilan harakat qilayotgan kafe sotuvchilariga ham rahmat aytmay ilojimiz yoʻq.
Yoz faslida “Minor somsa” Boʻzsuv kanalining yonida, “Minor” masjidining roʻparasida joylashgan edi. U vaqtda suv boʻyidagi kafe salqinlikni ta’minlardi. Hozir kunlar sovugach, kafe yoʻlning bu tomoniga, suvdan uzoqroqqa koʻchgan. Tashqarida ham, ichkarida ham oʻtiradigan joylar mavjud, ammo tigʻiz vaqtlarda ichkaridan boʻsh joy topish qiyin.
Navbat kutish vaqtida 2 dona somsa olib ketayotgan odamlardan tortib, togʻora-togʻora somsa xarid qilayotgan kishilargacha koʻzimiz tushdi.
Somsa oʻzining yumshoq xamiri, sersuv va ziravorlari me’yorida ekanligi bilan alohida ajralib turadi.
Xoʻsh, endi asosiy qismga oʻtsak, ya’ni narxlar:
- goʻshtli somsa (bir donasi) — 12 000 soʻm;
- tovuqli somsa (bir donasi) — 8000 soʻm;
- qovoqli somsa (bir donasi) — 8000 soʻm;
- choy — 5000 soʻm;
- sous — 6000 soʻm.
Kafening ish vaqtini hisobga olsak, bu yerda nonushtada ham, tushlikda ham, kechki ovqat vaqtida ham Toshkent “vayb"ini berishi mumkin boʻlgan somsalardan tanovul qilishingiz mumkin.
Murojaat uchun telefon raqamlari: (+998) 97−734−1370; (+998) 71−234−1370.