Ayrim shaxslarga temir yo‘l transporti va avtobus uchun bepul chiptalar beriladi

E’lon qilingan sana· 579
Ayrim shaxslarga temir yo‘l transporti va avtobus uchun bepul chiptalar beriladi

Oʻzbeksitonda endi o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga temir yo‘l transporti yoki shaharlararo avtobus uchun bepul chiptalar beriladi. Bu 4-oktabrda imzolangan hukumat qarorida belgilandi.

Unga koʻra, ushbu imtiyoz o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga bir yilda bir marta beriladi.

Bu poyezd yoki shaharlararo avtobus harakati uchun amal qilib, borish va qaytish uchun bepul chipta olishda istalgan transport turidan foydalanilishi mumkin. Ularni kuzatib borayotgan bir nafar fuqaroga ham borish-qaytish uchun bepul chipta olish imkoni beriladi.

Yolg‘iz va yolg‘iz yashovchi qariyalar hamda birovning parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslar reyestri “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida yuritiladi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari"ning vakolatli bo‘linmalari, avtovokzallar mansabdor shaxslariga bir oy ichida mazkur reyestrdan foydalanish imkoniyati ochiladi. Bepul temir yo‘l yoki shaharlararo avtobus chiptalari reyestr asosida beriladi.

Bepul yo‘l chiptasini rasmiylashtirish uchun yolg‘iz shaxs, shuningdek, parvarishga muhtoj keksalar va imkoniyati cheklanganlar mas’ul xodimga pasport yoki ID-kartasini taqdim etishi kerak.