Dolchinli bulochkalar dunyosi: "Cinnabon" pishiriqxonasi haqida
![Dolchinli bulochkalar dunyosi: "Cinnabon" pishiriqxonasi haqida](/uploads/media/2024/11/0c7b65af3717513d2cc5d73d6d950524_l.jpg)
Mart oyida xorijiy investor Cenomi Group O‘zbekiston bozoriga eng mashhur gazak brendlaridan biri boʻlgan “Cinnabon"ni olib kirdi. U poytaxt markazidagi “Seoul Mun” savdo markazida joylashdi.
“Cinnabon” — 1985-yilda tashkil etilgan dolchinli bulochkalar va qaymoqli pishloq sotadigan pishiriqxona tarmog‘i. U Amerikaning “Focus Brands” kompaniyasiga qarashli hisoblanadi. Ushbu franshiza brendi ostida 50 ta mamlakatda 1600 ga yaqin muassasalar faoliyat yuritadi.
Afisha.uz muharrirlari ushbu pishiriqlarni tatib koʻrish maqsadida “Cinnabon"ga tashrif buyurdi.
Kelishimiz bilan bizni ayniqsa quvontirgan narsa — bu oʻzbek tilidagi peshlavhalar va menyu edi. Toshkent shahrida buni kamdan kam uchratish mumkin. Shu sababli, “Cinnabon” ma’muriyatiga alohida tashakkur.
Mazkur pishiriqxona Boʻrijar kanalining chap qirgʻogʻida joylashgan. Istasangiz ichkarida, istasangiz tashqarida, oqar suv manzarasida oʻtirishingiz mumkin. Biz ikkinchi variantni ma’qul deb topdik.
Joy nomidan ham ma’lumki, bu yerda mashhur dolchinli bulochkalar — sinnabonlar (cinnabon) dunyosiga tushasiz.
Sinnabonlarning bir qancha turlari taklif etiladi: klassik, shokoladli yoki karamelli. Ularni oʻzingizga qulay portsiyada xarid qilishingiz mumkin: butun, yarim yoki 5 ta mayda boʻlakchalarga boʻlinganlari taklif etiladi.
Buyurtmamiz juda tez, isitilib, yeyish oson boʻlishi uchun sanchqi va pichoq bilan berildi. Qoʻshimcha ravishda choy ham oldik. Karamelli sinnabon bizga juda yoqdi, oʻta shirin ham emas, quruq ham emas. Kremli shirinliklarni yoqtiradiganlar manzur keladi. Ikki kishilik hisob — 62 000 soʻm boʻldi.
Agar koʻpchilik boʻlib kelgan boʻlsangiz, maxsus setlarga ham buyurtma berishingiz mumkin.
Xoʻsh, endi asosiy qismga oʻtsak, ya’ni narxlar:
- klassik sinnabon — 29 000 soʻmdan 39 000 soʻmgacha;
- shokoladli sinnabon — 35 000 soʻmdan 45 000 soʻmgacha;
- karamelli sinnabon — 39 000 soʻmdan 49 000 soʻmgacha.
Setlar esa 139 000 soʻmdan 279 000 soʻmgacha. Bulochkalar miqdoriga qarab belgilanadi.
Bundan tashqari, kofening deyarli hamma turlarini topasiz. Chillatta nomli mevali ichimlklar ham bor.
Ish yoki oʻqishdan soʻng, dam olish kunlari oilaviy sayr paytida borib, “bir finjon qahva ustida” degan ibora singari, sinnabonlardan bahramand boʻlishlik joy. Oqar suvni tomosha qilib, issiqina choy bilan hordiq chiqarishga nima yetsin?
![Nozima Xoshimova](/uploads/staff_member/avatar/3a9c2a44.jpg)
![Mirjalol Qosimov](/uploads/staff_member/avatar/5e8aed0d.jpg)