Turkcha street food Toshkentda: "Balikçi Ahmet Usta"dagi baliq-durum haqida
So‘nggi paytlarda Istanbulga tashrif buyuruvchi sayyohlar orasida non o‘rniga lavashga o‘ralgan maxsus turdagi baliq-ekmek ommalasha boshladi. Ushbu taomni baliq-durum, ya’ni lavashli baliq deb atashadi. Unga qovurilgan qalampir hamda anor sousi ham qo‘shiladi.
Toshkentda ham xuddi shu turdagi baliq durumni pishiradigan yangi “Balikçi Ahmet Usta” nomli joy ochildi. U “Seoul Mun” savdo-markazining chap qirgʻogʻida joylashgan. Kiraverishda ushbu shoxobchani darrov koʻrasiz.
Odatda bu yerda odamlar qurshab olgan katta navbatlar boʻladi. Biz soat 16:30da borganimizda nisbatan tashrif buyuruvchilar kamroq edi. Shu sababli bemalol tanovul qilishga imkon boʻldi.
Baliq-durumga lavash, skumbriya, koʻkatlar, ziravor va maxsus souslar qoʻshiladi. Ushbu taomni tatib koʻrgan muharririmizga durum hech qanday mayonez va ketchupsiz qilingani juda yoqdi.
Mazasi jihatdan ham yoqimli. Mol va tovuq goʻshtli lavashlarga qaraganda ancha yengil hazm boʻladigandek tuyuldi. Parhezbop deyish ham mumkin. Lekin bu ham ta’bga qarab, selli (сочный) goʻsht solingan lavashlarni yoqtiradiganlarga baliq-durum biroz “quruq” tuyulishi mumkin.
Bitta baliq-durum narxi — 50 000 soʻm. U bilan birga turkcha bardak choy, Coca-Cola, Sprite yoki Fanta olish mumkin.
Ushbu joyning yana bir afzalligi — Boʻrijar kanalining qirgʻogʻida joylashganligi desa boʻladi. Durumni olib, bardak choy bilan suv boʻyida, sokin atmosferada (goʻyo Bosfor boʻyida oʻtirgandek) hordiq chiqarish mumkin.
“Balikçi Ahmet Usta"ning ikkinchi filiali “Chimgan EcoBozor"da joylashgan. Yetkazib berish xizmati ham bor.